Maftunbek madaddan mamnun

Farzand – orzular ibtidosi. Uning beg‘ubor, munchoqdek ko‘zlariga boqib, qalbda orzularingiz bo‘y cho‘zayotganini his etaciz. Shunda ko‘ngil entikib, go‘dakning qo‘llaridan tutganingizda shukuronalik tuyg‘usi vujudingizni egallaydi.

Navoiy viloyati, Nav­bahor tumani, Yangiobod mahallasida yashovchi Abduvahob aka Jumaboyev ham to‘ng‘ich farzandlari Maftunbekning dunyo yuzini ko‘rganida ko‘ngillari osmon qadar edi. Ehtimol, otalik baxtidan masrur bo‘lgan Abduvahob aka farzandini kelajakda Vatan bayrog‘ini yuksaklarda tutguvchi, el-yurt sharafini doimo alqaguvchi mashhur sportchi bo‘lib yetishadigan kunlarga umid bog‘lagan bo‘lsa, ajab emas.

Sport bilan muntazam shug‘ullanib borish insonda mardlik, shijoat hissini shakllantirib, jismoniy baquvvatlikni rivojlantiradi. Tumandagi 20-umumta’lim maktabida 17 yildan buyon jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib, bolalarga saboq berayotgan ­Abduvahob aka buni juda yaxshi anglagan holda farzandi Maftunbek bilan kichikligidanoq birgalikda turli mashqlarni bajarishga urinardi.

Ota farzandi bilan ilk mashq­larini bajarishayotganida negadir Maftunbek harakatlari biroz sekin, o‘ng oyog‘ining beo‘xshov bosishi esa otaning e’tiborini tortdi.

Farzandining sog‘lig‘idan tashvishga tushgan ota o‘g‘lini malakali mutaxassislar ko‘rigiga olib bordi. Tashxis: o‘ng oyoqdagi gigantizm.

Bola – qalb guli. Unga yetkazilgan ozor dilni jarohatlamay qo‘ymaydi. Qo‘yilgan tashxis Fotima opa bilan Abduvahob akani ham sarosimaga solib qo‘ydi. Ammo ota-ona farzandidagi dard­ni jimgina qabul qilishmadi. Uning sog‘lig‘i uchun harakat qilishdi. Doimo shifokorlar nazoratida bo‘lishdi.

Mamlakatimizda 20 yildan buyon o‘z faoliyatini olib borayotgan, ko‘plab xonadonlarga xayriya ko‘rsatib, insonlarga sog‘lik baxtini in’om etib, ko‘ngillarga obod­lik ulashayotgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jam­g‘armasining mintaqaviy filialiga 2008 yil yanvar oyida umid bilan murojaat qilishi ham Maftunbekning sog‘ayib ketishi yo‘lida tashlangan birinchi qadami bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmasdan o‘sha yilning iyun oylarida mamlakatimizga Germaniyadan tashrif buyurgan mutaxassislar ko‘rigiga Maftunbek ham jalb etildi. Natijada, bolakay Germaniyada davolanish uchun yo‘llanma oldi.

– Jamg‘armaga murojaat etgandan buyon, turli tashxis ila ko‘plab bolalar va ularning ota-onalari bilan muloqotda bo‘ldim. – deydi Maftunbekning otasi Abduvahob aka. – Ularning avvalgi va jam­g‘armaning ko‘magidan keyingi sog‘­lig‘ini ko‘rib, farzandimning butkul sog‘ayib ketishiga umidim yanada ortdi. “Sog‘lom avlod uchun” jam­g‘armasining ko‘magi bilan o‘g‘lim uch bora Germaniyada davolanib, bepul murakkab operatsiyalarni o‘tkazdi. Hozirda uning sog‘­lig‘i juda yaxshi.

Yana o‘qing:  YAGONASAN, muqaddas Vatanim

Endilikda Maftunbek jamg‘arma tomonidan zaruriy dori-darmonlar bilan ta’minlab turilishi bilan birga muntazam jamg‘arma nazoratida turadi.

Ezgulik dunyoni tutib turguvchi ulug‘likdir. Maftunbekni ham shirin orzular sari undagan ana shu ulug‘ kuch emasmikin?! Bolakayning aytishicha, kelajakda u mohir tarjimon bo‘lish niyatida ekan. Bu istak unda Germaniyaga borgan chog‘ida uyg‘ongan.

– Nasib qilsa kelajakda Germaniyaga davolanish uchun emas, balki butkul tuzalib, sayohat qilgani boraman – deydi Maftunbek qalbi to‘la orzular bilan.

Dunyoda eng katta yaxshilik bemor insonning sog‘ayishiga ko‘maklashishdir. Imkoniyati cheklangan bolajonlarga yordam qo‘lini cho‘zib, dardlariga davo bo‘lgan, shuningdek, ulkan orzular tuzishiga rag‘batlantirib, bu yo‘lda ilhomlantirish kabi ezgulikning mezoni bormi?!

Ana shunday xayrli yo‘lni tutgan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining ezgu yo‘li bardavom bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: