Qashqadaryoda ko‘rishguncha xayr, “Barkamol avlod”!
25-27 may kunlari Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” universal sport majmuasi stadioni uzra akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari mash’alasi porlab turdi.
Navbatdagi «Barkamol avlod» musobaqasi ham mamlakatimizda joriy etilgan uch bosqichli tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlarining samaradorligini yana bir bor namoyish etdi. Vatanimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni ona yurtga muhabbat, kindik qoni tomgan tuproqqa sadoqat ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan mazkur tizimning nufuzi yildan-yilga oshib borayotir.
Yana bir muhim jihati, uch bosqichli sport o‘yinlari finali o‘tayotgan shaharlarda xalqaro talablarga javob beradigan o‘nlab sport inshootlari barpo etilmoqda, hududlar yanada obod bo‘lmoqda. Musobaqalar munosabati bilan Jizzaxda qurilgan yangi sport inshootlari, suzish havzalari, tubdan rekonstruksiya qilingan sport zallari, o‘quv binolarini ko‘rgan kishi bunyodkor halqimizga tasannolar aytadi.
“Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari yuzdan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan muntazam yoritib borildi. Internet tarmog‘ida ochilgan www.barkamol-avlod.uz saytida qizg‘in bellashuvlar haqida ma’lumotlar, fotolavhalar, o‘zbek, rus, ingliz tillarida berib borildi. Musobaqa kunlari xorijiy mamlakatlarda yashovchi minglab kishilar shu tarmoqqa murojaat qildi.
… 27 may. Soat 19.00 “So‘g‘diyona» universal sport majmuasi stadioni bayramona bezatilgan. Chorlov musiqasi yangraydi. Yosh sportchi va san’atkorlar ijrosidagi vokal-xoreografik kompozitsiya bilan “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalarining tantanali yopilish marosimi boshlanadi. Minglab tomoshabin olqishlari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari kirib keldi.
Bir necha kun mobaynida qizg‘in davom etgan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.
Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi bosh mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – «Damas» avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyati va uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyati jamoalariga Prezident sovg‘asi – «Damas» avtomobillari topshirildi.
Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh o‘quvchi-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.
– Sport va do‘stlik bayrami – “Barkamol avlod –2017” bellashuvlari rekordlar va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha oltin medal sohibi qoraqalpog‘istonlik G‘ayrat Aytmurotov. – Ushbu musobaqalar mamlakatimizning barcha hududlarida sport izchil rivojlanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Sportning 17 turi – basketbol, voleybol, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, suzish, yengil atletika, tennis, stol tennisi, badminton va badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlarda litsey va kollejning 898 o‘quvchisi ishtirok etdi. Sportchilar 193 oltin, 193 kumush va 214 bronza medali uchun bahs olib bordi
Musobaqalarning yopilish marosimida “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni jizzaxlik sportchilar akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining navbatdagi final musobaqasiga mezbonlik qiladigan Qashqadaryo viloyati vakillariga topshirdi.
Uch kun davomida porlab turgan “Barkamol avlod –2017” mash’alasi asta so‘ndiriladi.
“Barkamol avlod – 2017” o‘yinlarining yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta konserti bilan yakunlandi.
“Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalarining yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Toshqul BEKNAZAROV,
O‘zA