Tanish manzara
Deraza tarafdagi o‘rindiqda o‘tirgan bola ko‘chaga bir alanglab, so‘ng qo‘lidagi telefoniga tikildi. Ekranni paypaslaganicha, qandaydir o‘yinni o‘ynashga kirishdi. U tepasiga kelib to‘xtagan katta yoshli yo‘lovchini payqamadi ham.
Shu payt bolaning yonida o‘tirgan o‘rta yoshlardagi qiz o‘rnidan turib, amakiga joy berdi. Otaxon o‘rindiqqa o‘tirib, bolani diqqat bilan kuzata boshladi. Yigitcha esa hali ham telefonida berilib o‘yin o‘ynardi.
Amaki undan qiziqsinib so‘radi:
– Qanaqa o‘yin o‘ynayapsan, o‘g‘lim?
– Zombi, – boshini ko‘tarmay javob berdi bolakay.
Otaxon yana so‘radi:
– Zombi nima ekanini bilasanmi, o‘zi?
Yigit javob o‘rniga labini yo‘q ma’nosida uchirdi.
Bu orada avtobus bekatga kelib to‘xtadi. Bola boshini ko‘tarib, derazaga qaradi va o‘rnidan endi qo‘zg‘alayotgan amakini turtib, shoshgancha oldinga intildi. Nuroniy boshini chayqay-chayqay, u bilan izma-iz avtobusdan tushdi.
“O‘yinchi” bekat yonidagi maktab tomon yugurdi. Amaki ham unga ergashdi. Darvozaga yaqinlashgan bolakay telefonini sumkasiga yashirib, qadamini tezlatdi. Sal yurmay oldidan chiqqan kishini ko‘rib, “taqqa” to‘xtab qoldi.
– Nega darsga kechikib kelayapsan? Ayangga telefon qilganimda chiqib ketdi, deganiga bir soat bo‘ldi-ku!
– Kelayotuvdim, dada, avtobus sekin yurdi-da…
– Nima? Bu safar avtobus bahonami? Rostini ayt, qayerda eding?
–…
Shu paytda avtobusdagi amaki ularga yaqinlashdi. Bolaning otasi yuzi yorishganicha, otaxonga peshvoz chiqdi:
– Assalomu alaykum, keling, ustoz! Biz shogirdlarni bir yo‘qlay debsiz-da!
Keksa o‘qituvchi uning salomiga alik oldi. So‘ng avtobusdagi “tanish”iga jilmayib qaradi:
– O‘g‘lingizmi?
– Ha, o‘g‘lim, – dedi ota.
– Darsga kechikib kelayotganligining sababini sizga aytdimi?
Bola sekin boshini ko‘tarib, amakiga qaradi. Nigohida allaqanday hadik.
– Zombi nimaligini o‘g‘lingizga tushuntiring, O‘ktamjon! Biz avtobusda birga keldik, chindanam avtobus sekin yurdi…
Shunday deya keksa ustoz maktab binosi tomon yurib ketdi. Bir muddat uning ortidan qarab turgan ota o‘g‘lini qiyin-qistovga oldi:
– Yana ayangni telefonini oldingmi? Shundaymi? Sen chindan ham zombiga aylanib borayapsan!
Bola sumkasidan telefonni olib, indamay dadasiga uzatdi…
Xurshida ABDULLAYEVA