Mukofot, rag‘bat, mas’uliyat
Siyare DJAMBEKOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tibbiy-ijtimoiy markazi shifokori, “Do‘stlik” ordeni sohibi:
– Men ushbu yo‘nalishda deyarli jamg‘arma tashkil qilingan vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqdaman. Mamlakatimiz rahbarining “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tashkil etilganligining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Sog‘lom avlod – millat kelajagi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi va undagi tibbiy ijtimoiy patronaj haqidagi samimiy fikrlaridan bag‘oyat xursand bo‘ldim. Darhaqiqat, Istiqlol yillarida yurtimizda aholi salomatligini saqlash borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Jamg‘arma tasarrufidagi tibbiy ijtimoiy markaz faoliyati ham mustaqillikning ilk yillarida yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda markaz mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, xalqaro tashkilotlar ko‘magi bilan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi va ko‘rkam binoda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Hukumatimiz meni “Do‘stlik” ordeniga munosib deb bilgan ekan, bu ishonch zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Davron YULDOSHEV,
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasining Navoiy viloyati Nurota tumani tayanch punkti direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi:
– Bizning Nurota mamlakatimizning eng olis tumanlaridan biridir. Ana shu hududda istiqomat qilayotgan aholi salomatligini mustahkamlash, ularga malkali tibbiy xizmat ko‘rsatish, onalik va bolalikni muhofaza qilishda jamg‘arma tashkil qilgan avtoambulans-mini poliklinikasining hissasi katta bo‘ldi.
Mamlakatimizdagi ulug‘vor o‘zgarishlarda, jumladan, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishni tashkil etish ishida munosib hissam borligidan va uni hukumatimiz munosib taqdirlanganidan bag‘oyat xursand bo‘ldim. Inson o‘z mehnatining samarasini ko‘rsa, kuchiga kuch, quvonchiga quvonch qo‘shiladi. Davlatimizning yuksak mukofoti meni rag‘batlantirish bilan birga, yanada g‘ayrat bilan ishlashga undaydi.
Rahima RAHMONOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasining Samarqand viloyati mintaqaviy filiali direktori:
– Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati esa aynan tili, millati, dini va irqidan qat’iy nazar yurtimizdagi barcha bolalar va onalarning sog‘lom va barkamol bo‘lishlarini ta’minlashga qaratilgan. Ana shunday aholi salomatligiga e’tibor va g‘amxo‘rlik bor mamlakatning esa ertasi obod, farzandlari sog‘lom bo‘ladi. Prezidentimiz tomonidan berilgan «Do‘stlik» ordeni nafaqat menga, balki onalik va bolalikni muhofaza qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan barcha jamoadoshlarimga bildirilgan yuksak ehtirom namunasi, deb o‘ylayman. Bundan keyingi faoliyatim davomida ham xalqimiz salomatligini saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘lida samarali mehnat qilishga va’da beraman.
Firdavs XOLIQOV,
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkiliy-uslubiy bo‘limi boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi:
– Bugun mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mana 20 yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ana shu ezgu yo‘lda ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.
Prezidentimiz “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Sog‘lom avlod — millat kelajagi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida shunday dedilar: “Yurtimizda shakllangan reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha milliy model Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchun eng yaxshi mintaqaviy dastur sifatida tavsiya etilgani, hech shubhasiz, xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofdir”. Darhaqiqat, “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” dasturini hayotga joriy etishda jamg‘armaning ham munosib hissasi borligidan qalbim cheksiz shodlikka to‘ladi.
R.Zaripova yozib oldi