Kechirasiz, ro‘yxatdagi dorilar bormi…?
Farzand dunyoga kelgan kun har bir ota-ona uchun eng quvonchli damlardir. Feruzaxon ham ko‘zi yorib, jigargo‘shasini bag‘riga bosar ekan, Yaratganga shukronalar keltirdi.
Ko‘p o‘tmay, farzandining kechalari tez-tez bezovtalanib, uxlolmay chiqishi yosh onani jiddiy tashvishga soldi. Muntazam olib borilgan tibbiy ko‘riklardan so‘ng chaqaloqqa kalla ichi gipertenziyasi tashxisi qo‘yildi. Mutaxassisdan kerakli ko‘rsatmalar olingandan so‘ng davolash jarayoni boshlandi.
Nevrologik muolajalar oylab davom etishi bois, dorilar o‘z vaqtida olinishi talab qilinadi. Xastalikning jiddiyligi ham shu bilan belgilanadi. Lekin ayrim dori vositalarini topish mushkulligi, Feruzaxonning qiyinchilik azoblarini ikki hissa oshirdi. Qolaversa, narx-navoning nomutanosibligi ham turli muammolarni keltirib chiqardi. Noiloj qolgan ota-ona farzandi uchun ikki baravar baland narxda bo‘lsa ham kerakli dorilarni sotib olishga majbur bo‘lishdi.
Yuqoridagi muammolar qurshovida qolgan ko‘pgina oilalar bilan suhbatlashib, bu masala yuzasidan fikr almashish maqsadida nevropatolog huzuriga bordim. Navbatda turgan ona va bolalarning oxiri ko‘rinmaydi. Onalar kutish asnosida turli mavzularda suhbatlashishadi. Ayniqsa, suhbat eng muhim mavzu – dori-darmonlarga kelganda yanada qiziydi.
Ularning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda ko‘pgina ota-onalar nevrologik dorilarning qimmatligidan aziyat chekishmoqda. Hatto, ro‘yxati chiqqan, ma’lum narx belgilangan dorilarning ham ustiga qo‘yib sotish holatlari uchrayotgani, yanada achinarlidir.
– Kundalik hayotda nevrologik dori sotib olish uchun dorixonalarga tez-tez murojaat qilamiz. Shunday kezlarda ayrim dori vositalarining juda qimmat narxlarda sotilayotganligi, bizni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Afsuski, ko‘p hollarda, hatto ro‘yxati tasdiqlangan farmatsevtik mahsulotlarni ham ko‘rsatilgan narxlarga nisbatan qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo‘lmoqdamiz. Bu masala yuzasidan dorixona xodimlari bilan tortishgan paytimiz ulardan “Olsangiz shu, olmasangiz o‘zingiz bilasiz” qabilidagi gaplarni eshitamiz, – deydi Olmaliq shahrida yashovchi Munojaat Karimova.
Ikki yildan buyon farzandi nevrologik xastalik bilan og‘riyotgan qashqadaryolik Hulkar Qudratova ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
– Farzandim og‘ir kasallikdan aziyat chekadi. Ma’lumki, xastaliklar uzoq vaqt davolanadi va shunga yarasha muolajalar qilinadi. Lekin dori vositalarining qimmatligi, muammolarimizni ikki hissa oshirmoqda. Narxlar borasida hatto, poytaxt bilan viloyat orasida katta farq bor.
Masalan, Toshkentda valproat kislota dori vositasi 50 ming so‘m bo‘lsa, Qashqadaryoda bu preparat 65-72 ming so‘m narxda sotilmoqda.
Bu bizga kerak bo‘ladigan birgina dorining narxi xolos. Farzandimning tuzalishi uchun bundan tashqari yana bir nechta dorilarni sotib olish lozim. Oylab, yillab davom etadigan muolajalarga qancha pul sarflashimizni endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring.
Ota-ona borki, farzandi salomatligini har narsadan ustun qo‘yadi. Buning uchun hech narsani ayamaydi. Biroq, yemay-ichmay, asosiy mablag‘ini jigargo‘shasining sog‘lig‘i uchun sarflayotgan bunday oilalar keyinchalik mushkul vaziyatga tushib qolishlari hech gap emas.
– Barchangizga ma’lumki, yaqinda tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar ro‘yxati e’lon qilindi. Biroq, bu ro‘yxatdan aynan bolalar nevrologik kasalliklarida ishlatiladigan dori vositalari kamchilikni tashkil etadi, – deydi ToshPTI klinikasi qoshidagi konsultativ diagnostik poliklinikasi bolalar nevropatologi Jamshid Saidov. – Yurtimizga nevrologik xastaliklarni davolashda qo‘llaniladiganlarning 90 foizi chetdan kirib keladi. Agar o‘zimizda ham shu kabi farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, o‘ylaymanki, muammolar o‘z yechimini topadi. Bir o‘ylab ko‘ring, epilepsiya-tutqanoqqa qarshi dorilarni bemor besh yil va undan ko‘proq muddatda qabul qilishi lozim. Ushbu xastalikni davolashga yordam beradigan ayrim dori vositalari esa, hatto 500 ming so‘m turadi. Bu esa har qanday oilaga og‘irlik qiladi. Biroq, nevrologik kasalliklar shunday xastalikki, bunda hech bir vaziyatni istisno qilib bo‘lmaydi. Har bir dori vositasini o‘z vaqtida, aytilgan muddatda qabul qilish zarur.
Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Ushbu hujjatga ko‘ra 2017 yilning 1 yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foiz, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Yana bir yangilik shundan iboratki, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etiladigan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.
Biroq, hukumatimiz tomonidan qat’iy belgilangan tartib, nizomlar joriy etilishiga qaramasdan dorixonalardagi mavjud muammolar aholining o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. O‘ylaymizki, yurtdoshlarimizni qiynayotgan bu kabi masalalarni mutasaddi tashkilot vakillari yana bir bor e’tiborga olishadi, degan umiddamiz.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri