Har zarbida hayot jarangi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir Davlat dasturlarini amalga oshirishda muruvvat, ta’lim, sport, tibbiyot yo‘nalishlarida keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘arma Koreya Respublikasi, AQSH, Rossiya, Malayziya, Finlandiya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi kabi xorijiy davlatlarning xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

2011 yilda “Sog‘lom avlod uchun” jam­g‘armasi tomonidan “Save the Children” tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Tash­qi ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik doirasida Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti klinik shifoxonasi tug‘ma yurak nuqsonli bolalarni operatsiya qilishda ishlatiladigan oksigenator va ularning zaruriy vositalari bilan ta’minlandi. Ushbu loyiha natijasida Toshkent Pedia­triya Tibbiyot instituti klinik shifoxonasida maxsus zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan qo‘shimcha operatsiya xonasi tashkil etildi va mamlakatimizda tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bemor bolalarni zamonaviy usullarda sog‘lomlashtirishga imkoniyat yaratildi. 2011 yilda 50 dona oksigenator (operatsiya paytida vaqtinchalik yurak vazifasini bajarib turuvchi uskuna) xayriya yo‘li bilan keltirildi.

Farzand – oila quvonchi. Ota-ona farzandning har bir muvaffaqiyati uchun quvonsa, murg‘ak jismi og‘riganida qaddi bukiladi. Farzandidan ham ortiqroq dard chekadi.

Bekobodlik Dilafro‘z Aliqulova va Zohidjon Aliqulovlarning qizalog‘i Oltinoyga Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti shifokorlari yurak tug‘ma nuqsoni tashxisini qo‘yishdi va uni zudlik bilan operatsiya qilish lozimligini ta’kidlashdi.

Yaxshi insonlarning boriga shukr, har bir shifokor astoydil yordam qo‘lini cho‘zdi.

– Tavsiya etilgan davo choralarini qo‘llaganimizda qizimiz Oltinoyning ahvoli bir muncha yaxshilangandek bo‘ldi, – deydi qizaloqning otasi Zohidjon aka. – Ammo u butkul sog‘ayib ketmadi.

Oradan bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng ota-ona “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining faoliyati xususida eshitib, unga murojaat etishdi.

Ma’lumki, jamg‘arma bevosita xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini amalga oshiradi. 2011 yildan buyon jam­g‘arma bilan faoliyat olib borayotgan Janubiy Koreyaning “Save the Children Korea” xayriya tashkiloti ham ana shunday hamkor tashkilotlardan biridir 2008 yildan boshlab koreyalik mutaxassislar (Seul va Pundan Cha, In Xa universitetlari klinikalari) bilan hamkorlikda tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan bemor bolalarni Koreya va respublikamiz klinikalarida sog‘lomlashtirish dasturini amalga oshirib kelmoqda. Bundan xabardor bo‘lgan Oltinoyning ota-onasi farzandini jamg‘arma tomonidan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikka olib keldi. Qizaloqni oz muddat ichida jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun Koreyaga jo‘natishdi. Natijada esa oiladagilar, qarindosh- urug‘lar shodligi cheksiz.

Yana o‘qing:  Qo‘lni qo‘lga berib

Hozirda Oltinoy 3 yoshda. Maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi. Endilikda u avvalgidek tez-tez toliqib, ranglari siniqqan qizaloq emas. Uning ota-onasi farzandining omon-eson bag‘rida o‘sayotganini ko‘rib shukrona keltiradi va bolalar salomatligi yo‘lida qilinayotgan ishlardan mutasaddi tashkilotlardan minnatdordir.

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida yashovchi Husan aka Nerembetovning farzandi Kamronbek Omonov ham tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan edi. Jam­g‘armaning beg‘araz ko‘magi tufayli unda ham jarrohlik amaliyotini o‘tashdi. Hozirda Kamronbek 4-sinfning a’lochi va faol o‘quvchilaridan biri.

– Farzandining tengdoshlari bilan birdek harakat qilolmasligi, ulardan ortta qolishi ota-ona uchun nihoyatda og‘irdir, – deydi Husan aka. – Tasavvur qiling­ga, ko‘zlarida hayotni o‘rganish ishtiyoqi jo‘sh urib turadi-yu, ammo imkoniyati cheklangan. Lekin, hozirda ming shukrlar bo‘lsinki o‘g‘lim bemalol yuguradi va teng­doshlari qatorida o‘ynab-kuladi. Bundan men ham, o‘zi ham juda xursand.

Ana shunday insonlarga mehr va quvonch ulashayotgan “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi xodimlariga kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: