Ta’lim yo‘nalishi – jurnalistlar e’tiborida
Ma’lumki, XXI asr – fan taraqqiyot asridir. Demak, bunda yoshlarning mustahkam bilimga ega bo‘lishi talab etiladi. Shunday ekan, bu borada ta’lim sohasi mutaxassislari joylardagi yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda jonbozlik ko‘rsatmog‘i lozim. Bu yo‘nalishdagi barcha o‘zgarishlar, muvaffaqiyatlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilayotgan ba’zi kamchiliklarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi hamda keng ommaga yetkazilishi muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan seminar-trening «Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyatini jamoatchilikka yetkazishda axborot xizmatlari rolini oshirishning dolzarb masalalari» mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar Xalq ta’limi boshqarmalari axborot xizmati xodimlari, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari muassisligi, hammuassisligi va hamkorligida chop etiladigan gazeta va jurnallar bosh muharrirlari hamda markaziy OAV vakillari ishtirok etdi.
Ikki qismdan iborat mazkur anjumanning birinchi qismida bugungi kun axborot xizmatlari xodimlariga tadbirlar, matbuot anjumanlari, brifinglarni tashkil etish, jamoatchilik va OAV xodimlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sohaga tegishli bo‘lgan xorijiy tajriba va yangiliklar haqida nazariy bilimlar berilgan bo‘lsa, tadbirning ikkinchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari faoliyatiga doir masalalar xususida ma’ruzalar tinglandi va fikr almashildi.
Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Xolbekov «Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari muassisligi, hammuassisligi va hamkorligida chop etiladigan nashrlarda «Obod turmush yili» Davlat dasturining yoritilishi» yuzasidan o‘z fikrini bildirar ekan, jurnalistlarni yanada faolroq bo‘lishga chaqirdi.
Seminar interfaol hamda amaliy tarzda o‘tkazilib, unda nafaqat ma’ruzalar, balki seminar ishtirokchilarining faoliyatidagi kamchilik va yutuqlari bo‘yicha ma’lumotlar tinglandi hamda shu asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Dilafro‘z ABDAZOVA