Xaridorni quvontirayotgan hunarmand

Mamlaktimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, Prezidentimiz ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Quvonarlisi, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yurtdoshlarimiz talaygina.

Davronbek Ergashevni Andijon viloyati, Buloqboshi tumanida ko‘pchilik mebelsoz usta sifatida yaxshi taniydi. Qisqa vaqt ichida u yasagan 10 dan ziyod turdagi mahsulotlar yuqori sifati bilan iste’mol bozorida munosib o‘rin egalladi. E’tiborlisi, yilning o‘tgan davri mobaynida buyurtma asosida 250 million so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi.

– Ikki yil avval korxonamiz faoliyatini yo‘lga qo‘ygandik, – deydi yosh tadbirkor. – Albatta, bugungi davrni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, davlatimiz banklari tomonidan berilgan moliyaviy ko‘mak hisobiga Xitoydan yog‘ochga gul o‘yuvchi dastgoh sotib oldik. Natijada ish unumdorligi ortib, mahsulot tannarxi keskin arzonlashdi. Ilgari qo‘l bilan bajarilgan ishlar endilikda ushbu mashina orqali amalga oshirilmoqda. Dastlab milliy uslubda sandiqlar tayyorlab, ichki bozorda sotayotgandik. Tez orada mijozlar soni ortib, mebel va turli uy jihozlari tayyorlash o‘zlashtirildi.

Davron akaga o‘xshagan insonlar mehnatsevarliklari bilan o‘zi va oilasini iqtisodiy jihatdan ta’minlash bilan birga, yonidagilardan ham yordamini ayamaydi. Qo‘l ostidagi ishchilarining ko‘pchiligi mahalliy yoshlardan iborat. Ularning har biriga yangi loyihalar tashabbusi bilan chiqish talab qilib belgilangan. Shu bois, barcha hunarmandlar doimo harakatda. Raqobatchilardan farqli ravishda ular yasagan milliy va zamonaviy uslubdagi javon va mehmonxona jihozlarining sifati a’lo darajada. Mijozlar talabi esa doim e’tiborda.

Quvonarli jihati, tadbirkor hozirda bir qator ishlarni kompyuterlashtirilgan dastgohlar yordamida amalga oshirish harakatida. Bu orqali mahsulot turi ko‘payib, eksport imkoniyati yuzaga keladi. E’tiborlisi, sexda yarim tayyor mahsulotlar ham tayyorlanadi. Ish faoliyatini kengaytirish maqsadida tumandagi bir necha tadbirkorlik sub’yektlari bilan shartnomalar ham imzolangan. Davron aka ko‘rsatilayotgan xizmatdan topilgan daromadni yangi dastgohlar sotib olishga sarflashni rejalashtirgan.

 

Akbarjon NAZAROV,

Andijon viloyati

Yana o‘qing:  Jovondagi javohir

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: