Amerikalik shifokorlar ciam egizaklarining boshini muvaffaqiyatli ajratib olishdi
Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya bolalar shifoxonasida 10 oylik ciam egizaklari operatsiya qilindi. 11 soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan.
Shifokorlar boshlari o‘zaro qo‘shilib dunyoga kelgan chaqaloqlarni bir-biridan ajratish uchun bir necha oy tayyorgarlik ko‘rishdi. Nihoyat 6 iyun kuni jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Endi shimoliy karolinalik egizaklar boshqa-boshqa yotoqlarda uxlashlari mumkin.
“Qo‘shaloq egizaklarni ajratish juda murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Operatsiyadan so‘ng uzoq davom etadigan, murakkab davolanish davrini o‘tashga to‘g‘ri keladi. Biroq biz ijobiy natijadan umid qilyapmiz”, – deydi operatsiyada ishtirok etgan plastik jarroh Jessi Teylor.
Shifoxona e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, operatsiya jami 19 kishilik guruh tomonidan o‘tkazilgan. Erin hamda Abbi ismli qizaloqlar shifoxonaning bolalar uchun kuchaytirilgan davolanish bo‘limida mutaxassislar nazoratida qolmoqda.
Siam egizaklari tug‘ilishi noyob hodisa hisoblanadi. Har 200 ming tug‘ilishdan bittasida egizaklar qo‘shaloq holda dunyoga kelishi mumkin. Boshlari qo‘shilgan egizaklar tug‘ilishi esa undanda noyob hodisa sanalib, ciam egizaklarining atigi 2 foizida boshlar birlashgan tarzda tug‘ilishi mumkin. Ularning aksariyati yashab qolmaydi.
Filadelfiyadagi shifoxona o‘zining 60 yillik tarixida 23 marta ciam egizaklarini ajratish operatsiyasini o‘tkazgan. Ammo boshlari qo‘shilgan egizaklarni ajratish ilk marotaba amalga oshirilmoqda.
Manba: sof.uz