Mamlakatimizda an’anaviy “Kitob bayrami” bo‘lib o‘tmoqda
Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i har doimgidan-da gavjum. Bog‘ning manzarasi, odamlarning kayfiyati ham o‘zgacha: ertak qahramonlari Zumrad va Qimmatga hayrat bilan boqib turgan qizaloq, yozuvchi va shoirlar bilan suhbat qurayotgan yoshlar, turfa kitoblar bilan to‘la qator-qator javonlar, kitobxonlikka chorlovchi maqol, shior va rasmlar tushirilgan bannerlar…
Bog‘dagi tantanali tadbirda yangrayotgan e’lon e’tiboringizni tortadi: “Mamlakatimizda bugun, 25 may kuni “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida o‘tkaziladigan “Kitob bayrami” boshlandi! O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu kabi tadbirlar 27 mayga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida davom etadi…”
Bayram tadbirining ochilishida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, xalq shoiri Iqbol Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon va boshqalar mamlakatimizda yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash, ularning intellektual extiyojlarini qondirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, buyuk ajdodlarimizning boy merosini asrab-avaylash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor xalqimiz tafakkurini yanada boyitish, yoshlarni bilimli, sog‘lom fikrli, ma’naviyatli insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘layotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilayotgan respublika “Kitob bayrami” har tomonlama samarali, ko‘tarinki ruhda o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bayramning poytaxtimizda o‘tayotgan tadbirlarida 100 ga yaqin nashriyot, matbaa korxonasi va kitob savdosi tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda bugungi kunda 120 dan ziyod nashriyot, 1 ming 760 dan ortiq matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Har yili 3 ming nomdan ziyod, 60 million nusxadan ortiq kitob mahsulotlari nashr etilmoqda. Noshirlik va matbaa ishlarini rivojlantirish, matbaa korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida kitob mahsulotlarini chop etish ko‘lami va sifati oshayotgani e’tiborga molik.
– Xalqimizning, xususan, yoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda bu bayramning o‘rni, ahamiyati yildan yilga oshib bormoqda, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri I.Zoyirov. – Axborot asrida, axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotgan davrda yashar ekanmiz, mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri – kitobxonlikka e’tiborning dolzarbligini doimo his qilishimiz, kitob mutolaasi bo‘yicha islohotlarni har birimiz, avvalo, oiladan boshlashimiz kerak. O‘tgan yili nashriyotimizda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va boshqa yo‘nalishlardagi kitoblarni hisobga olmaganda 217 nomdagi 4 million nusxadan ortiq badiiy kitoblar chop qilindi. Ular orasida jahon adabiyoti durdonalaridan bevosita tarjima qilingan asarlar ham ko‘p. Bugungi bayramda qilingan ishlar natijasini nafaqat namoyish qilish, balki kitobxonlarning talab va istaklarini o‘rganish, ular bilan muloqot qilish, so‘rovnomalar tashkil etish, shunga binoan istiqboldagi vazifalarimizni yana bir bor ko‘rib chiqishni maqsad qilganmiz.
Nashriyotlarning yangi kitob mahsulotlari, jumladan, nufuzli xalqaro kitob ko‘rgazmalarida sovrinli o‘rin egallagan kitoblari taqdimotlari, kitob mualliflari, adib va shoirlar, kitob grafikasi bo‘yicha rassomlar, muharrirlarning o‘quvchilar bilan bevosita ijodiy uchrashuv-muloqotlari, mushoiralar va suhbatlar bayramning yanada qiziqarli, ko‘tarinki ruhda davom etishiga xizmat qilmoqda.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining kitob grafikasi va miniatyura janrida ijod qilayotgan talabalari, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Barkamol avlod” bolalar markazlari qoshidagi to‘garaklar a’zolarining ijodiy ishlari ko‘rgazmalari, kitobxonlikni targ‘ib etuvchi xalq maqollari, buyuk allomalarning hikmatli so‘zlari bitilgan pannolar, monitorlarda namoyish etilayotgan nashriyotlar faoliyatini aks ettiruvchi videolavhalar bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
– Bayramga qizim va nabiralarim bilan keldim, – deydi yangiyo‘llik Halima aya Qurbonova. – “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon” deb nomlangan viktorinalarda ishtirok etib, sovringa kitob oldik. Bayramdan eng yaxshi sovg‘a – kitoblar bilan uyga qaytish juda zavqli. Bugungi taassurotlarimizni, kitoblar olamidan olgan hayajonimizni yaqinlarimizga, mahalladoshlarimizga so‘zlab beramiz.
Tadbir doirasida bog‘ sahnasida taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Respublika yosh tomoshabinlar, Qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalari o‘z dasturlarini taqdim etmoqda.
Bayramning navbatdagi kunlarida “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Kitobga mehr qo‘ysangiz, u sizni albatta munosib taqdirlaydi”, “Kitob – eng yaxshi sovg‘a” mavzularida intellektual viktorinalar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida “Kitob – millatning bebaho ma’naviy va madaniy merosi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Ikrom AVVALBOYEV,
O‘zA