“Salomatlik” poyezdi – ezgulik elchisi
Mamlakatimizda aholi salomatligi, ayniqsa, sog‘lom avlodni tarbiyalash va voyaga yetkazish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar tahsinga loyiq. Yurtimizning olis chekka qishloq, tumanlarida ham qishloq vrachlik punktlari, tibbiyot muassasalari barpo etilib, mavjudlari qayta ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanayotgani, mutaxassis shifokorlarning malakasini oshirishda zamon talablari darajasida yondashilayotgani, barcha-barchasi el salomatligiga kamarbasta, g‘amxo‘r hukumatimizning yuksak e’tibori, olib borilayotgan ko‘lami keng islohotlarning samarasidir.
ytish joizki, bu borada yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlarining ham o‘z o‘rni, ulkan hissasi bor.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bir necha yillardan buyon aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga muruvvat yordamlarini yetkazish bilan bir qatorda, tibbiy patronaj xizmatlarini ham ko‘rsatib kelmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda yurtimizning ekologik jihatdan noqulay, chekka hududlariga yo‘naltirilgan “Salomatlik” poyezdi bilan bog‘liq tadbirlarning muntazam tashkil etilayotgani, aholining insonparvarlik yordamlari, bepul tibbiy xizmat bilan qamrab olinayotgani xayrli ishlar samarasining nechog‘li yuksak ekanidan dalolatdir.
Jamg‘arma tashabbusi bilan 2000 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka va ekologik jihatdan noqulay hududlariga 19 marotaba “Salomatlik” poyezdining safari uyushtirildi. Mazkur tadbirlar doirasida aholi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksionerlik kompaniyasining “Salomatlik poyezdi” hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tibbiy-ijtimoiy patronaj birgadasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bugunga qadar poyezd faoliyati davomida 62 248 nafar aholi tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan. Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay hududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘riklarni olib borishda zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik jarayonida aniq laboratoriya tahlillariga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda bemorlarga tashhis qo‘yiladi.
“Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tibbiy-ko‘rik bilan bir davrda aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida ham keng tushuntirish ishlarini olib boradi. Sog‘lomlashtirilishi zarur bo‘lgan fuqarolarga davolanish muassasalariga yo‘llanmalar beriladi.
“Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” “Go‘daklar” uylari, maxsus maktab-internatlari va tibbiyot muassasalariga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatiladi.
Safarlar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironlar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, muruvvat yordamlari manzilli yetkazib beriladi.
Rustam AHMEDOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri