Muallimlik – muqaddas kasb

Yoshlarimizga ta’lim va tarbiya beradigan odamlarning hurmatini joyiga qo‘yish, ularga munosib sharoit yaratib berish – eng dolzarb vazifamiz bo‘lmog‘i kerak. Chunki, bola tarbiyasida murabbiy-muallimlarning javobgarligi ota-ona mas’uliyatidan aslo kam emas.

Islom KARIMOV.

Mamlakatimizning ta’lim sohasidagi islohotlarini ayni kunlarda butun jahon tan olmoqda. O‘zbekiston Respublikasining milliy ta’lim tizimi o‘tgan yigirma yilda to‘la shakllandi. Milliy ta’lim modeli yaratildi.

– Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq ta’lim tizimiga alohida e’tibor berila boshlandi. Yurtimizda amalga oshirilgan islohotlarning bir qirrasi ta’lim siyosatida o‘z ifodasini topgan, desak xato bo‘lmaydi. Ta’lim-tarbiya masalasi, ularga daxldor islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Avvalo, huquqiy hujjatlar qabul qilindi…

– To‘g‘ri aytasiz? Ular bizning ishimizning dastrulamali bo‘ldi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash” Davlat dasturida tarbiyani yuksak darajaga yetkazish yo‘l-yo‘riqlari aniq ifodalab berildi. Uch bosqichli ta’lim tizimi vujudga keldi: maktab-kollej yoki akademik litsey-oliy o‘quv yurtlari. Davlat byudjetidan har yili eng salmoqli mablag‘ ta’lim tizimiga ajratilayotgani ham bu sohani nechog‘li muhim ekanini anglatadi. Zamonaviy maktab, kollej va litseylar, tibbiy salomatlik majmualari, bolalarning yozgi dam olish sihatgohlari, sport inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani so‘zimiz isbotidir. Ana shu o‘zgarishlarni bizning 110-umumta’lim maktabi misolida ham ko‘rish mumkin. Farzandlarimizning bilim olishi uchun o‘quv dargohimizda barcha shart-sharoitlar mavjud.

– Har qanday ta’lim maskanining milliy qiyofaga ega bo‘lishi ijtimoiy hayot, bugungi zamon taqozo qilayotgan muhim zaruratdir. Ba’zi insonlar mustaqillikni qo‘lga kiritdik, endi maktablarimizda milliylik mavjud bo‘laveradi, deb o‘ylashadi. Nazarimda, u izchil to‘ldirilib, yuksaltirilib boriladigan jarayondir. Shunday emasmi?

– Fikringgizga qo‘shilaman. Alohida jo‘g‘rofiy o‘rni, qadriyatlari bor xalqning o‘ziga xos ta’lim tizimi bo‘lishi shart. Shuning uchun ham mamlakatimizda mustaqillikdan keyin uch bosqichli ta’lim tizimi vujudga keldi. Biz mehnat qilayotgan maskan ana shu tizimning birinchi bo‘g‘inidir.

Mustaqillikdan keyin avvalo, boshlan­g‘ich va umumiy o‘rta ta’limning barcha o‘quv fanlari, xususan, adabiyot, biologiya, tarix, geografiya kabi fanlarni o‘qitish bos­qichma-bosqich metodik jihatdan yangilandi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida bu vazifani muvaffaqiyatli bajarish bo‘yicha jiddiy amaliy-nazariy ishlar olib borildi.

– Siz yetakchilik qilayotgan maktab ham poytaxtimizdagi namunali ta’lim maskanlaridan biridir. Faoliyatingizdagi bunday yutuqqa ba’zi bir fanlarni chuqurroq o‘qitish orqali erishilgan bo‘lsa kerak?

– Ha, bizning maktabimizda o‘quvchilar matematika, iqtisod va informatika fanlarini chuqurroq o‘rganadilar. Mustaqillik sharofati bilan har bir maktabning o‘quv rejasida harakat erkinligiga imkoniyat berildi. Endilikda majburiy soatlar bilan bir qatorda maktab ixtiyoriga berilgan vaqt miqdori ham belgilangan. Pedagogik jamoa mahalliy sharoit talabi va ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, ta’lim-tarbiya ishini o‘zlari istaganday – ilg‘or tajribalar asosida tashkillashtira oladi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi

– Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida ustoz-shogirdlik an’analari qayta jonlandi…

– Bizningcha milliy ta’lim tizimini yanada yuksaltirish va davr talabi darajasiga ko‘tarish maktab binolarining ixcham hamda ko‘rkam, sinf xonalarining zamonaviy jihozlanishi va sinf o‘quvchilar sonining nisbatan kam bo‘lishi bilan bevosita bog‘liqdir. Ayni paytda bizning maktabda 2172 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga bir yuz olti nafar pedagog dars beradi.

Shuni faxr bilan ta’kidlashim kerakki, mustaqillik e’lon qilingan yili, pedagoglik faoliyatimni boshlaganman. Men shu maktabda ta’lim oldim. Toshkent davlat texnika universitetida o‘qib yurganimda ham bu yerga tez-tez kelib, ustozlarimdan bu sohaning sir-asrorlarini muntazam o‘zlashtirib bordim. Oliygohni tugatib, shu maktabga ishga keldim va informatika fanidan dars bera boshladim. Buning uchun pedagogika bo‘yicha pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘qib keldim. O‘zim bilgan jamoa, o‘zim bilgan odamlar davrasida bo‘lish, ustoz-shogirdlik katta baxt ekanini chin qalbimdan his qildim.

Mustaqillik bizga jahon tajribasi bilan tanishish imkoniyatini ham yaratib berdi. Istiqlol sharofati bilan Germaniya va Koreya Respublikasida bo‘lib ularning ta’lim tizimi bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

– Mana xorijdagi rivojlangan davlatlarga ham borgan ekansiz, ularning ta’lim sohasidagi qay bir uslubi sizga ma’qul keldi?

– Men pedagogik faoliyatimni boshlaganimda maktabimizda kompterlar deyarli yo‘q edi. Koreya Respublikasi va Germaniyaga borganimda bu borada ularga havasim kelgandi. Sal o‘tmay, bizning maktablarimiz kompyuterlashtirishda va maktablarni zamonaviy ta’lim vositalari bilan jihozlanishida ularga yetib olib, hatto o‘zib ketdi. Mustaqil O‘zbekistonimizning ta’lim tizimini bugungi kunda butun jahon tan olayapti. Masalan, nemislar bizda davlat standartlari yagonaligi va shu asosida darsliklar yaratilishiga havasi keladi. Germaniya bir necha hududlarga bo‘lingan bo‘lib, ularning har biri ta’lim tizimida o‘z tartib va talablariga ega.

Yana ularga bizda davlatimiz bayrog‘i, gerbi va madhiyasi har bir sinf to‘rida turishi ma’qul keldi. Mamlakatimizning muqaddas ramzlarini e’zozlash ham milliy qadriyat, o‘ylaymanki, ular Vatanimiz yoshlarining ko‘ngil mulkiga aylanishida ko‘maklashadi.

Yosh avlodning kamoloti ko‘zlangan uch bosqichli sport bellashuvlari – maktab o‘quvchilari orasida “Umid nihollari”, kollej va akademik litsey talabalari orasida – “Barkamol avlod”, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida – “Universiada” sport musobaqalarini o‘tkazish an’anaga aylanganligi butun jahon havas qiladigan tadbirlardir. Bularning bari farzandlarimizning zamonaviy bilim va tarbiya olishi uchun ko‘zlangan ezgu maqsaddir.

Yana o‘qing:  Bugunning o‘qituvchisi zamonaviy texnologiyalar bilimdoni bo‘lishi zarur

– Hozirgi vaqtda keng yoyilgan integratsiyalashgan ta’lim qamrovini kengaytirish maqbul ko‘rinadi. Bu usulda o‘qitish jarayonining o‘zi emas, balki, ta’lim tufayli erishilgan pedagogik natija muhim hisoblanadi.

– Bizning maktabda o‘ziga xos o‘qitish uslubiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ko‘p. Masalan, fizika o‘qituvchimiz Yelena Skvorsova shaharda bo‘lib o‘tgan “Eng yaxshi o‘qituvchi” tanlovida 2-o‘rinni oldi. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Natalya Sentr, ona tili o‘qituvchisi Nozima Ismoilova, ingliz tili o‘qituvchisi Rohatoy Ortiqova, biologiya fanidan dars beruvchi Tatyana Oxotnikova kabi o‘qituvchilarning dars berish uslubini o‘rgansa arziydi. Maktabimiz namunali o‘quv dargohi bo‘lgani uchun ham bu yerda fanlar bo‘yicha shahar olimpiadasi, sport tadbirlari o‘tkaziladi. Bu albatta, maktabimizning kapital ta’mirdan chiqqanligi, sinf xonalarining zamonaviy o‘quv qurollari bilan to‘la jihozlanganligi va o‘quv muassasamizda qat’iy tartib-intizom mavjudligi uchun bo‘lsa kerak.

O‘quvchilarimizga kelsak, maktabda turli xil to‘garaklar ishlab turganligining ta’siri bo‘lsa kerak, ular tanlovlarda qatnashishni xush ko‘rishadi. 8-sinf o‘quvchisi Maftuna Rustamova shaxmat musobaqalarida tumanda birinchi o‘rinni oldi. U Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga o‘tkaziladigan tanlovda ham qatnashib tuman miqyosida yutuqqa erishda. Yusuf Badalov karate bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqan. Yelezaveta Qodirova ushu bo‘yicha respublikaning terma komandasi a’zosi, Mardona Allanazarova “Tomosha “guruhida qatnashib, turli tadbirlarda ishtirok qiladi. Shaharda o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da 7-sinf o‘quvchisi Shahzoda Sattorova rus tilidan 3-o‘rinni, Sardor Kozimov esa (9-sinf) informatika fanidan 4-o‘ringa muvaffaq bo‘ldi. Bunday misollar maktabimizda juda ko‘p.

– Bola tarbiyasi hamma vaqt muhim va aslo kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa bo‘lib kelgan…

– Ha. Shu boisdan mamlakatimizda yurt taqdirini o‘z taqdiri bilan bog‘lagan, sadoqatli, Vatan va xalq uchun kuchini, mehnati va bilimini, kerak bo‘lsa jonini ham fido eta oladigan yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi. Biz ana shu ezgu ishga munosib hissa qo‘shayotganimizdan benihoya xursandmiz.

– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

Suhbatdosh: Javlon SA’DULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: