Shaxmat: terma jamoamiz jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi
Ruminiyada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida mamlakatimiz yosh shaxmatchilari munosib ishtirok etdi.
Qirqdan ziyod davlat vakillari qatnashgan nufuzli musobaqaning standart shaxmat bo‘yicha bahslarida terma jamoamiz a’zolari 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi, blits musobaqada esa 1 tadan oltin va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Standart shaxmat bo‘yicha yetti yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Humoyun Begmurodov to‘qqiz partiyaning birontasida mag‘lubiyatga uchramay, 8,5 ochko jamg‘argan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Humoyun ruminiyalik Teodor Dodoy, Stefan Nika, turkiyalik Otabey Oyxon, gruziyalik Beka Sverava, ozarbayjonlik Ziyo Mammadov, qirg‘izistonlik Sultay Chingiz, rossiyalik Lev Zverev va ukrainalik Mixayl Karateev ustidan g‘alaba qozonib, mo‘g‘ulistonlik Ganganbars Zev bilan durang o‘ynadi.
O‘n besh yoshgacha sportchilar bahsida shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyevga teng keladigani topilmadi. U shri-lankalik Denuvan Tikshana, turkmanistonlik Ozod Nurmamedov, Sulton Miradov, moldovalik Iliye Martinovichi, ruminiyalik Jorj Stoleriu, David Gavrilesku, ukrainalik Dmitro Gayunni mag‘lubiyatga uchratib, ozarbayjonlik Murod Ibrohimli bilan durang o‘ynadi. 7,5 ochko jamg‘argan Nodirbek jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
To‘qqiz yoshgacha qizlar musobaqasi esa iqtidorli shaxmatchimiz Afro‘za Hamdamova g‘alabasi bilan yakunlandi. Afro‘za to‘qqiz partiyaning yettitasida g‘alaba qozonib, bittasida durang natija qayd etdi va 7,5 ochko bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, A.Hamdamova blits turnirda ham birinchi o‘rinni egalladi.
To‘qqiz yoshgacha sportchilar o‘rtasidagi blits turnirda qatnashgan Alixon Avazxonov kumush medal bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida terma jamoamiz a’zolari ikkinchi o‘rinni egalladi.
N.NORBOBOYEV