Tabiatning marvarid tuhfasi
Bolaligimizda kattalar tut pishig‘i paytida bizlarni to‘yib tut yeyishga undashar edi. Momomning aytishicha, urush yillarida bu mevaning qadri juda baland bo‘lgan. Odamlarni qishning sovuq kunlaridan jon saqlab chiqishida uning mayizi qimmatli ozuqa sanalgan.
Tut mevasi tarkibida 82,9-86,2 foizgacha suv, 10,9-12,7 foizgacha qand mavjud. Bu mevani quritib iste’mol qilganda shirasi yanada ortadi. Uning mayizida qand miqdori 73,29-83,71 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, tut V, S, E, K, RR vitaminlariga boy.
Odatda tut yangi uzib olingan holda yeyiladi. Lekin undan shinni, sharbat, murabbo, kisel tayyorlanadi. Pishiriqlar ichiga solib ham iste’mol qilish mumkin.
Shotut oq tutga qaraganda nordonroq bo‘lsa-da, quvvat jihatidan aslo qolishmaydi. Qon bosimining ko‘tarilishi, kamqonlik, ruhiy tushkunlik kabi kasalliklarni uning yordamida davolash mumkin. Shuningdek, shotut organizmdagi gormonal buzilishni to‘g‘rilab, ayollar kasalliklarini davolashda qo‘l keladi. Klimaks davridagi ko‘p terlash, qizish kabi noxush alomatlarni davolashda, yurak sohasidagi og‘riqlarda ko‘proq shotut yeyish buyuriladi.
Oq tut tarkibida esa tabiiy antibiotik – resveratol mavjud. Bu esa uning ko‘pgina surunkali kasalliklarni davolashga yordam berishini bildiradi.
Shuningdek, an’anaviy tibbiyotda oq tut mevasidan kamqonlik, me’da-ichak xastaliklarini davolashda foydalaniladi. Bargi va yangi ochilgan kurtagi organizmda moddalar almashinuvi buzilganida yaxshi yordam beradi. Oq tut shinnisidan dorishunoslik sohasida hapdori tayyorlashda foydalaniladi.
Oq tut kaliyga boy. Shu sababli uni ateroskleroz, taxikardiya (yurakning tez urishi), yurak nuqsoni kasalliklarida tavsiya etiladi.
Atigi uch haftalik tutli parhez yordamida bemor nafas qisishi, ko‘krak qafasidagi siquvchi og‘riqlardan xalos bo‘ladi. Yurak faoliyati tiklanadi. Qolaversa, oq tut yordamida yurak mushagining qisqarish quvvatining susayishi (miokardiodistrofiya)ni davolashda yaxshi natijalarga erishilgan.
Shu bilan birga tutni kasallikdan zaiflashib qolgan, tez-tez gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan og‘riydigan bemorlar iste’mol qilishi zarur. Tarkibida ko‘p miqdorda fosfor bo‘lgani bois, u aqliy faoliyat bilan shug‘ullanadigan kishilar uchun koni foyda.
Mevasi immun tizimini mustahkamlab, organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qiladi. Ko‘p iste’mol qilinsa, ko‘rish qobiliyati yaxshilanadi. Ayniqsa, tut mayizi kuchli terlatuvchi faollikka ega. Shunday ekan gripp epidemiyasi davrida undan choy tayyorlab ichish tavsiya qilinadi.
M. HASANOVA