Sog‘lom buyraklar faoliyati – hayot tayanchi

YOKI SIYDIK-TANOSIL A’ZOLARI KASALLIKLARINING BEPUSHTLIKNI KELTIRIB ChIQARISHI HAQIDA

Inson har tomonlama sog‘lom bo‘lsagina yashashga ishtiyoqi baland bo‘ladi. U jamiyatda o‘z o‘rnini tezroq topishga intiladi. Xalqimizda «to‘rt muchang sog‘lom bo‘lsin» degan maqol bejizga aytilmagan. Zero, odamning organizmi to‘rt xil mijoz (savdo, safro, qon va balg‘am)ning mutanosibligi tufayli sog‘lom bo‘ladi. Vujudimizdagi barcha a’zo va tizimlarning me’yordagi faoliyati muhim ahamiyatga ega. Quyida biz loviyasimon qo‘sh a’zo – buyraklar va umuman olganda siydik-tanosil a’zolari kasalliklari va bu xastaliklarning bepushtlikka olib keluvchi sabablari xususida O‘zbekiston Respublikasi bosh uronefrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor, “Shuhrat” medali sohibi ­Jumanazar Beknazarovga murojaat etdik.

– Ma’lumki, urologik xastaliklar xususida tabobat ilmi sultoni, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham o‘z ilmiy asarlarida to‘xtalib o‘tgan. Qadimdan qanday urologik kasalliklar ma’lum edi?

– Abu Ali ibn Sino o‘zining asarlarida urologik xastaliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot bergan. Chunki, bu xastaliklardan biriga duchor bo‘lgan bemorda buni yashirishning yoki uning belgilaridan birini aytmaslikning iloji bo‘lmagan. Masalan: jigar, yurak, taloq, ichakning ko‘pgina xastaliklari, xafaqonlik nisbatan uzoq davr mobaynida yashirin kechadi. Bu kasalliklarning ilk belgilari to‘g‘risida bemor tabibga murojaat qilmay yurishi mumkin. Urologik xastaliklar esa tana haroratining oshib, holsizlik boshlanishi yoki qattiq sanchiq haddan ortiq bezovta qilishidan xasta kishining tabibga murojaat qilmaslikdan boshqa iloji qolmaydi.

Buyrakdan siydik nayiga tosh tushganida, qovuqda tosh turib qolganida yoki siydik kanaliga tosh tiqilganida qattiq sanchiqli og‘riq ularni holi-joniga qo‘ymaydi. Shu sababli ham tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino siydik-tosh kasalligining ilk belgilari, asoratlari hamda davolash usullarini o‘z ilmiy asarlarida batafsil yoritadi.

Demak, ulug‘ tabib yashagan davrda buyrak, qovuqda tosh paydo bo‘lishi eng ko‘p tar­qalgan xastalik bo‘lgan. Bu xastalikning klinik manzarasi, uning qaysi holatlarda hamda asoratlarida qanday namoyon bo‘lishi shunday batafsil yozilganki, hatto hozirgi zamonda ham shu yozilgan so‘zlarga biron satrni qo‘shishning iloji yo‘q. Ushbu kasalliklarga tibbiy asbob-uskunalarsiz, peshob tahlilisiz dardga aniq tashxis qo‘yish uchun haddan tashqari zukko tafakkur egasi bo‘lmog‘i zarur. Eng muhimi toshning joylashgan o‘rniga e’tibor qaratgan holda davolash usullari shunday mukammal yozilganki, o‘qib hayratda qolasiz. Ma’joziy ma’noda tibbiyot fanining otasi hisoblanmish Gippokrat “qovuqdagi toshni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf qilishga urinish aqliy telbalikdan boshqa narsa emas”, deya uqtirgan dardni ibn Sino nishtar yordamida muolaja qilgan.

Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida urug‘don istisqosi, har xil turdagi dabba (churra)lar, buyrak va qovuqning yallig‘lanish kasalliklari, siydik kanali (uretra) toraymalari, qovuq saratoni, kert­mak varag‘ining kasalliklari, jinsiy ojizlik turlari va shu dardlarni davolash usullari mohirona hamda o‘ta bilimdonlik bilan yozilgan. Tashxis qo‘yish borasida alloma hozirgi zamonning har qanday yetuk urologi bilan bellasha olgan bo‘lur edi. Chunki, ulug‘ bobomizda texnitsizm, ya’ni aksari hollarda texnika vositalariga butunlay tayanish emas, balki klinik fikrlash hamda tahlillash xususiyatlari o‘ta darajada yuksak edi.

– Odamning yosh xususiyatlariga qarab, anatomo — fiziologik jihatdan qanday urologik xastaliklar uchraydi?

– Urologik xastaliklar tug‘ma hamda orttirilgan bo‘ladi. O‘g‘il va qiz bolalarga hamda katta yoshdagilarga xos, jinsga oid urologik xastaliklar farq qilinadi. Qovuq old devorining shakllanmasdan orqa devorining qorindan tashqariga chiqib qolishi (qovuq ekstrofiyasi), uretra old yoki orqa devorining hosil bo‘lmasligi(gipospadiya, epispadiya), uretra klapanlari — tug‘ma xastaliklar bo‘lib, o‘g‘il bolalarda ham, qiz bolalarda ham uchraydi. Urug‘donning yorg‘oqqa tushmay qolishi(kriptorxizm), urug‘don atrofida suyuqlik to‘planishi (urug‘don istisqosi), kertmak varaqlarining yallig‘lanishi (balanit yoki balanopostit), kertmak torayishi(fimoz), urug‘ tizimchasi vena qon tomirlarining kengayishi ( varikotsele) faqat o‘g‘il bolalarda uchraydi. Tuxumdon kistalari, qin va bachadon norasoliklari, bachadon naychalari hamda shokilalari anomaliyalari qiz bolalarga xos tug‘ma kasalliklardir. Ayollarda ko‘proq jinsiy a’zolar va siydik chiqarish tizimi yallig‘lanish jarayoni, erkaklarda esa aksari hollarda nasl (prostata) beziga xos kasalliklar ko‘proq uchraydi.

Yuqorida yozilgan kasalliklar, yallig‘lanishga oidlaridan tashqari, deyarli barchasi operatsiya yo‘li bilan bartaraf etiladi. Ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda urologiyaga oid tug‘ma norasoliklar, nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda bundan 40-50 yil avvalgiga nisbatan 4-5 baravar ko‘paydi. Shu munosabat bilan rivojlangan mamlakatlarda shu norasoliklar bilan maxsus shug‘ullanadigan ixtisoslashgan markazlar tashkil qilingan, qilinmoqda va bizning yurtimizda ham bunga ehtiyoj bor, imkoniyat yetarli.

Yana o‘qing:  “IXLOS XALOS”mi?

Hozirgi paytda urologiyaning eng dolzarb muammolaridan biri nasl(prostata) bezining hajm jihatidan kattarishi yoki xavfsiz giperplaziyasi(adenoma)sidir. Shu borada qiziq va muhim faktni o‘quvchilar hukmiga havola etmoqchi edim. Ulug‘ hakim Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida nasl bezining bu kasalligi to‘g‘risida yozmagan. Agar o‘sha davrlarda hozirgi payt­dagiday adenoma ko‘p uchraganida, bu holat buyuk allomaning nazaridan chetda qolmagan bo‘lardi.

Endi savol tug‘iladi, xo‘sh hozirgi payt­ga kelib bu xastalik nega ko‘paydi? Shu yerda bir hayotiy misol keltiray. Bizning “Oqguzar” qishlog‘imizdan Shahrisabz shahrigacha bo‘lgan masofa 40 chaqirimdan ortiq. Mening tog‘am turmush tashvishlari tufayli 50 yoshdan o‘tgan mahalida ham shu masofani bir kunda bosib o‘tar ekan.

Demak, transport vositalari rivojlanmagan davrlarda yo‘l muammosi piyoda yurish, eshak, ot, tuya minish vositalarida hal etilgan va bu jarayonda tos a’zolarida qon aylanish haddan tashqari yuqori va jadal bo‘lgan. Ayni mahalda prostata bezi ham qon bilan yaxshi ta’minlangan. Xullas, adenomaga sabab bo‘ladigan omil yuzaga kelmagan. Hozirgi paytda 50 metr nariga ham yumshoq kursili mashinada borishni odat tusiga kiritganmiz. Kam harakatlilik, ya’ni gipodinamiya bizning asrimizda zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan jiddiy muammoga aylandi. Axir, unutmaslik lozim, hatto homila ham ona qornida har xil harakatlar qilib, kelgusi hayotiga zamin yaratadi. Xulosa shuki, harakat nasldan-naslga o‘tuvchi, tug‘ma va orttirilgan kasalliklarni keskin kamaytirib, salomatlikni mustahkamlovchi muhim omildir.

– Siydik-tanosil a’zolari kasalliklari va nuqsonlarining jinsiy hayotga ta’siri xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Pala-partish jinsiy hayot qanday salbiy oqibatlarga olib keladi?

– Siydik-tanosil a’zolari va nuqsonlarining jinsiy hayotga bo‘lgan ta’siri salbiy va haddan ziyod katta. Ularning eng muhimlariga to‘xtalmasdan ilojimiz yo‘q. Urug‘don qorin bo‘shlig‘ida, chov kanalida yoki undan sal chiqib yorg‘oqga tushmasligi kriptorxizm deb ataladi. E’tibor qiling, maboda kriptorxizm ikki taraflama bo‘lib, operatsiya yo‘li bilan bartaraf etilmasa 95 foiz, agar bir taraflama-yu, biroq, vaqtida yorg‘oqqa tushirilmasa 45 foiz hollarda bepushtlik ro‘y beradi. Axir, bu fojia-ku!

Kriptorxizm kasalligida go‘dakni 8 oyligidan 1 yoshgacha bo‘lgan davrda operatsiya qilish zarur. Jarrohlik amaliyoti shu yoshdan kechiksa, vaqt o‘tgan sari kelajakda sodir bo‘ladigan bepushtlik geometrik jadallik bo‘yicha o‘saveradi. Gipospadiya va epispadiya kabi norasoliklar esa bolaning ongi to‘liq shakllanmasdan oldin bartaraf etilsa, bemorlar o‘zlarini boshqalardan past ko‘rishi, iymanishi, kamchiligi borday sezishi kabi salbiy ruhiy o‘zgarishlar vujudga kelmaydi. Mabodo urug‘don istisqosi o‘z vaqtida operatsiya qilinmasa 5 foizgacha bepushtlik ro‘y beradi. Qiz bolaning jinsiy norasoliklarining turi va darajasiga qarab 6-8 yoshigacha bartaraf qilinishi shart, toki ular onalik baxtidan mahrum bo‘lmasin.

Xullas, har bir dardni o‘z vaqtida aniqlash, bartaraf etish, eng avvalo ota-onalarning, tug‘ruqxona shifokorlarining va bolalar xirurglarining muqaddas vazifasi hamda burchidir

Jinsiy hayot Alloh tarafidan insonga hadya etilgan oliy mo‘jiza! Mo‘jiza esa muqaddas. Muqaddas vazifani esa ma’sullikni his etgan holda halol burch bilan ado etmoq lozim. Uni xor qilmaslik, toptamaslik shart. Bu aksioma, ya’ni isbot talab qilmaydigan amal. Nafsilambir aytganda, asosan noto‘g‘ri tarbiya hamda ba’zi bir kattalar “qiziqib” qaraydigan behayo kadrlarga e’tibor jinsiy jihatdan endi yetilib kelayotgan o‘smir qiz va yigitlarda me’yorga xos bo‘lmagan nopok hirs­ni uyg‘otadi va so‘ngra qitiqlaydi. Bu kabi his-tuyg‘u esa xasta istakni paydo qiladi, orzu-havasni cho‘loqlaydi. Yuksak niyatlarni nimtalaydi, maqsadlarni parchalaydi. Bu esa ularning kelajagi xazon bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu qing‘ir his qanchalik darajada ko‘proq ro‘y beraversa, amalga oshirilaversa, avvalgisidan qoniqmaslik hissi shunchalik tubanlashaveradi. Pirovardida, nopok va egri ko‘ngil oldingisidan boshqacharoq his-tuyg‘uni tusayveradi. Oqibatda me’yorga mutlaqo xos bo‘lmagan jirkanchlikka mubtalo kimsalar paydo bo‘ladi. Aksari hollarda jinsiy ojizlik vujudga kelib, buzuq niyatli kimsalar o‘z shahvoniy hissini xunuk usullar va vositalar bilan qondirishga o‘tadilar. G‘arb mamlakatlarining ba’zi birlarida boshqa jins vakillarining kiyimida restoranlarga borish, besoqolbozlar namoyishi, bir jinslilar nikohiga ruxsat berish bu aytilganlarning yaqqol isbotidir.

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA hamisha e’tiborda, e’zozda

Hali-hali esimda. Biz 4-sinfda o‘qiganimizda 2-sinf o‘quvchilarini bir partaga bir o‘g‘il-bir qiz bola o‘tirishga majbur qilishgandi. O‘shanda o‘g‘il-qizlarning qanday iztirob bilan yig‘laganlarini bir tasavvur qiling! Biz uchun bu juda antiqa, qiziq, quyushqondan chiqqan hodisa edi. Chunki, biz oliy o‘quv yurtiga kelganimizgacha bir partada o‘g‘il-qiz bola o‘tirmaganmiz. Yashirib nima qildik: hatto institutda o‘qigan davrimizda ham qiz bola bilan yonma-yon o‘tirish biz uchun bir orzu edi! Bizning qizlar to‘g‘risidagi barcha fikrimiz ko‘zguday tiniq, buloq suviday shaffof, olmosday toza edi!

Yoz pallasida cho‘milish havzasiga tog‘ qishloqlaridan birida o‘sgan o‘spirin yigitchani olib keling-a, u bu yerdagi manzaradan og‘zi ochilib, anqayib, “Nahotki!?..” deya, nima qilishini bilmay kalovlanib qoladi.

Xullas, jinsiy munosabatlar haqidagi quloqqa eshitiladigan va ko‘zga ko‘rinadigan informatsiyalar qanchalik ochiq, ko‘p va behayo bo‘lsa, shahvoniy his o‘shanchalik darajada pasayaveradi va jinsiy ojizlik o‘zining yuqori nuqtasiga tobora yaqinlashaveradi.

Pala-partish jinsiy hayot esa birinchidan, turmush tashvishlarini yanada orttirib, shunchaki umr kechirishga aylanadi, xolos. Ikkinchidan, jinsiy kasalliklarga duchor bo‘lish odatiy holga aylanadi. Ya’ni, so‘zak, zaxm, xlamidioz, trixinellyoz, odam immuntanqisligi virusi (OIV), orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) kabi xastaliklarga chalinish oson. Ularning soni anchagina, asoratlari ham jiddiy. Bu endi alohida mavzu…

– Hozirda shiddat bilan rivojlanayotgan texnika asrida “sotka” (uyali aloqa vositalari) va kompyuter, peyd­jerlardan ko‘pchilik erkaklarning haddan ziyod ko‘p foydalanganliklari qanday salbiy oqibatlarga olib kelmoqda?

– Har bir narsada me’yor bo‘lgani ma’qul. Agar zahar ham me’yorida ist’yemol qilinsa dori, asal me’yoridan ortiqcha bo‘lsa, zaharga aylanishi hech gap emas. Rent­gen nurlarining ortiqchasi organizm hujayralari uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi ma’lum. Ultratovush to‘lqinlari, uyali aloqa vositalari, kompyuterlardan chiqayotgan to‘lqinlar ham organizm hujayralari uchun begona. Masalan, zangori ekrandan necha metr uzoqlashganda, ularning nur to‘lqinlari salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi hisoblab chiqilgan. Ultratovush to‘lqinlarining ortiqchasi qondagi qizil qon tanachalarida orqaga qaytmas salbiy o‘zgarishlarga olib kelishi, ayniqsa uning homilaga jiddiy manfiy ta’sirga ega ekanligi olimlar tarafidan allaqachon isbotlab berilgan.

Qo‘l telefonlaridan chiqayotgan to‘lqinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri quloq pardasi orqali miya hujayralariga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Shu sababli ham miya hujayralarining bajaradigan vazifasidan izdan chiqishlar, hatto to‘lqinlanish va nurlanish oqibatida yomon sifatli o‘sma (rak) paydo bo‘layotgani haqidagi xabarlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Shu sababli ham qo‘l telefonlaridan foydalanadiganlar gaplashib bo‘lganlaridan keyin quloqlarida shan­g‘illash, kalla suyaklari ichida qandaydir signal tovushlari vaqtincha eshitilayotganiga e’tibor berishlari lozim. Asosiysi, qo‘l telefonlaridan faqat zarur gaplarni so‘zlashgan ma’qul. Mayda-chuyda, arzimas gap-so‘zlarni aytib vaqt o‘tkazish bilan aslo shug‘ullanmaslik lozim. Kompyuterda foydalanishda ham me’yorni ushlash shart.

– Ushbu elektrotexnika vositalaridan chiqadigan nurlanishlar spermatogenezga qanday ta’sir etadi?

– Endi arqonni uzun tashlaylik va mulohaza qilaylik. Urug‘donda ikki xil: Sertolli va Sharko-Leydig hujayralari mavjud. Sharko-Leydig hujayralari testosteron moddasini ishlab chiqaradi. U erkakning erkakligini namoyon qiladigan gormon. Sertolle hujayralari esa tirik hujayralar-spermatozoidlar yetishtiradi. Spermatozoidlar tuxum hujayra bilan birikib, homilani vujudga keltiradi. Qizil qon tanachalari xuddi shu hujayralarga kislorod yetkazib, modda almashinuv jarayonining me’yorda kechishini ta’minlaydi. Agar qizil qon tanachalarida salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘lsa, ular Sertolli va Sharko-Leydig hujayralarini yetarli ravishda kislorod bilan to‘liq ta’minlay olmasligidan shu hujayralarda kislorod tanqisligi ro‘y beradi. Oqibatda testosteron yetishmasligidan erkak mijozi sustlashadi. Ayniqsa, kislorodga juda sezgir Sertolli xujayralari spermatozoidlarni risoladagiday yetishtira olish qobiliyatidan mahrum bo‘ladi. Oqibatda spermatozoidlar quvvatsizlanadi. Ularning harakati kamayadi, oqibatda tuxum xujayra qobig‘ini yorib o‘ta olmaydi. Yohud ularning harakati mutlaqo yo‘qoladi. Mana shu sababli ham oxirgi yillarda saksonvoy, yetmishvoy, ellikvoylar tug‘ilishini qo‘ya turaylik, balki qirqvoylar soni ham haddan tashqari kamayib ketdi. Buni albatta, turmush tarzi bilan ham bog‘lash mumkin. Biroq, ilmiy-texnika rivojlanishining salbiy ta’sirini ham butunlay inkor qilish aslo mumkin emas.

Yana o‘qing:  Teri oqarishi va uyquchanlik kamqonlik belgisimi?

Spermatogenez murakkab va jiddiy jarayon. Urug‘don hujayralari ma’lum haroratda(35.5-360S) va atrof-muhitdan hech qanday salbiy ta’sir va bosim hamda to‘siq bo‘lmagan taqdirdagina o‘z me’yoriy vazifasini to‘liq bajaradi. Atrof-muhit harorati 360S dan past bo‘lsa, urug‘donni ko‘taruvchi mushaklar(kremaster) qisqarib, urug‘donni yaqinlashtiradi va u qo‘shimcha issiqlik oladi. Maboda harakat yuqori bo‘lsa, bu mushaklar bo‘shashadi, urug‘don tanadan uzoqlashadi, tomirlari kengayadi va atrofga ortiqcha issiqlik ajratadi. Demak, yorg‘oq urug‘don hujayralarining me’yorida ishlashini ta’minlovchi mustahkam qo‘rg‘on. Elektrotexnika vositalaridan kelayotgan nurlanish mana shu o‘ta nozik jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uni izdan chiqaradi.

– Urologik kasalliklarni davolashda shifokor deontologiya qoidalariga amal qilgan holda bemor shaxsini hurmat qilib muomala qilishi zarur. Bu borada bo‘lajak shifokorlarga tavsiya­laringiz…

– Har bir inson urologik kasalliklarga o‘zi istab duchor bo‘lmaydi, xohlamaydi ham. Bolalar tug‘ma kasalliklari to‘g‘risida ota-onalar bilan suhbatlashayotganda muomala madaniyatiga alohida e’tibor bermoq shart. Chunki, norasolik qanday bo‘lmasin, uning vujudga kelishida ota yoki ona o‘zini yohud bir-birini aybdor sanashi mumkin. Qaynota yoki qaynona kelinni yoki kuyovni aybdor deya kinoya gaplarni ayt­ishi ham ehtimoldan xoli emas. Agar siz o‘zi yuragi bezillab, achishib turgan insonning hamiyatiga o‘ylamay aytilgan so‘zlar bilan tuz sepib yuborsangiz, oilaning mustahkam poydevoriga darz ketishiga sababchi bo‘lishingiz turgan gap.

Orttirilgan urologik kasalliklarga chalingan bemorning qalbi yaralangan, bir necha o‘n marta pushaymon bo‘lib, o‘z aybiga iqror bo‘ladi. Ayni shu paytda unga qo‘pol muomala qilsangiz “o‘lganning ustiga tepgan”day bo‘lasiz. Va uning shu kasaldan tuzalishiga bo‘lgan ishonchini barbod qilasiz. Balki er-xotin o‘rtasida keskin sovuqlik paydo bo‘lishiga zamin yaratasiz. Agar yuqoridagi hodisalar siz tufayli ro‘y bergan bo‘lsa, bu tibbiy intizomsizlikning natijasi. Shuning uchun bemorning yoshidan va kim bo‘lishidan qat’iy nazar uning kelajagini o‘ylab, to‘laqonli ijtimoiy vakil bo‘lmog‘ini ko‘zlab, muomila madaniyatining eng nozik usullarining ham muvofig‘ini qo‘llash maqsadga to‘g‘ri keladi.

– Siydik-tanosil a’zolari xastaliklarini xalq tabobati usulida ham davolasa bo‘ladimi?

– Aslida, hozirgi zamon tibbiyoti xalq tabobati poydevori ustiga qurilgan ust­qurma. Xalq tabobatida qo‘llaniladigan muolaja usullari bir necha yuz, balki ming yillar mobaynida ming chig‘iriqli sinovdan o‘tgan, amaliyotda isbotini topgan. Masalan, buyrakdagi toshni eritish uchun yovvoyi sabzi urug‘i, turp urug‘i, bo‘ymadoron, ro‘yan, qush tili, qushtaron, loviya po‘stlog‘i damlamalari keng qo‘llanilgan va bu giyohlar ta’siri jihatdan zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan dorilardan hech biri qolishmaydi. Urologik yallig‘lanish kasalliklarida qirqbo‘g‘im ildizi, gulxayri ildizi, moychechak, dalachoy damlamalari o‘z ta’siriga ko‘ra tahsinga sazovor. Nasl bezi adenomasida oshqovoq urug‘i mag‘zi juda yaxshi yordam beradi. Faqat buning uchun aniq tashxis asosida shunga aynan muvofiq keladigan malham va shifobaxsh giyohlarni to‘g‘ri tanlay bilmoq lozim, xolos.

– O‘zbekistonda urologik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarda qanday jarrohlik amaliyotlari qo‘llanmoqda?

– Hozirgi paytda urologik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalar kasalliklarini bartaraf qilish borasida bolalar jarrohlari tomonidan fanning eng so‘ngi yutuqlariga tayanilgan holda xirurgiya amaliyotlari qo‘llanilmoqda. Masalan, urug‘ tizimchasi tomirlari kengayishi, urug‘donning o‘z joyiga tushmasligi, qizlarda shokila va tuxumdon naychasi, tuxumdon kistalari, buyrak kistalari kabi kasalliklar operatsiya yo‘li bilan emas, balki 3.0-5.0 mm. li teshik ochish (endoskopik yo‘l) bilan bartaraf etilmoqda. Gipospadiya va epispadiya norasoliklari avvalgidek 3 marta emas, balki 1 marta operatsiya qilinmoqda. Buyrak-jom kosacha tizimi kengayib ketishiga sabab bo‘ladigan piyeloureteral segment xastaliklari (gidronefroz) deyar­li asoratsiz voronkasimon usul bilan bajarilmoqda. Bu sohada maqtansa arzigulik muvaffaqiyatlarimiz bor. Uretra klapanlari, qovuqdagi toshni olish usullariga Rossiya, Germaniya, Amerika olimlari ham tan berishdi. Yutuqlarimiz anchagina. Biroq, tinmay ilmiy izlanishda bo‘lmog‘imizni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: