Favvoralarning maftunkor jilvasi

Quyosh nurida jilolanuvchi favvoralar ko‘ngilga musaffolik baxsh etadi. Ular nafaqat yon-atrof iqlimiga mo‘tadillik va salqinlik baxsh etadi, balki favvoralar tufayli tinchlik va osoyishtalikni yanada teranroq his etasiz.

Yurtimizning barcha hududlarida 1 may kuni “Favvoralar sayili” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, poytaxtimizdagi 14 ta favvora atrofida yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, rassomlar, raqs va teatr guruhlari ishtirokida ommaviy-madaniy tadbirlar, turli tanlov va viktorinalar bo‘lib o‘tdi.

Katta favvoralar yonida musiqa sadolari yangrab, shahar ahli va mehmonlarini o‘ziga chorladi. Kun bo‘yi bosh kentimizda bayramona kayfiyat hukm surdi. Madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar konsert dasturlari kechgacha davom etdi.

Sharshara, sokin ko‘l, dengizning mavjlanishi yoki jildirab oqayotgan jilg‘a kishini maftun etishi, hech kimga sir emas. Shahar sharoitida esa favvoralar insonga suv jilolaridan bahramand bo‘lish, estetik zavq olish imkonini beradi.

Tibbiyot nuqtai nazaridan favvoralar oldida sayr qilish salomatlik uchun nihoyatda foydalidir. Musaffo suv kishiga huzur-halovat bag‘ishlab, kayfiyatini ko‘taradi, charchoqni oladi. Favvora suvi jilosini kuzatadigan insonlarda qon aylanishi va miya faoliyati yaxshilanadi, asab tizimi tinchlanadi.

Suvning, xususan, ushbu noyob inshootning bu kabi xususiyatlarini ajdodlarimiz ham azaldan yaxshi bilgan. Sharqda XIV-XV asrlarda ham favvoralar qurish urf bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temurning Samarqanddagi Dilkusho bog‘ida bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo hayrat bilan shunday yozgan edi: “Podshoh saroyida suvi tepaga otilib turuvchi favvora bo‘lib, unda qizil olmalar qalqib turardi…”. Arxeologik qazish ishlari paytida bunday inshootlar Shahrisabzdagi Oqsaroy, Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa majmuasi va boshqa tarixiy inshootlardan ham topilgan. Alisher Navoiy asarlari va “Boburnoma”dagi miniatyuralarda ham bunday inshootlarning suratini ko‘rish mumkin. Bularning bari ajdodlarimizning yuksak bunyodkorlik mahorati va yaratuvchanlik salohiyatidan dalolat beradi.

– Ushbu sayilni intiqlik bilan kutdik, – deydi poytaxtlik Zafar va Viloyat Mamajonovlar. – Kechki sayr va favvoralar oldida hordiq chiqarish yosh oilamiz an’anasiga aylangan. Ayniqsa, farzandlarimning xursandchiligini ko‘rib, ko‘nglim yayraydi.

Favvoralar tinch va osoyishta hayotimiz, xalqimiz farovonligi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yorqin ifodasi hamdir.

 Buni poytaxtlik Mukarram aya Nosirova ham o‘z so‘zida yana bir bor ta’kidlaydi:

Yana o‘qing:  Hamisha e’zozda, ehtiromda

– Toshkentning eski qiyofasi, maydon va favvoralarini yaxshi eslayman. Ilgari ular yagona namunada barpo etilib, barchasi bir xil ko‘rinishda bo‘lardi. Hozir esa poytaxtimizdagi barcha maydon va xiyobonlar betakror qiyofaga ega. Ularning atrofi ko‘kalamzorlashtirilib, madaniy hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolajonlar o‘yin maydonchalarida o‘ynaydi, biz, keksalar esa tobora ko‘rkamlashib borayotgan shahrimiz qiyofasidan xursand bo‘lamiz.

“Favvoralar sayili” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari ona yurtimizning boy tarixi va mustaqilligimiz yutuqlarini qadrlaydigan yetuk avlodni tarbiyalash, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ishonch ruhini shakllantirish, tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi.

Sayilga chiqqanlar orasida jajji farzandlari Dilshodjon va Madinaxon bilan kelgan Nodira Sa’diyeva ham bor.

– O‘tgan yilgi “Favvoralar sayili”da ham ishtirok etgan edik, – deydi N. Sa’diyeva. – Farzandlarim bu yilgi bayramni intiqlik bilan kutishdi. Bir-biridan qiziqarli tomoshalardan bir olam zavq olishdi.

Tilagimiz, tinchlik, farovonlik, barqarorlik va osoyishtalik hukm surayotgan jonajon yurtimizda bunday bayramlar ko‘payaversin!

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: