2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Qayd etib o‘tilsinki, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida kattagina ishlar amalga oshirildi. Ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyat muhim dasturlar va loyihalarni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish shahar va tumanlarda, shu jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti holatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.
Keyingi olti yilning o‘zidagina 13 ming kilometrga yaqin suv quvurlari va vodoprovod tarmoqlari, 1,6 mingtadan ko‘proq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1,4 mingta suv bosimini hosil qiladigan minora va rezervuarlar barpo etildi hamda rekonstruksiya qilindi. Natijada, jumladan, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va kreditlarini jalb etish hisobiga ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan ko‘pgina aholi punktlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy talablarga mos keladigan suv bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, ayrim mintaqalarni, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashning bir qancha yechilmagan muammolari hamon saqlanib qolmoqda.
Aholi sonining muttasil ortib borishi, yangi turar joy massivlari barpo etilishi, shaharlar va aholi punktlarining tobora kengayishi energiya va resurlarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish asosida suv olish inshootlarini, suv quvurlari, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari va vodoprovod tarmoqlarini modernizatsiyalash va ildam rivojlantirishga yo‘naltirilgan kafolatlangan suv ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda.
Aholining keng qatlamlari yashashi uchun, ayniqsa, qishloq joylarda, shinam va qulay ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilar uchun hamma joyda sifatli ichimlik suvi yetkazib berilishiga erishish, respublikada suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida:
- Quyidagilar 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish hamda modernizatsiyalashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
aholining, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
suv olish, kanalizatsiya inshootlari hamda vodoprovod tarmoqlarining yangilarini qurish, mavjudlarini qayta tiklash va rekonstruksiya qilish, shuningdek, suv ta’minoti tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar, mashinalar, mexanizmlar, ta’mirlash-foydalanish va o‘lchov texnikasi bilan jihozlash;
suv ta’minoti sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, iste’mol qilingan suv va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish;
ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish, belgilangan talablarga muvofiq suvning sifatli bo‘lishini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayoniga energiya hamda suvni tejaydigan texnologiyalar va uskunalarni tatbiq etish;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini, shu jumladan, davlat bilan xususiy sektor sherikligi asosida boshqaruvning bozor tamoyillariga mos keladigan mexanizmlarini joriy etish;
suv ta’minoti tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga narx shakllantirish tartibini takomillashtirish.
- 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur) tasdiqlansin, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining yig‘ma parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturini moliyalashtirishning yig‘ma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlari 3.1-3.13-ilovalarga muvofiq;
2017-2021 yillarda hududlararo ahamiyatdagi ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’yektlarini hamda alohida muhim ob’yektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlarini jalb etgan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlarining mashina va mexanizmlari parkini mustahkamlash parametrlari 6-ilovaga muvofiq.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davarxitektqurilish qo‘mitasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi va viloyatlar hokimlari tasdiqlangan Dastur parametrlari qat’iy o‘rnatilgan muddatlarda so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgardir.
- Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) 7-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tadbirlar Dasturi amalga oshirilishini, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarining o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini hisobga olgan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiyani rivojlantirishning hududiy sxemalarini tasdiqlash;
suv olish inshootlarida, nasos stansiyalari va suv taqsimlash uzellarida energiya tejaydigan zamonaviy nasos uskunalarini tatbiq etish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;
quduqlar va suv olish inshootlarining texnik holatini baholash natijalari to‘g‘risida, shuningdek, yer osti suv resurslaridan samarali foydalanilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining hisobotlarini har chorakda eshitib turish;
Dastur qanday bajarilayotganligini har chorakda ko‘rib chiqish.
Respublika komissiyasiga, zarur hollarda, tadbirlar Dasturining yig‘ma va manzilli parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Dasturni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.
- “O‘zbekkommunalloyihaqurilish” korxonasi ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida ixtisoslashtirilgan bosh loyiha instituti etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
Respublika hududida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini qurish, rivojlantirish va rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda yagona siyosat o‘tkazishni hisobga olgan holda, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini loyihalashtirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bosh tashkilot funksiyalarini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ilg‘or xorijiy tajribadan samarali foydalangan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash sohasida texnik tartibga solish borasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirishga oid o‘tkaziladigan ishlarda qatnashish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish doirasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirishning hududiy sxemalarini tuzishda ishtirok etish;
ichimlik suvining kafolatlangan manbalari mavjudligini hisobga olgan holda, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, suv resurslaridan oqilona foydalanish usullarini joriy etish, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashni loyihalashda optimal texnik yechimlarni qo‘llash;
ob’yektlarni avtomatlashtirilgan tarzda loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalarini, jumladan, qurilishning ilg‘or metodlari va qurilish materiallarining yangi turlari qo‘llanilishini nazarda tutgan holda joriy etish;
loyihalashtirilgan ob’yektlar qurilishining barcha bosqichlarida sifatli mualliflik nazoratini ta’minlash;
etakchi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarini jalb etgan holda, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori texnologiyali usullar va uskunalar qo‘llanilishini nazarda tutuvchi ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash sohasida texnik nazoratni tartibga solishning zamonaviy normativ hujjatlarini tatbiq etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
- O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2017 yilning oxiriga qadar har bir aholi punkti va umuman ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari bo‘yicha suv ta’minoti tizimi ob’yektlari (quduqlar, suv olish inshootlari, magistral vodoprovodlar, taqsimlash tarmoqlari va boshqa ob’yektlar) pasportlashtirilishini, shuningdek, pasportlashtirish natijalari bo‘yicha ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’yektlarining elektron ma’lumotlar bazasi yaratilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Dasturni amalga oshirish doirasida bajarilayotgan loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifati, tuzilgan shartnomalarning shartlari buyurtmachilar va pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tuzilsin, unda jamg‘ariladigan mablag‘lar:
Dasturni bajarish doirasidagi loyiha-qidiruv ishlarini;
Dastur doirasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishda foydalaniladi.
- Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq bo‘yicha tushumlar hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan tegishli mablag‘lar;
maqsadli byudjet mablag‘lari;
xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari;
xalqaro donorlarning grantlari, xayr-ehson qiluvchilarning mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi“Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Respublikada ishlab chiqarilmaydigan va Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyum va uzellar, texnologik hujjatlar va jihozlar 2022 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha aholiga, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli ichimlik suvi yetkazib berilishini tashkil etish doirasida maxsus texnika uchun yoqilg‘i-moylash materiallariga zarur limitlar ajratsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat arxitekura va qurilish ko‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2017 yil 20 aprel
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga
ShARH
Kommunal soha mamlakatimiz hududiy infratuzilmasining eng muhim tarkibiy qismini tashkil etadi, uning faoliyati esa odamlarimizning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantiradi, uy-joylar va aholi punktlarining har jihatdan shinam va qulay bo‘lishini ta’minlaydi.
Mazkur sohaning taraqqiyot darajasi va faoliyat samaradorligi aholining shunga mos hayot sifatini shakllantiradi, turmush darajasi va hayot tarzini aks ettiradi, iqtisodiy salohiyatni yanada yuksaltirish omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bularning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, sifatli xizmat – sog‘lom jamiyat garovidir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Respublikamizda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga oid muhim ustuvor yo‘nalishlar, dastur va loyihalarning izchil amalga oshirilishi shahar va tumanlarda, jumladan, qishloq joylarda markazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi.
Faqat 2011-2016 yillarda mamlakatimizda qariyb 13 ming kilometrdan iborat yirik suv quvurlari va tarmoqlari, bino va inshootlarda 1 ming 600 dan ortiq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1 ming 400 ta suv minorasi va rezervuari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini jalb etish hisobidan ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ko‘plab aholi punktlari talabga javob beradigan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olindi.
Shu bilan birga, ayrim aholi punktlarini, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi aholi maskanlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga oid qator muammolar hanuzgacha hal etilmasdan qolmoqda.
Yurtimizda oilalar va mahallalar soni muntazam ko‘payib, yuzlab yangi turar joy mavzelari, aholi punktlari barpo etilayotgani va shaharlarning kengayib borayotgani ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini tubdan yaxshilash borasida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda. Bu chora-tadbirlar energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida suv chiqarish va kanalizatsiya-tozalash inshootlari, suv o‘tkazgichlar, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ana shu muhim vazifalarni hisobga olgan holda qabul qilingan va u aholining keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017-2021 yillarda mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, iste’molchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur qaror bilan, xususan, quyidagi dastur va loyihalar tasdiqlanmoqda:
10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudug‘i, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini o‘rnatish nazarda tutilayotgan tumanlar va aholi punktlari bo‘yicha 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining yig‘ma va manzilli parametrlari;
20 ta ichimlik suvi ta’minoti ob’yektini qurish va rekonstruksiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv o‘tkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan 2017-2021 yillarda mintaqalararo ahamiyatga molik ichimlik suvi ta’minoti tizimlari va o‘ta muhim ob’yektlarni barpo etish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli dastur;
xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb etgan holda, respublikamiz hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadigan 2017-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi.
Dasturni 2017-2021 yillarda moliyalashtirish uchun 4,8 trillion so‘m, jumladan, davlat byudjetidan 2,2 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion so‘m yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, uning mablag‘lari mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublikamiz aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, qarorda ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’yektlaridan yanada ishonchli foydalanish maqsadida har bir aholi punktidagi ichimlik suvi ta’minoti ob’yektlarini pasportlashtirish va ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’yektlarining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish nazarda tutilgan.
Ushbu qarorning amalga oshirilishi:
birinchidan – shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini tubdan yaxshilash;
ikkinchidan – aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olishni respublikamiz miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazish;
uchinchidan – aholi keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu muhim hayotiy vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, shahar va qishloqlarimizning yanada obod bo‘lishi, xalqimizning hayot darajasi va sifati yuksalishiga xizmat qiladi.