Adashgan maktub
Men 4-sinfda o‘qiyman. Akam 6-sinf. Uni hamma to‘polonchi, deydi. Lekin ularning hech biri akamning mehribonligini bilmaydi. Onamga aslo og‘ir ko‘tartirmaydi. Menga esa, qiz bola o‘zini ehtiyot qilishi kerak, deydi kattalardek.
Akamning sinfida ota-onalar majlisi bo‘lsa, onam ko‘ziga yosh oladi:
– Yana boshimni egib o‘tiramanmi?
Akam indamaydi.
– Ayt, boshqa bolalardan nimang kam?!.. Yaxshi o‘qisang, odobli bo‘lsang deb orzu qilaman, – onam qo‘lining ustiga boshini qo‘yib jim qoldi. Yig‘ilishga bormadi. Ertasi kuni edi. Odatdagidek akamning sinf rahbari Gulzuhra opa meni chaqirdi.
– Oying bilan qo‘shninglar Nurbekning onasi majlisga kelmadi, – dedi. – Mana bu xat onangga, bunisi Nurbekning oyisiga! Shaxsan o‘zlariga ber, – ular shoshgancha daftarlar solingan chiroyli sumkasini ko‘tarib sinfdan chiqib ketdi.
Go‘yo xayolimga shamol qamalib qolganga o‘xshardi. Xatni olib borsam, onamning kayfiyati qanday bo‘ladi? Unda nimalar yozilgan ekan? Bo‘sh sinf xonasiga kirib Nurbekning oyisiga yozilgan xatni ochdim: “O‘g‘lingizning o‘qishi kun sayin o‘zgaryapti. Bu ketishda a’lochilar safidan joy olishi turgan gap. Sinfdoshlari bilan munosabatiga hammaning havasi keladi. Sizdan iltimosim agar o‘g‘lingiz xorijiy til o‘rganishga ham astoydil kirishsa, kelajakda o‘z yo‘lini topib ketishiga juda-juda ishonaman…”
Yuragim urib ketdi. Qaniydi mening oyimga ham shunday xat yozgan bo‘lsa. Oyimga deb berilgan maktubni ochdim-u… yopdim. Xayolimga kelgan fikrdan quvonib ketdim. Nurbekning oyisiga berilgan xatni chiroyli qilib ko‘chirdim. Oyimga berilgan xatni mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lib yashirdim. Va o‘zim yozgan xatni qo‘shnimizga olib kirib berdim. Ustozning xatini esa oyimga tutqazdim. Ularning yonida o‘tirgan akam endigina ovqatga qo‘l urgan ekan. Menga bir qaradi-da, ovqatdan qo‘lini tortdi.
– Yana nima shikoyat ekan? – oyim bir zum xatni ochmay o‘ylanib turdi. Keyin, – ustozingni gaplarini quloqlaring bilan eshit, – deb ovoz chiqarib o‘qiy boshladi. – Ko‘zlarimga ishonmayman, – dedi onam. Akam bir menga, bir onamga qarardi. Onam akamni bag‘riga bosdi-da, – meni kechir o‘g‘lim. Seni shunchalik o‘zgarganingni sezmaganimni qara, – dedi.
Akam xonasiga kirib ketdi. Allamahalgacha xonasining chirog‘i o‘chmadi. Bu hol har kuni takrorlanadigan bo‘ldi. Gulzuhra opa meni ko‘rib akangdan xursandman, dedi. Oyimning quvonchini ko‘rsangiz edi. O‘quv yili yakunlanayotganda kutilmagan voqea bo‘ldi. Akam yaxshi o‘qiganligi uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan edi. Yana inglizcha, ruscha lug‘atlar ham sovg‘a qilishibdi.
Men yashirgan xat bo‘laklarini yanayam maydalab socha boshladim.
Gulchehra ShOMALIKOVA