Uyquning ozi ham ko‘pi ham zarar
– Men talabaman. Darsdan kelishim bilan o‘zimda kuchli charchoq sezib, uyqum keladi. Kun bo‘yi lohas bo‘lib yuraman. Bu holat keyinchalik salomatligimga jiddiy ta’sir qilmaydimi?
Anvar XUDOYBERDIYEV,
Talaba
Ushbu savolga poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 15-oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori Gulnora DADABOYEVA javob beradi:
– Inson salomatligi uchun uyquning ahamiyati nihoyatda katta. Ayniqsa, miyaning yaxshi ishlashi uchun bir kecha-kunduzda sakkiz soat uxlash lozim. Biz orom olganimizda tananing sezuvchanlik qobiliyati, yurak urishi susayib, barcha a’zolarimiz dam oladi. Odam miriqib uxlaganida uning miyasidagi va tanidagi zararli moddalar bosh miya qon tomirlaridan umurtqa pog‘onasi orqali chiqarib yuboriladi. To‘yib uxlamaslik orqali ana shu moddalar tanadan chiqib ketmaydi va turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Uyqu chala qolsa, kayfiyatingiz yomon bo‘ladi. Qon bosimi ko‘tariladi, bosh og‘rig‘i, ko‘z kasalliklari va eng achinarlisi, ikkinchi turdagi qandli diabet kasalligining yuzaga kelishini 45 foizga oshiradi.
Tokio universiteti olimlari uch mingdan ortiq insonda tajriba o‘tkazishdi. Ular kunduz kuni pinakka ketish sog‘liq uchun xavfli deb hisoblashmoqda. Bir soatdan kamroq vaqt mudroq holatda bo‘lishning zarari yo‘q, lekin bir soatdan ko‘proq davom etadigan chala uyquning organizmga ziyoni bisyor. Sababi bir soatdan keyin inson tanasi to‘la uyqu holatiga o‘tadi. Uyquning buzilishi tufayli esa aqliy va jismoniy faollik kamayadi va yuqorida ta’kidlaganimizdek, endokrin tizimda buzilishlar sodir bo‘ladi.
Doimiy ravishda to‘yib uxlamaslik oqibatida insonning fikrlashi 10 foizga yomonlashadi, eslab qolish qobiliyati pasayadi, voqea-hodisalarga munosabat bildirishi sekinlashadi.
Keragidan ortiq uyqu ham turli muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, semirish, tushkunlik, yurak xastaliklari va boshqa noxushliklarga sabab bo‘ladi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq uch oylik bo‘lgunga qadar 14-17,11 oylik go‘dak esa 12-15 soat uxlashi zarur. 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar 10 soatdan 13 soatgacha hordiq olishlari lozim. Maktab yoshidagi bolalarning bir kecha-kunduzlik uyqu me’yori 13 soatdan kam bo‘lmasligi, 14-17 yoshlar oralig‘idagi o‘smirlar 9 yoki 10 soat dam olishlari kerak. Balog‘at yoshi, ya’ni 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar esa 8-9 soatgacha uxlashi juda foydali. 26 va 64 yosh oralig‘idagilar ham yuqoridagi miqdorda uxlasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. 65 yoshdan yuqori bo‘lgan keksalar kun davomida 8 soat uxlashlari lozim.
Dilfuza JAMOLOVA yozib oldi.