350 dan ziyod shartnoma imzolandi
X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi yakunlandi.
«O‘zekspomarkaz»da 10-12 may kunlari bo‘lib o‘tgan yarmarkaning dastlabki natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 22 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 350 dan ziyod shartnoma imzolandi.
Joriy yilgi yarmarka vazirlik va idoralar, bank sektori, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklari, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, alohida ixtirochilarni jamladi.
Taqdimotlar bu yil o‘zgacha tarzda bo‘lib o‘tdi. Unda muammolarning aniq yechimiga qaratilgan g‘oyalarga keng o‘rin ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmakologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, fan va ta’lim sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 500 dan ziyod ishlanma, innovatsion g‘oya va loyiha namoyish etilgani buning yorqin dalilidir.
– Biz yarmarkada o‘nga yaqin taklif bilan ishtirok etdik, – deydi Namangan muhandislik-qurilish instituti o‘qituvchisi Odiljon Mallaboyev. – Misol uchun, topinambur ikkilamchi xomashyosidan tarkibida shakar miqdori kam va diyetik mahsulot ishlab chiqarishni takomillashtirish loyihasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgani bois hududiy yarmarkada 24 million so‘mlik shartnoma imzolangan edi. Bugungi yarmarka doirasida ham qator shartnomalar imzoladik.
Yarmarka doirasida tashkil etilgan III Toshkent xalqaro innovatsion forumida Germaniya, Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlar, Jahon banki, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari va ekspertlari ishtirok etdi.
– Germaniya Fan va ta’lim federal vazirligidan moliyachilar, olimlar va amaliyotchi yoshlar kelgan, – deydi Germaniya Federativ Respublikasining Fan va ta’lim federal vazirligi vakili Kristen Kinsler. – Bu yilgi taqdimotlarda bir-biridan qiziqarli va foydali ishlanmalarga guvoh bo‘ldik. Mazkur yarmarkadagi ishtirokimiz aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqadi degan umiddamiz.
Forum ishtirokchilari rivojlangan davlatlarning innovatsiya tizimlari va ushbu yo‘nalishdagi tajribalar, mamlakatimizda innovatsiya faoliyatini rivojlantirish istiqbollari, innovatsion iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishga doir masalalarni muhokama qildi.
Yarmarka ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin kooperatsiya aloqalarining yaqqol namunasiga aylandi va iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish, mamlakatimizning ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi yakunida qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindonlar taqdirlandi.
Sayyora ShOYEVA,
O‘zA muxbiri