Olamni asrash –odamni asrash
Tabiat va insonni bir butun, desak yanglishmaymiz, albatta. Shu bois mamlakatimizda tabiat muhofazasiga, ekologik ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga oshib bormoqda. Ayniqsa, hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning hayotga tadbiq etilishi, matbuot orqali chop etilayotgan ko‘plab ijodiy materiallarning samarasi hayotda o‘z aksini topmoqda.
Milliy matbuot markazida respublikamiz nashrlaridan hisoblangan «Eko Olam» jurnali va «Eko Olam PRESS» gazetasining bu boradagi faoliyati bilan tanishtirish hamda «Eko Olam PRESS » gazetasi, tahririyat xodimi, jurnalist va olim Shukur Jabborning «Mansur Xalloj siri» nomli ilmiy-irfoniy risolasi, «Ziqna Maxzum» nomli yangi xajviy qissasi, muallifning Basanda Jalilova bilan hammualliflikda yaratgan «Ekologiya: kecha va bugun» nomli yangi mustaqil tadqiqot asari, shuningdek, tahririyat hodimasi Zebo Omonovaning bolalar uchun mo‘ljallangan «Topamiz, tez aytamiz» nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda gazeta bosh muharriri Azim Suyun, jurnal bosh muharriri A’zam Xo‘jaqulov, bosh muharrir o‘rinbosari Ilxom Avazovlar, shuningdek, shoirlardan Alisher Narzullo, To‘ra Mirzo, rassom-karikaturachi Mahmudjon Eshonqulov va boshqalar gazetaning yangi ruknlari, maqolalari ning dolzarb mavzularga qaratilgani haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Unda asosan ekologiya, unga xavf solayotgan muammolar, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar, hozirgi ekologik madaniyat borasida yoshlarning savodxonligini yanada oshirish kabi mavzular qamrab olinganligi qayd etildi.
Shu yurtda yashaydigan har bir inson o‘z ona yerini, tabiatini asramog‘i lozim. Biz yuqorida ta’kidlagan jurnal va gazeta xodimlari o‘z muxlislariga ana shu mavzuga doir dolzarb masalalarni yetkazish maqsadida ijodiy izlanmoqdalar. Ular turli soha xodimlari, ekologlar, sotsiologlar, o‘qituvchilar, muhandislar, siyosatchilar bilan hamkorlikda ish olib bormoqdalar.
Bugun atrof-muhit, ekologiya bilan bog‘liq muammo butun dunyo xalqlarini tashvishga solib, mulohaza yuritishga, fikrlashga majbur qilayotgan bir davrda insoniyat atrof-muhitga shu darajada ozor yetkazmoqdaki, bu inqirozni bartaraf etish uchun barcha mamlakatlar hamkorlikda ish tutish davri keldi. Chunki, ekologiyani asrash, barqaror hayotni barpo qilish o‘z qo‘limizda ekanini unutmaylik.
Temur TANGRIBERGANOV,
Talaba