“Pol-pola” buyrak xastaliklari davosi
Buyrak xastaliklarini oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklar keng miqyosda ishlatiladi. Bunday dorivor o‘simliklarni diuretik o‘simliklar, ya’ni peshob haydovchi dorivor o‘simliklar deyiladi. Respublikamiz tabiatida bunday o‘simliklar ko‘plab uchraydi, chunonchi qush toron, qirq bo‘g‘im, ro‘yan, ittikanak va boshqa bir qancha o‘simliklar shular jumlasiga kiradi. Bundan tashqari peshob haydovchi dori vositasi sifatida tabobatda makkajo‘xori popugi, bodring (ayniqsa sarg‘aya boshlagani), ko‘katlardan ukrop va petrushkalar ham qo‘llaniladi. Ammo, buyrak hastaliklarini samarali davolaydigan dorivor o‘tlardan biri bu tukli erva ya’ni “pol-pola” bo‘lib, bu asosan tropik va subtropik mamlakatlarda, jumladan, Fillipin va Yangi Gviniyada yovvoyi holda keng tarqalgan.
Ilgarigi vaqtlarda tukli erva xom-ashyosi “pol-pola” nomi bilan Shri-Lankaning Kolumba shahridan sobiq Ittifoqning port shaharlariga oz miqdorida bo‘lsa-da yetkazib berib turilgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng dorivor o‘simliklar dexqonchiligiga alohida e’tibor berildi. Shu maqsadda Respublikamizda dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashgan Davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etildi. Mazkur xo‘jaliklarning maqsad va vazifalari asosan yovvoyi holda o‘sayotgan dorivor o‘simliklar tabiiy zaxiralarini saqlab qolish, floramizda tabiiy holda uchramaydigan, ammo tabobat uchun o‘ta zarur bo‘lgan ayrim dorivor o‘simliklar, ya’ni, makkai sano, qalampir yalpiz, moychechak, tirnoqgul, arslonquyruq, tukli erva – “pol-pola” va boshqalarni madaniy holda ekib o‘stirish va farmatsevtika sanoati extiyojlari uchun dorivor o‘simliklarni yetkazib berish va mustaxkam xom-ashyo bazasini yaratishdan iboratdir.
Tukli erva (Aerba lanata (L.) Juss.) – matinchdoshlar (Amarantaceae) oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simlik. Tukli erva rus tilida erva sherstistaya yoki “pol-pola” nomi bilan ham ataladi. O‘z vatanida ko‘p yillik o‘t sifatida toshloq va qumloq yalangliklarda, cho‘llarda va butazorlar orasida o‘sadi. O‘zbekiston sharoitida esa bu o‘simlik bir yillik o‘t o‘simlik sifatida yetishtiriladi. Ildiz tizimi chuqur emas 15-20smga yetadi. Poyasi yog‘ochlangan bo‘lib, o‘rtacha 70-75sm ni tashkil etadi. Barglari nashtarsimon-tuxumsimon yoki tuxumsimon-ellipissimon, uzunligi-2-3sm, eni-0.5-1.5sm, qisqa bandli, atroflari butun, uchki qismi o‘tkirlashgan yoki tumtoq bo‘lib, asosi ponasimon. Barglari poyalarda dastlab qarama-qarshi, keyin ketma-ket joylashgan bo‘lib, qo‘yi qismidagi dastlabki barglari yirikroq, yuqorilashgan sari maydalashdi. To‘pguli konussimon zich boshoq shaklida bo‘lib, qalin oqimtir tuk bilan qoplangan. Gullarining kattaligi 2mm, tashqi tomoni sertukligi tufayli kulrang-oqish tus oladi. Ichki tomoni esa och yashil rangli. Urug‘lari 0.6-0.8mm, qora yaltiroq rangli.
Yuqorida aytilganidek, “pol-pola”ning yer ustki qismlari tabobatda diuretik vosita sifatida ishlatiladi. Uning damlamasi buyrak va siydik yo‘llari hastaligi va prostata bezlarining shamollashini davolashda qo‘llaniladi. Hindiston va Neylon xalq tabobatida o‘simlik damlamasi buyrakdagi toshlarni eritishda, buyrak shamollash asoratlarini davolashda, organizmdagi gijjalar va har-xil gelmintlarni tushurishda ishlatiladi. Alohida ta’kidlash joizki, ayni paytda respublikamizning ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklari va ayrim fermer xo‘jaliklarida mazkur o‘simlik ekib o‘stirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyati Pop tumani, Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashgan Davlat o‘rmon xo‘jaligida, Respublikamizda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Mexri giyox”, “Asel” va “Oqtosh” kichik xususiy korxonalarida o‘simlik xom-ashyosi birinchi qayta ishlanib, 25-50gr li qadoqlanib dorixonalarda chiqarilmoqda.
“Pol-pola” o‘simligini ikki xil usul bilan o‘stirish tavsiya etiladi. Birinchi usul – agrotexnikasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan (albatta kuzda yaxshilab shudgorlagan, begona o‘tdan tozalangan, molalangan, chizillangan, tekislangan maydonlar tanlanishi talab etiladi) yerlarga oralig‘i 60sm qilib olingan egatlarga urug‘ sepish bilan amalga oshiriladi.
Mart oyi oxirlari va aprel oylarida 10kg/ga hisobida urug‘ sepiladi. Urug‘larning belgilangan maydonga to‘g‘ri taqsimlash maqsadida ularga teng hisobda qum, kul yoki kukun holidagi chirindi go‘ng aralashtiriladi va egatlar yuzasiga sepib chiqiladi. Urug‘ sepilgandan so‘ng, egatlar zahlatib sug‘oriladi va maysa hosil bo‘lgunga qadar tuproq yuzasi nam holatda saqlanib turiladi. Tuproq harorati 20-250 yetishi bilan aprel oyi oxiri va may oylari boshlarida maysalar kuzatiladi. Maysalar juda nozik bo‘lib, 3-4 juft chin barg hosil qilgandan so‘ng, qator oralariga ishlov beriladi.
O‘simlik maydoni vegetatsiya davomida 8-10 marotaba sug‘oriladi. Xar 2-3 marotaba sug‘orishdan so‘ng kultivatsiya o‘tkaziladi va qator oralari ketmon bilan chopiq qilinadi. Nihollarning oziqa maydonini to‘g‘ri taqsimlash va me’yorda rivojlantirish maqsadida ular (bir-biridan 10-15sm oraliqda xar bir uyada 2-3 tadan) o‘toq va yagona qilinadi hamda parvarish qilinadi.
Ikkinchi usul – bu pomidor, baqlajon, karam va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari kabi “pol-pola” ni ham issiqxonalarda ko‘chat usuli bilan yetishtirish mumkin. Ko‘chat yetishtirish 18-240 issiqxonalarda fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida amalga oshiriladi. Bunda 60-30sm o‘lchamli va balandligi 25sm li taxtachalardan yashikli joylar tayyorlanadi. Drenaj sifatida yashiklar tubiga mayda shag‘al va yirik donador qum solinadi. Uning ustidan oldindan 3x3x1 nisbatda tayyorlangan aralashma ( tuproq, chirigan go‘ng va qum) solinadi va urug‘lar sepiladi. Namlikni saqlash maqsadida sepilgan urug‘lar ustiga yog‘ich qirindisini 1-2mm qalinlikda sepish mumkin. 1m2 maydonga 50gr urug‘ sarflanadi.
Ekilgan urug‘lar har kuni guldon ( leyka) yordamida sug‘oriladi. Maysa hosil bo‘lgunga qadar yer usti nam holatda saqlanadi. Urug‘lar 8-10 kundan so‘ng unib chiqadi. Maysalarning namoyon bo‘lishi bilan sug‘orish soni asta kamaytirib boriladi va maysalar holitiga qarab haftasiga 2 marta sug‘oriladi. Bir juft barg o‘sib chiqqach maysalar bir-biridan 3-5sm oraliqda ko‘chirib ko‘rilarga (pikirovka qilinadi) o‘tkaziladi. 3-4 juft chin barglar chiqqandan so‘ng, ob-havo sharoitiga ko‘ra oldindan tayyorlab qo‘yilgan egatlarga 10-15sm masofaga ochiq dalalarga o‘tkaziladi.
O‘simlikning qulay o‘sishi va rivojlanishi uchun 1 ga maydonga 60-70 ming dona ko‘chat o‘tkazish samarali natija beradi sarflanadi. Ochiq yerlarga ko‘chat qilib ekilgan nihollar yuqorida ta’kidlab o‘tilgan agrotexnika qoidalariga binoan ishlov beriladi va parvarish qilinadi. O‘simlikning yer ustki qismi qiyg‘os gullab, urug‘lar pishib yetilgandan so‘ng qo‘l o‘rog‘i yoki boshqa o‘tkir tig‘li o‘rish moslamalari yordamida o‘riladi va yig‘ishtirib olinadi. Yer ustki qismining yog‘ochlanganligi sababli, ularni ho‘l holatda 5-10sm uzunlikda qirqish, soya va salqin shiyponlarda quritish maqsadga muvofiqdir.
Urug‘ olish uchun yaxshi o‘sib rivojlangan alohida maydonlar ajratiladi. Ajratilgan maydondan yig‘ib olingan xom-ashyo alohida to‘shalgan brezent va boshqa moslamalar ustida quritiladi. So‘ngra o‘simlik yanchilib elakdan o‘tkaziladi, urug‘lari olinadi va tozalanadi. Tozalangan urug‘lar bo‘z qopchalarga joylanib, uning ustiga yorliqlar yopishtiriladi. Xom-ashyo o‘simlikning yer ustki qismi, ya’ni poya, barg, boshoq va urug‘laridan iborat bo‘lib, och-kul rangli o‘ziga xos hid va ta’mga egadir. “Pol-pola” ni quritilgan, maydalangan yer usti qismlari va ayrim holatlarda ildizlari ham xom-ashyo sifatida ishlatiladi. Xom-ashyolar bo‘z qoplarga joylanib ustiga yorliq yopishtiriladi va maxsus omborxonalarda saqlanadi. Saqlanish muddati 2 yil.
M. Allayorov, E. Axmedov