Aholining turmush darajasi yanada yuksaladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida davlatimizning barqaror taraqqiyoti, islohotlarning davomiyligi va izchilligini ta’minlashga qaratilgan yangi g‘oyalar, amaliy tashabbuslar, loyihalar, keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Mazmun-mohiyati va ko‘lami jihatidan Harakatlar strategiyasida belgilangan sa’y-harakatlar jamiyatimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yganligini anglatadi. Uning loyihasi keng jamoatchilikning faol ishtirokida muhokama qilindi. Shuning o‘ziyoq bu hujjatning xalqchilligini, tom ma’noda inson haq-huquqlari va manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilganligining yorqin ifodasidir.
Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qator muhim vazifalar belgilangan. Makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlar asosida yalpi ichki mahsulotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Harakatlar strategiyasida ilg‘or xalqaro tajribada qo‘llaniladigan instrumentlardan foydalangan holda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish, barqarorligini ta’minlash, banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash vazifalari ham o‘z aksini topgan. Bu vazifalar ijrosida bank-moliya muassasalarining faol ishtiroki talab etiladi.
“Qishloq qurilish bank”da Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga doir zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dasturlar va rejalar ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Bankimizning 2017 yilning birinchi choragidagi faoliyatini tahlil qilishda ham asosiy e’tibor mazkur hujjatlarning ijrosiga qaratildi.
Bugungi kunda “Qishloq qurilish bank” tizimida 42 filial, 48 minibank va 176 shoxobcha faoliyat yuritmoqda. Ular 779 mingdan ortiq mijozga keng turdagi bank xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va bankning likvidlilik, ishonchlilik, to‘lovga qobiliyatlilik kabi qator asosiy ko‘rsatkichlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida birinchi chorak yakuni bo‘yicha bank kapitali yil boshiga nisbatan 3,4 foizga o‘sdi.
Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoyalash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish “Qishloq qurilish bank” faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda. Bank tuzilmalari istiqbolli investitsiya loyihalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini kreditlashni yanada kengaytirish maqsadida moliyaviy mablag‘lar yo‘naltirmoqda. Birinchi chorak davomida kichik biznes sub’yektlari uchun bankning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 131,5 milliard so‘mga ortdi.
Bank ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash bilan bog‘liq investitsion loyihalarni moliyalashtirish, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylarni barpo etishda faol ishtirok etmoqda. Bu maqsadlarga joriy yilning birinchi choragi davomida 158 milliard so‘mdan ziyod kreditlar ajratildi.
Hududlarni 2017-2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturiga asosan “Qishloq qurilish bank” filiallari birinchi chorakda 136 loyihaga kreditlar yo‘naltirib, 800 dan ziyod ish o‘rni yaratishga ko‘mak berdi.
Fuqarolarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qoramol, qo‘y, echki, quyon boqish va go‘sht yetishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bank xodimlari 344 ming 564 xonadonga borib, suhbat o‘tkazdi. Natijada 34 ming 360 fuqaro bankdan kredit olish istagini bildirdi. Hozir ularning 26 ming 729 tasiga moliyaviy sarmoya ajratildi.
Bank kichik biznes sub’yektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirishga ham e’tibor qaratib, xorijiy banklarning kredit liniyalarini jalb etmoqda. Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi, Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilinmoqda.
Bu sa’y-harakatlarning barchasi Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda, jumladan, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishda, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishda “Qishloq qurilish bank” tuzilmalari faol ishtirokini ta’minlamoqda.
Bankimiz zamonaviy uy-joylar qurish jarayonida ham o‘z mablag‘lari bilan faol ishtirok etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz aholisining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashda yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur qaror qishloq aholisining keng qatlamlari uchun zamonaviy va shinam uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirishga, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga va qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2, 3 xonali) uylar, aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida bir qavatli 2 va 3 xonali uylar, hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar yurtdoshlarimizga manzur bo‘lishi shubhasiz.
Agar 2009 yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dasturda ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylarni quruvchilar uchun 15 foizdan iborat. Bu uylar dasturi qishloq aholisining keng qatlamini jalb etishda muhim omil bo‘ladi.
Dasturda 2017 yilda 15 mingta yangi uy va kvartira, jumladan, 4 ming 608 birinchi turdagi, 3 ming 739 ikkinchi turdagi, 3 ming 672 uchinchi turdagi uyni hamda 0,06 gektar maydonli 3, 4 va 5 xonali 2 ming 981 bir qavatli uy qurish nazarda tutilgan.
Ushbu uy-joylarning 5 ming 625 tasini “Qishloq qurilish bank” moliyalashtirmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 546 uy-joyning qurilishi nihoyasiga yetdi. Ushbu arzon uy-joylarni qurishda talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning ochiqligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Dasturga ko‘ra arzon uy-joylar mulk huquqi bilan turar joyi yo‘q va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashaydigan oilalar, boshqa oilalar bilan bir uyda yashovchi oilalarga berilishi belgilangan. Bunday uylar birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oilalar, kam ta’minlangan oilalar, uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq bo‘lmagan oilalarga ham berilmoqda.
Har bir massivning bosh rejasida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, sport maydonchalari va muhandislik tarmoqlari, hovli qismida bolalar maydoni, uy egalari dam olishlari uchun sharoitlar e’tiborga olingan. Energiyani tejaydigan mahalliy materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishning yanada kengaytirilishi barpo etilayotgan uylarning tannarxi pasayishiga hamda aholining barcha qatlami uchun maqbul narxlar belgilanishiga xizmat qilmoqda.
2017 yil 2 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 2017-2021 yillarda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida arzonlashtirilgan uy-joylar qurish dasturini amalga oshirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hozir 500 million dollar miqdorida uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuv muzokaralari olib borilmoqda.
Barcha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni arafasida uy-joylar egalariga topshirilishini ta’minlash yuzasidan zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Akbar ESHONQULOV,
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki
boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA.