Eng yaxshi biznes g‘oyalar saralandi
Termizda “Mening biznes g‘oyam” tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Markaziy bank va bir qator tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovda kasb-hunar kollejlarining 140 nafar bitiruvchisi o‘z biznes-rejasi bilan ishtirok etdi.
Tadbir doirasida yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha biznes loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Termiz shahridagi “Shindong-Spinning-Termiz” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasiga sayohat tashkil etildi.
Mutaxassislar tomonidan saralab olingan 40 ishtirokchining 1 milliard 300 million so‘m miqdoridagi istiqbolli biznes g‘oyalari viloyat miqyosida moliyalashtirishga tavsiya etildi. 12 nafar iqtidorli o‘g‘il-qiz tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.