“Doka ro‘mol qurishi” yoxud mahalladagi “Yarashtiruv komissiyasi” o‘z vazifasini bajaryaptimi?
Shirin orzu ila tanish bir oilaga kelin keldi. Ikki yorti bir butun bo‘lgan yoshlarga aytilgan ezgu tilaklarni tinglab, barcha yig‘ilganlar qalbda shirin entikishni tuydi…
Afsuski, bir yil o‘tar o‘tmas mahallada noxush xabar oraladi: ona bo‘lish arafasidagi kelinning yaqinlari kuni kecha hali taxi buzilmagan sepini olib ketibdi…
Erta-indin dunyo yuzini ko‘rish arafasida turgan murg‘ak go‘dakni qarshi olayotgan oilaviy kemtiklikni endi hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
– Qadimdan boboyu momolarimiz oila buzilsa, yetti osmon larzaga keladi, deyishgan. Zero, oilaviy ajrimlar oqibatida jamiyatga yetadigan zararni hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi, – deydi Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi yetakchi ilmiy xodimi, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Feruza Akramova. – Avvalo, ajrashishlar oqibatida oila mevasi bo‘lmish bola ruhiyatida tiklab bo‘lmaydigan chuqur salbiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu esa ular orasida ko‘plab noxushliklarga olib keladi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan qonunbuzarliklar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ko‘pgina jinoyatchilik asosan ana shunday kemtik oilalarning mahsuli sanaladi.
Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2010 yilda 17,8 ming, 2014 yilda 28,8 ming, 2015–2016 yillarda 29,6 mingta nikoh bekor qilingan. So‘nggi besh yil ichida ajralishlar soni 1,7 barobarga oshgan.
Ajralishlarning 4-5 foizi nikohda bir yil va uchdan bir yil ham yashamagan oilalarga to‘g‘ri kelar ekan. 2016 yil davomida tamomlangan ishlar yuzasidan sud majlisi bayonnomalari o‘rganilib, tahlil qilinganda, ajrimlar sababini taraflarning xarakterlari to‘g‘ri kelmaganligi, oiladagi o‘zaro janjallar, moddiy qiyinchiliklar, giyohvand hamda alkogol moddalar iste’mol qilish, chet davlatiga ishlash uchun chiqib ketgan er-xotinlarning o‘zaro xiyonati tashkil etgan. Bundan tashqari nikohdan ajralayotgan oilalarning ko‘pchiligini 1-4 yilgacha (32,7 foiz) va 5 yildan 9 yilgacha (31 foiz) davomiylikda bo‘lgan oilalar tashkil etmoqda.
“Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari”
“Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari”, degan naql yoshi ulug‘larimizning oila tutumida yaqqol o‘z aksini topgan. Bu so‘zlar zamirida qiz bolani begona qilib, uni o‘z ota-onasidan uzoqlashtirish emas, aksincha borgan uyini ota uyidan ortiq ko‘rib, shu xonadonning chinakam bekasi bo‘lsin, tup qo‘yib palak yozsin, degan maqsad mujassam. Ehtimol, shuning uchun azaldan onalar uyga biroz araz kayfiyatida kelgan qizlarining arzu dodiga quloq solmay, “issiq o‘rningni sovutmagin, bolam!”, deya darhol iziga qaytarib yuborishardi. Tabiiyki, arzimagan sabablar bilan munosabatlarga sovuqchilik tushirib, oilani barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdi. Hozirgi kunda vaziyat bir muncha o‘zgachadek, endilikda ota-ona turmushga chiqqan qizlarining arzu holiga keragidan ortiq e’tibor berib yuborishmayaptimikin.
– Tabiiyki, nizolar yuzaga kelgan paytda onaga dilbandidan o‘tgan ayblar sezilmaydi. Shunday kezlarda qabul qilinayotgan noto‘g‘ri qarorlar ko‘pgina hollarda aqlga emas, tuyg‘ularga asoslanib qolmoqda, – deydi Zangiota tumani “Zargar” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Zuhra Umarova. – Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin vaziyatni ortga qaytarib bo‘lmasligi bilan yuzaga kelgan pushaymonlik hissiga faoliyatimiz davomida ko‘p guvohi bo‘lganmiz.
Anzirat buvilarning o‘rni sezilyapti
Bolalik kezlarimda mahallamizning kayvoni onaxonu momolari, boboyu yoshi ulug‘lari o‘zgalar dardiga ko‘z yummay, ana shunday xonadonlarga to‘g‘ri kirib borar, muammoni hal qilishga urinar, yoshlarga tanbeh berib, yo‘lga solardi. Oila kattalarini biroz e’tiborsizlik qilgani uchun koyirdi. Tabiiyki, ulug‘larning aralashuvi beiz ketmas, hamisha o‘zining ijobiy samarasini berardi. Oiladagi sir-asrorlarni ostona hatlab ko‘chaga chiqishi ne chog‘lik uyat ish hisoblansa, kattalarning so‘zini yerda qoldirish ham shu qadar nomaqbul sanalardi. Afsuski, bugungi kunda ko‘pgina ajrim holatlarida mahalla vijdoni bo‘lgan ana shunday Anzirat buvilarning o‘rni sezilyapti. Yoki keyingi paytlarda kattalar ham yoshlar orasidagi ajrimlarga panjara ortidan qarashmoqdamikin?
So‘nggi paytlarda nikohdan ajratishni so‘rab ariza berganlarning aksariyati 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni, jinsi bo‘yicha tahlil qilinganda esa 26 foizini erkaklar, 22,4 foizini ayollar tashkil etishini, ularning oilaviy munosabatlari uzog‘i bilan 1-5 yilgacha davom etganini inobatga oladigan bo‘lsak, mustaqil hayotda yoshlarning tajribasizligi ayon bo‘lib qolmoqda. Shunday paytlarda kattalarning yo‘l-yo‘rig‘i muhim. Mutaxassislarning kuzatuviga qaraganda ajrimlarga yoshlarning bir-biriga nisbatan befarqligi, erta nikoh, yoshlarning oilaga tayyor emasligi, oilani to‘g‘ri tashkil etishdagi muammolarning yuzaga kelishi, yoshlar o‘rtasida oila tushunchasi nechog‘lik muqaddas ekanligini qalban anglab yetmaganlik kabi sabablar bilan birgalikda yana bir omil ota-ona va boshqa qarindoshlarning yosh oilalarga noo‘rin aralashuvi bo‘lmoqda.
Bunday hollarda mahalla fuqarolar yig‘ini negizida tashkil etilgan “Yarashtiruv komissiyasi”lari qanday ishlar olib bormoqda, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
– Bu yilgi ajrimlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan mahallamiz miqyosida sezilarli kamaydi, – deydi poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Shuhrat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nurjon Najimov. – Bunda “Yarashtiruv komissiyasi”ning o‘rnini alohida ta’kidlash lozim. Mahallamizda joriy yilning shu davriga qadar ikkita ajrim holati kuzatilgan. Bir nafarining tinch yo‘l bilan yarashib ketishida “Yarashtiruv komissiyasi”ning o‘rni bor. Ta’kidlash lozimki, kommisiyamiz 15 kishidan tashkil topgan bo‘lib, ularni mahalladagi tutgan o‘rni, dunyoqarashi, o‘zgalarga o‘rnak bo‘ladigan oilasini e’tiborga olib saylaganmiz. Bu esa mahallada qanday vaziyat bo‘lmasin oson va tinch yo‘l bilan hal bo‘lishiga yordam bermoqda.
“Besh qo‘l barobar emas”, deganlaridek barcha mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi ana shunday komissiyalarning faoliyatini ijobiy baholab bo‘lmaydi. Yana mutaxassislarning kuzatuvlarini inobatga oladigan bo‘lsak, sud tomonidan oilalarga yarashish uchun muhlat berilib, “Yarashtiruv komissiyalari”ga yuborilganda aksariyat komissiya a’zolari mazkur masalani hal etishga malakasi yetarli bo‘lmaganligi, shuningdek, mutaxassisligi to‘g‘ri kelmaydigan xodimlar faoliyat olib borayotganligi aniqlangan. Bu sud tomonidan yuborilgan ajrimning ijrosini amalga oshirishda ijobiy samara bermayapti. Natijada oilani saqlab qolish imkoni boy berilmoqda.
Oilaviy kelishmovchilik va ajrimlarda turli vaj va sabablarni ko‘rsatish mumkin. Ammo bunga nafaqat yo‘llari ayro tushgan ikki yosh, balki barchamiz birdek mas’ulmiz degan vijdon bilan yashasak maqsadga erishgan bo‘lamiz.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri