Ulkan bunyodkorlik ishlari kino tasmalariga muhrlanganda

Qaysidir bir g‘oyani ilgari surish, uni keng xalq ommasiga targ‘ib qilish uchun yillar sarf etiladi. Lekin shunday bir san’at turi borki, uning yordamida istalgan g‘oyani inson qalbiga bir necha lahzada qadab qo‘yish mumkin. Bu san’at turini biz kino deb ataymiz.

Ahamiyat berganmisiz, sevimli filmlarni har gal qayta tomosha qilganingizda undan yangicha, mazmun topasiz. Filmda tasvirlangan davr odamlari, yashash sharoiti, manzarasi ko‘z oldimizda gavdalanadi va qalbimizga muhrlanadi. Ma’naviy olamimizni boyitadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, san’atning bu turi g‘oyalarni targ‘ib etishda, tomoshabin ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Sobiq Ittifoq davrida suratga olingan aksariyat filmlarda ham buni ko‘rish, kuzatish mumkin: hatto biz uchun qadrli bo‘lgan kinokartinalarda ham…

O‘zbek kinosining ajoyib durdonasi “Mahallada duv-duv gap” filmini tomosha qilmagan vatandoshimizning o‘zi bo‘lmasa kerak. Filmda tasvirlangan voqealar, qahramonlarning dialoglari el orasida so‘zlashuv iborasiga aylanib ketgan.

Xo‘sh, ushbu film zamirida sobiq tuzumning qanday g‘oyalari aks etgan? Film voqealari Toshkentning eski shahar qismida zamonaviy binolar qurilayotgan bir paytda sodir bo‘ladi. Demak, kartina fonida sobiq Ittifoqning “ulkan bunyodkorlik ishlari” namoyon bo‘ladi. Tor va ovloq eski shahar ko‘chalari, pastqam devorli uylar bo‘rttirib ko‘rsatiladi.

O‘zbek xalqi serfarzand oilalardan tarkib topgan (ayniqsa, o‘sha davrlarda). Filmda tasvirga olingan oilalarning barchasida yo bir o‘g‘il, yo bir nafar qiz aks ettirilgan. Bunda ham rus oilasi an’anasiga urg‘u berilgandek go‘yo…

Mayli, har qanday holatda ham ushbu kartina xalqimiz olqishiga sazovor bo‘lgan, qalbidan joy olgan filmdir. Aslida biz mavzuga mantiqan boshqacha nazar tashlamoqchimiz…

Yurtimiz mustaqillik yillarida zalvorli yo‘lni, baland dovonlarni oshib o‘tdi. Barcha sohalarda ulkan marralarni zabt etdi. O‘zbekiston iqtisodiyoti eng tez sur’atlar bilan o‘sayotgan mamlakatlar ro‘yxatida yetakchi o‘ringa ega. Bugun esa yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdik. Yurtimizdagi qurilish jarayoni ham bevosita iqtisodiyotning yuksalayotganidan darak.

Poytaxtning Sergeli tumanida istiqomat qilganim bois tumanimizda qad rostlayotgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi jarayoniga har kuni guvoh bo‘laman. U yerda erta tongdan, yarim tungacha, qishni-qish, yozni-yoz demay, yomg‘iru, qorni pisand bilmay mehnat qilayotgan quruvchilarni ko‘rib tasanno aytaman. Agar mendan “Bugungi kunda zamon qahramoni kim?”, deb so‘rashsa, hech ikkilanmay shu uylarning bunyodkorlari deb javob beraman. Aslida ham shunday emasmi?!

Yana o‘qing:  “Doka ro‘mol qurishi” yoxud mahalladagi “Yarashtiruv komissiyasi” o‘z vazifasini bajaryaptimi?

Kechagina binoning birinchi qavati ko‘tarilgan bo‘lsa, oradan bir necha kun o‘tiboq uni tugallash jarayonini kuzatasiz. Quvonarlisi – qurilayotgan ko‘p xonadonli uylar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida bunyod bo‘lmoqda. Qurilish jarayonida inson mehnatini bir necha bor yengillatuvchi eng so‘nggi texnika vositalaridan keng foydalanilmoqda. Buni kuzata turib, beixtiyor “Mahallada duv-duv gap” filmidagi tanish ibora – “Tinib tinchimagan odamlar-ey, nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya” deb yuborasiz. Ulkan maydonda olib borilayotgan katta qurilish ishlari o‘z-o‘zidan mamlakatimiz qudratini namoyon etadi. Cheksiz iftixor tuyasiz. Ana shunda yana ko‘z o‘ngimda “Mahallada duv-duv gap” filmi manzarasi keladi. Bugun ham teleekranlardan tushmay kelayotgan ““I’” operatsiyasi yohud Shurikning boshqa sarguzashtlari” komediyasi fonida ham sobiq Ittifoqning qurilish siyosatini ko‘rish mumkin.

Muddaoga qaytadigan bo‘lsak, xo‘sh, ona Vatanimizda qad rostlayotgan ko‘p qavatli uylar, namunali hovlilar yoxud zamonaviy ko‘priklar, umuman olganda qurilish jarayonlari aks ettirilgan badiiy filmlar hozir ham suratga olinayaptimi?

Xalqimiz yurtdagi bu yuksalishlarni ko‘rib iftixor tuyishi, kelajak avlod bugungi rivojlanish jarayonini kuzatishi, ibrat olishi, yurtning qadriga yetishi, shukrona keltirishi uchun ham badiiy jihatdan mukammal, ham mantiqan boy va sermazmun milliy kinofilmlarni tasvirga olish, oltin tasmalarga muhrlash joiz bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Yaqinda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqbolli rejalar” mavzuida matbuot anjumanida sohaning yetuk mutasaddilariga aynan shu savol bilan yuzlandik. Afsus… To‘lib-toshib, umid bilan bergan savolimizga biz kutgandek javob ololmadik.

Birgina misol O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 22 noyabrdagi “2017–2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017–2020-yillarda shaharlarda 945 ta ko‘p xonadonli uy-joy qurish rejalashtirilgan. Ushbu ulkan ishlarni amalga oshirish uchun katta mablag‘, kuch-qudrat, vaqt, matonatu jasorat, chinakam fidoyilik talab etiladi. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz bu ishlarga safarbar qilinadi. Bularning barchasi yurtni obod, xalqning hayotini farovon etishga qaratilgan ezgu ishlardir. Yil osha bu uy-joylar bunyod bo‘lib, yurtdoshlarimiz hayot kechira boshlaydi. Kinofilmlarda aks etgan bunyodkorlik jarayonlarini biz mudom ko‘rib borish imkoniga ega bo‘lamiz.

Yana o‘qing:  Stressga ishlab chiqarish jarayonida nimalar sabab bo‘lishini bilasizmi?

Qaynona-kelin, sevgi-muhabbat mavzusi birinchi darajaga olib chiqilgan filmlardan cheklanish vaqti keldi, chamamda. Aytish joiz bo‘lsa, o‘zbek tomoshabini bir xil mavzudan charchadi. Balki, mustaqillik davrida ijodkorlarga keng imkoniyatlar yuzaga kelgan shunday bir vaziyatda “Mahallada duv-duv gap” filmi singari zamonaviy kinoning suratga olinishi vaqti kelgandir?!

Odatda kino ijodkorlariga “Nega kino ijodkorlarimiz maishiy mavzulardan iborat bo‘lmagan, zamon voqealari aks ettirilgan film olishmayapti?, – degan savol bilan murojaat qilishadi. Aksariyat hollarda javob bir xil, ya’ni “bizda yurakni “jiz” qildira oladigan mavzu yo‘q, yaxshi ssenariy uchun yaxshi mavzu kerak”, – deb javob berishadi. Shu o‘rinda hurmatli ijodkorlarga yuzlanamiz, yuqoridagi mavzu o‘sha siz aytayotgan yurakni “jiz” qildira olgan bo‘lsa, biz istayotgan shu bilan bir qatorda ko‘pchilik kutayotgan film ishlash uchun sabab vazifasini o‘tasa, bundan faqat xursand bo‘lamiz.

Kino bu – san’at. Asl san’at – asrlar osha yashaydi. O‘zbekistonning bugungi rivojlanish jarayoni, bosib o‘tayotgan yo‘li, ulkan bunyodkorlik ishlari tasmalarga muhrlanadi. Avlodlarga mustaqil mamlakatning yuksalish bosqichlarini ko‘rish, saboq olish, qadrlash, faxrlanish, shukronalik keltirish sabog‘ini o‘rgatadi.

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: