Anglashilmovchilik
Tush vaqti. Quyoshi nurlari ayni yerga tik tushgan palla. Norqobil aka shifoxona eshigidan chuqur “uh” tortib chiqdi. Nursiz ko‘zlari bilan bir qo‘lidagi tekshiruv natijalariga, bir atrofga nazar tashladi. So‘ng yo‘l chetidagi o‘rindiqqa borib, omonatgina o‘tirdi.
U ko‘zlarini yumib, havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Qo‘l telefonidan kimgadir qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi-yu, keyin fikridan qaytdi.
Shu ahvolda ikki soatcha o‘tirdi. Qo‘llari qaltirab, tekshiruv natijalariga yana ko‘z yugurtirdi. “Nahot umrim shu qadar qisqa bo‘lsa? Axir hayotda qilmoqchi bo‘lgan ishlarim hali ko‘p edi-ku. Endigina rohat-farog‘atda yashayman deganimda, boshimda shu savdolar ham bormidi? Butun umrimni mehnatga bag‘ishladim. Qiyinchiliklarni sabot bilan yengdim, yolg‘on gapirmadim, ta’magirlik qilmadim. Doimo halol yashadim. Manmanlik qilmadim, nochorlarga qo‘limdan kelgancha yordam berdim. Qayerda xato qildim? Xudo qaysi gunohlarim uchun meni jazolayapti?”, deya xayolidan bir-bir o‘tkazdi.
Shunday o‘ylar bilan avtobusga o‘tirib, uyga qanday yetib kelganini ham bilmay qoldi. Tuz ham totmasdan, yotog‘iga kirib, indamay eshikni ichkaridan berkitib oldi. Bu holdan turmush o‘rtog‘i Zulayho opa qattiq xavotir olar, qanchalik yalinmasin eshik ichkaridan ochilmasdi. U nima qilishini bilmay turganida ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Yugurib borib ochsa, hech kim yo‘q. Hayron bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq ovozi esa tinmadi. Shunda bu tovush eshikdan emas, uning yonida turgan telefondan kelayotganini bildi. Telefonni ko‘tarib, “allo” deyishga ulgurmasidan, u tomondan shoshib, kimdir Norqobil akani so‘radi. Ayol turmush o‘rtog‘i yotgan xona eshigi yoniga yaqinlashib, Usmon Soatov ismli odam yo‘qlayotganini aytdi. Norqobil aka eshikni ochiboq, ayolining qo‘lidan go‘shakni oldi. Shifokorning gaplarini eshitib, yuzida qandaydir quvonch va xavotir zohir bo‘ldi.
Zulayho opa qistovga olavergach, Norqobil aka ayoliga bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Oshqozoni og‘rib shifokorga borgani, unga saraton xastaligi tashxisi qo‘yilganligi, aslida esa tahlil natijalari almashtirib yuborilganini aytdi.
– Yaxshi-ku, axir bundan quvonish kerak emasmi? – dedi ayoli.
– To‘g‘ri, men-ku sog‘ ekanman, lekin men bilan natijalari almashib qolgan inson qay holga tushar ekan, shuni o‘ylab ko‘nglim g‘ash, – dedi Norqobil aka.
Dilfuza ASHURBOY qizi,
O‘zMU talabasi