G‘aroyib sayr
“Hayvonot bog‘i”n asta
Qadam tashlab kezaman.
O‘zimni shu nafasda
Naq pahlavon sezaman.
Qo‘limni belga tirab
Tikilaman qo‘rqmasdan.
Yuvosh mushukday turar
Qarshimda zo‘r yo‘lbarslar.
“Hayt!” desam ayiq polvon
Cho‘chib qaytar ortiga.
Meni ko‘rib karkidon
Toshday qotib qoldi-ya.
Timsohlar jim ko‘z tikib
Qo‘rqa-pisa mo‘ralar.
Ulkan fillar bosh silkib
Muloyim hol so‘rashar.
Naq pahlavon sezaman
O‘zimni shu nafasda.
…Buncha sehr-kuch qaydan
Oddiy simto‘r, qafasda?