Vaqtni aldab baxtga erishib bo‘lmaydi
Bugungi kunda o‘smirlar o‘rtasida erta turmush qurish, qizlarni voyaga yetmasdan uzatish qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi bo‘yicha aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramay, bunday salbiy odatlar hamon davom etmoqda.
Aslini olganda, voyaga yetmagan o‘smir bola hisoblanadi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida “Bola deb – o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar)ga aytiladi”, deya keltirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra yer yuzidagi mamlakatlarda 18 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik va tug‘ruqlar oqibatida har yili millionlab go‘daklar va onalar o‘limi holatlari qayd etiladi. Ilmiy xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, 18 yoshgacha qizlarning jismoniy va jinsiy rivojlanishini yakunlangan deb bo‘lmaydi va bu jarayonda asosiy e’tibor erta nikoh va tug‘ruqlarning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra tug‘ish uchun muvofiq yosh 20 yoshdan keyingi davr hisoblanadi. Bu paytda homiladorlikni asoratsiz o‘tishi va sog‘lom farzandni dunyoga keltirish uchun qizlar organizmi tayyor bo‘ladi.
18 yoshgacha homiladorlik davridagi asoratlar 20-30 yosh oralig‘iga nisbatan 2 barobar ko‘proq uchraydi. Shuningdek, bu yoshda onalar o‘limi holatlari 5 barobar, go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari esa 2 barobarga ko‘pligi aniqlangan.
Homiladorlik davrining asoratli o‘tishi quyidagi holatlarda kuzatiladi. Shishlar, qon bosimining ko‘tarilishi, muddatdan oldingi tug‘ruqlarning kuzatilishi, homilaning yetilmay tug‘ilishi, kam vaznli homilaning dunyoga kelishi, tug‘ruqdan keyingi qon ketishlar, ichki kasalliklarning avj olishi kabi asoratlarga sabab bo‘ladi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qizlardagi aksariyat kasalliklar, ularni voyaga yetmasdan turmushga berish oqibatida kelib chiqmoqda.
Shifokor sifatida nikohga kirish yoshini qizlar uchun 20-22 yosh, erkaklar uchun esa 24-26 yosh ekanini aytib o‘tishim lozim.
Barcha yurtdoshlarimiz farzandlari salomatligiga e’tiborsiz bo‘lmay, shifokorlar bergan tavsiyalarga amal qilsalar, ko‘zlangan maqsadga albatta erishiladi.
Feruza RAHMATULLAYEVA,
Toshkent shahar aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori