Innovatsion g‘oya va texnologiya ilm-fan taraqqiyotining asosi

O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi va Iqtisodiyot vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan yarmarka korxonalar, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni  poytaxtimizda tashkil etilgan X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi misolida ko‘rish mumkin.

Bu yilgi yarmarkada an’anaviy besh yo‘nalish – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari va fan-ta’lim sohalari uchun 500 dan ortiq innovatsion g‘oya, texnologiya va loyiha namoyish etilayotir.

Hozirga qadar o‘tkazilgan yarmarkalar doirasida 4 ming 200 ga yaqin innovatsion g‘oya va texnologiya namoyish etilib, umumiy hajmi 144 milliard 100 million so‘m bo‘lgan 4 mingdan ortiq shartnoma imzolangan. Natijada qariyb 2 trillion 200 milliard so‘mga yaqin 62 nomdagi yangi seriyali mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, 59 shartnoma doirasida mahsulotlarning tajriba-sinov va sanoat namunalari yuzaga keldi. Shu bilan birga, yuzlab korxona, fermer xo‘jaligi va tadbirkorlik sub’yektlariga ilmiy va amaliy xizmatlar ko‘rsatilmokda.

X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ular o‘z ilmiy va amaliy ishlanmalarini namoyish etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Yarmarkada yosh olim va talabalar yaratgan 100 dan ortiq ishlanma namoyish etilmoqda.

Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsion forumini o‘tkazish mo‘ljallangan. Unda Germaniya, Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlar, Jahon banki, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari va ekspertlarining ishtiroki kutilmoqda. Forumning asosiy maqsadi dunyoda innovatsiya tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, innovatsiya faoliyatining rivojlanish holati, muammolari va istiqbollarini tahlil qilish, milliy innovatsiya tizimini shakllantirishda turli omillarning o‘rnini aniqlash hamda O‘zbekistonni innovatsion faolligi yuqori bo‘lgan hududga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.

X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida taklif etilayotgan ilmiy ishlanmalar bugungi davr nuqtai nazaridan dolzarbligi va qamrovining kengligi, aholi, ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlangani bilan ajralib turibdi. Unda fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari bilan texnologiya va ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolanmoqda.

 

 Navro‘z NORBOBOYEV

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: