Stol tennisi
Har qanday sport turi insonning ruhiy hamda jismoniy salomatligini mustahkamlaydi. Qolaversa, ba’zi sport yuklamalari o‘zining hammabopligi, kamxarjligi bilan alohida ajralib turadi. Ana shunday sport turlaridan biri stol tennisidir.
Saida MAHMUDOVA, terma jamoa bosh murabbiyi, “Do‘stlik” ordeni sohibi:
– Stol tennisi anjomlari to‘r, raketka va koptokchadan iborat. O‘yin mohiyati koptokchani raketka yordamida to‘rning u tarafidan bu tarafga o‘tkazishdan iborat. Bu o‘yin bilan proffesional yoki uy sharoitida ham shug‘ullanish mumkin.
Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgani uchun dunyo miqyosida stol tennisi bo‘yicha muntazam musobaqalar o‘tkaziladi. Qolaversa, yurtimizdagi uch bosqichli sport o‘yinlari dasturiga ham ushbu sport turi kiritilgan.
Bugun Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan barpo etilgan sport maktablari hamda mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari stol tennisi jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan. Bunday yuksak e’tibor natijasida ushbu sport turi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari bugun mintaqaning kuchli o‘ntaligida e’tirof etiladi.
Bu sport turida yosh chegaralari mavjud emasligi, jarohat olish ehtimoli kamligi, uning ommaviyligini ta’minlaydi. O‘yin jarayonida sportchi doimiy harakatda bo‘lib, qo‘l oyoqlarning chaqqonligi ortadi, tezkor fikr yuritishga, e’tiborli bo‘lishga odatlanadi. Qish oylari sport zallarida, yozda esa ochiq havoda u bilan mashq qilish mumkin.
Shahlo QURBONOVA, shifokor:
– Stol tennisi bilan shug‘ullanish jarayonida qo‘l-oyoq mushaklari baquvvatlashadi, yurak qon-tomir tizimi mustahkamlanadi. Mutaxassislar ko‘rish qobiliyati pasaygan hamda qon bosimi ko‘tariladigan (gipertoniya bilan kasallangan) bemorlarga bu sport turi bilan mashq qilishni tavsiya etishadi. Inson o‘yin jarayonida turli noxush hayollardan chalg‘ib, ijobiy hissiyotlarga beriladi. Stol tennisi bilan oila davrasida, dam olish maskanlarida shug‘ullanish mumkin. Yosh bolakaylardan tortib, katta yoshli insonlar ham jajji koptokchani kuzatib, raketka ustasi darajasiga yetishlari mumkin.
Stol tennisi kam harakatlilikni oldini olib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishda yordam beradi. Shuning uchun uzoq vaqt o‘tirgan yoki kompyuter oldida ishlaydiganlarga bo‘sh vaqtlarida (masalan, tushlik tanaffuslari paytida) stol tennisi bilan shug‘ullanish umumiy jismoniy holatlarini yaxshilashda yordam beradi.
Yulduz ORTIQOVA