Vatanni sevmoq – oliy saodat

5 may – O‘zbekiston Qahramoni unvoni, “Mustaqillik”, “Do‘stlik” ordenlari, “Jasorat” va “Shuhrat” medallari ta’sis etilgan kun

Vatanni sevmoq. Bu tuyg‘u bolamizga berilayotgan mehrda, oilamizga ulashilayotgan baxtda, yaqinlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborda o‘z ifodasini topib kelmoqda. Oramizda shunday insonlar borki, ular qalbida bu his yanada go‘zal, haqqoniy, chuqur aks etgan. Bunday odamlarni el-yurt dardi, tashvishi bilan yashaydi, deymiz. Ular xoh o‘qituvchi, xoh shifokor, xoh dehqon, xoh ijodkor bo‘lsin betinim mehnat qilmoqda, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida bor kuchi, iqtidorini sarflamoqda.

Ana shunday vatandoshlarimiz mehnati xalqimiz va davlatimizning doimiy e’tiborida. Ular ko‘ksini bezayotgan «Oltin yulduz» medali, “Mustaqillik”, “Do‘stlik” ordenlari, “Jasorat” va “Shuhrat” medallari oliy darajadagi rag‘batning asl timsollaridir.

2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu oliy mukofotlarning ta’sis etilganiga 23 yil to‘ldi.

Bu yuksak mukofotlarga O‘zbekiston Respublikasi parlamentining 1994 yil 5-6 may kunlari bo‘lib o‘tgan sessiyasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan qonunlar asosida tamal toshi qo‘yilgan.

Yildan-yilga mamlakatimizning oliy mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoniga ega bo‘layotgan vatandoshlarimiz safi ko‘paymoqda.

Bu unvon bilan taqdirlangan shaxsga “Oltin yulduz” medali va unvon berilganligi to‘g‘risidagi hujjat O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yoki Prezident nomidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston Qahramoni degan sharafli nomga o‘nlab yurtdoshlarimiz sazovor bo‘ldi. Istiqlolimizning 25 yilligi arafasida Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalardagi ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi uchun yana bir guruh yurtdoshlarimiz ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandi.

Bular “Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi” aksiyadorlik jamiyati direktori Ravshanbek Qurbonov, Bog‘ot tumanidagi “Bog‘ot” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Sharipboy Rajabov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining kapital qurilish direksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlig‘i Erkin Ummatov va Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi Muhabbat Sharopovadir.

Tong chog‘i ozoda va ko‘rkam ko‘chalarni to‘ldirib ketayotgan yurtdoshlarimiz – farzandlarini bog‘cha, maktabga yetaklagan ota-onalar, o‘qish va ishga shoshayotgan yoshlarga ko‘zimiz tushadi. Ular chehrasida ertangi kunga ishonch, hayotidan mamnunlik ifodasi yaqqol seziladi. Yuz-ko‘zimizning ko‘rki bo‘lgan bu ifodaning musavviri mamlakatimiz mustaqilligidir. U borki, jahonda tenglar ichra tengmiz, o‘z o‘rnimiz, o‘z so‘zimiz, o‘z tutumimizga egamiz. Bu ne’mat bizga farovon va tinch hayotni in’om etmoqda, o‘z iste’dod va qobiliyatimizni to‘la namoyon etishimiz uchun keng shart-sharoit yaratmoqda.

Yana o‘qing:  Eng faol bolalar sporti targ‘ibotchisi

Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri “Mustaqillik” nomi bilan atalishida ana shu teran ma’no mujassam. Bu orden bilan mustaqil huquqiy davlatni barpo etish va uni mustahkamlash, mamlakatimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan insonlar taqdirlanadi. Ushbu mukofot O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar, mamlakatimizning ma’muriy-hududiy birliklariga ham berilishi mumkin.

Birinchi Prezidentimizning farmoni bilan Vatanimiz poytaxti – Toshkent shahri milliy davlatchilikni shakllantirish, mustaqil huquqiy demokratik davlat barpo etish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi, ezgu an’analarni saqlash, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan.

“Do‘stlik” ordeni yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va hamkorligini rivojlantirish ishida katta yutuqlarga erishgan insonlarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida ta’sis etilgan.

Bu mukofot mamlakatimiz fuqarolariga, shuningdek, fuqaro bo‘lmagan shaxslarga ham beriladi.

O‘tgan yillarda uning sohibiga aylanganlar safida nafaqat yurtdoshlarimiz, ayni paytda boshqa mamlakatlar fuqarolari, xorijiy elchixona va vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar vakillarining ham borligi ushbu mukofotning yuksak nufuzidan dalolat beradi.

Yaponiyalik arxeolog olim Kato Kyudzo ham ana shunday yuksak mukofotning egasi edi. Uning uzoq yillar Surxon vohasining madaniy-tarixiy yodgorliklarida olib borgan ko‘p yillik izlanishlari hududning boy o‘tmishi, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi va madaniy-ma’naviy merosimizni dunyoga yanada keng tanitishga xizmat qildi.

“…Men Yaponiyada tug‘ilgan bo‘lsam-da, O‘zbekistonni o‘z Vatanim deb bilaman. Shu muqaddas yurtning faxriy fuqarosi ekanimdan g‘ururlanaman. Prezident Islom Karimov mening kamtarona mehnatimni yuksak baholab «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagan. Bu qalbimga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi. Umrimning asosiy qismi shu yurtda o‘tganidan baxtiyorman”, degan edi qadimshunos olim 2014 yili Samarqandda o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferensiyada jurnalistlar bilan suhbatda.

Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz mustahkamligi, hayotimiz osoyishtaligi oliy baxtimiz. Milliy armiyamiz, huquq-tartibot idoralari ana shu baxtning haqiqiy posbonlaridir. Mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan insonlarning Vatan oldidagi xizmatlari hech qachon unutilmaydi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizning milliy xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy yoki xizmat burchini ado etish vaqtida ko‘rsatgan jasoratlari uchun ko‘plab yurtdoshlarimiz “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2015-19)

Vatanimiz dunyo tamaddunini tebratgan ma’rifat beshiklaridan biri. Ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat kabi ko‘plab sohalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz. E’tiborlisi, keyingi yillarda faqatgina faxrlanishning o‘zi yetarli emasligini chuqur anglagan yurtdoshlarimiz ko‘paymoqda. Ular o‘z sohalari bo‘yicha ulkan marralarni zabt etib, ota-bobolarimiz an’anasini davom ettirayotir.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida ulkan yutuqlarga erishayotgan bunday yurtdoshlarimiz “Shuhrat” medali bilan mukofotlanmoqda.

Mehnati e’tirof etilgan asl vatanparvar, fidoiy, jasoratli yurtdoshlarimiz ibrati doim bizni o‘z ustimizda ishlashga, el-yurt manfaati uchun fidokorona mehnat qilishga undaydi.

 

Malohat HUSANOVA,

O‘zA    muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: