Qars ikki qo‘ldan…

Goho ayrim mutasaddilarning byurokratiya, manmanlik, kibru havo bilan “muomala” qilish illatlaridan nolib yurgan kimsalar endi bu jarayonlarda o‘zlarini qandoq his etmoqdalar?

“Umid bilan suqulgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq”, deganlaridek, inson qaysiki ishga qo‘l urmasin, undan samarali natija kutishni istaydi. 2017 yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi jamiyatimiz hayotida yangi sahifalarni ochayotgan ekan, uning samarasi qay darajada bo‘lishi har bir fuqaroning sa’y-harakatiga ham bevosita bog‘liq.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning xalq manfaatlarini ko‘zlab aniq maqsadlar bilan qo‘ygan talablari mamlakatimiz aholisida kelajakka yanada ishonch uyg‘otdi. Bu ezgu yo‘lda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari fuqarolarga muntazir!

Bulardan tashqari respublikamizning deyarli barcha yetakchi idora, tashkilot va muassasalari ham o‘z virtual qabulxonalarini tashkil etib, xalq bilan muloqotga kirishmoqda.

Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilib, fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi. Davlatimiz rahbarining “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan so‘zlari mazkur qabulxonalar faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Shu kunga qadar yuz minglab tadbirkorlar, ishbilarmonlar, dehqon-fermer xo‘jaliklari va boshqa soha vakillari o‘z murojaatlariga qoniqarli javoblar olganlari haqida OAVda mamnuniyat bilan so‘zlayotganlarini hamma hayajon bilan kuzatib turibdi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: davlat xalqqa bag‘rini keng ochayotgan ekan, unga hamma birdek to‘g‘ri munosabatda bo‘la olyaptimi? Goho ayrim mutasaddilarning byurokratiya, manmanlik, kibru havo bilan “muomala” qilish illatlaridan nolib yurgan kimsalar endi bu jarayonlarda o‘zlarini qandoq his etmoqdalar?

Bunday savollarni o‘rtaga tashlayotganimiz boisi shundaki, xalq bilan muloqotni takomillashtirish yo‘lida yaratilgan imkoniyatlarni suiste’mol qilayotgan, shaxsiy manfaati yo‘lida mayda-chuyda, bachkana savollari, antiqa “taklif”lari bilan “boshog‘riq” bo‘layotgan ayrim kimsalarning sa’y-harakatlari ko‘pchilikning g‘ashiga tegmoqda. Virtual qabulxonaga bir ma’naviyatsiz kimsaning “er so‘rab” murojaat qilgani haqidagi gaplar qancha “shov-shuv” bo‘lmadi, deysiz.

Yana o‘qing:  “Barkamol avlod – 2017” mash’alasi Jizzaxga keldi

Yana bir toifa kimsalar borki, ularning qilmishlari haqida eshitib hayratdan yoqa ushlaysan. O‘zi biror ishni yolchitmagan, elning koriga yaramagan o‘sha odamlar mas’ul lavozimda faoliyat ko‘rsatayotgan kishilarga loy chaplashni “qoyillatmoqda”…

“Falon-falon mutasaddilarni lavozimidan chetlatishni taklif qilib yozvordim, ko‘ramiz endi” deydi bir “yozuvchi” surbetlarcha.

– Yozishga yo‘qroqman, ammo haqiqat yuzaga chiqishini istayman, – deydi yana bir davangirdek kishi. – Shikoyatimni Virtual qabulxonaga yuborishga yordam bering. Istasangiz, xatimga o‘nta qo‘shnim ham qo‘l qo‘yib berishga tayyor…”

Nima gapligini surishtirsam, mahallasida axlat uyumi paydo bo‘libdi.

– Buni yozishga hojat yo‘q-ku, – dedim yotig‘i bilan. – Bitta maxsus mashina chaqirib, o‘sha xatga imzo qo‘yadigan qo‘shnilar bilan axlatni tozalab qo‘yish qo‘llaringdan kelmaydimi? O‘z navbatida unga shu ishni bajarganlarni “Mahalla fidoyilari” deb gazetaga maqtab yozishimni qistirib qo‘ydim.

Buni qarangki, dam olish kuni hashar yo‘li bilan mahalladagi boshqa muammolar ham bartaraf etildi. Axlatdan tozalangan joyga manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladigan bo‘ldi, ko‘p qavatli uylar orasidan o‘tgan yo‘lak ta’mirlandi, bolalar o‘ynaydigan maydoncha epaqaga ketirildi!

Xalq dardini eshitishga muntazirmiz, deya muhtasham qabulxonalar tashkil etilgani naqadar olijanob ishdir. Endi shunga yarasha munosabatda bo‘lish, istiqbolli takliflar bilan kelish, muammolarni bahamjihatlikda hal etish maqsadga muvofiqdir. “Qars ikki qo‘ldan”, deganlaridek, davlatimizning xalq bilan muloqoti yo‘lidagi ulug‘vor sa’y-harakatlariga yarasha ish tutish har bir fuqaroning muqaddas burchiga aylanmog‘i lozim.

To‘lqin ESHBEK

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: