Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyati muhokama qilindi
Joriy yilning 16 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida deputatlar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi rahbarlarining axborotini eshitdilar.
Muhokama davomida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratildi. Xususan, markazlar hamda birlamchi tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning keng qamrovli tizimi to‘liq tashkil etilmaganligi ta’kidlandi. Shuningdek, joylarda va markazlarning filiallarida malakali kadrlarga bo‘lgan talab dolzarbligicha qolmoqda. Xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish maqsadida respublika hududlarida mahorat darslarini muntazam o‘tkazish va ko‘paytirish, telemeditsina tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurati mavjud. Ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislarini xorijdagi yetakchi klinikalarda yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va xorijdagi markazlardan jalb etilgan mutaxassislar uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligi aytib o‘tildi.