Tibbiyot va taraqqiyot: ko‘rgazma soha rivojiga xizmat qiladi
POYTAXTIMIZDAGI “O‘ZEKSPOMARKAZ” KO‘RGAZMALAR ZALIDA “SOG‘LIQNI SAQLASH – TIHE 2017” KO‘RGAZMASI BOSHLANDI. TADBIR O‘ZBEKISTON SOG‘LIQNI SAQLASH, TASHQI SAVDO VAZIRLIKLARI, SAVDO-SANOAT PALATASI, “O‘ZFARMSANOAT” AKSIYADORLIK KONTSERNI, “O‘ZTIBTEXNIKA” MAS’ULIYATI CHEKLANGAN JAMIYATI, STOMATOLOGLAR UYUSHMASI VA “ITE UZBEKISTAN” XALQARO KO‘RGAZMA KOMPANIYASI HAMKORLIKDA TASHKIL ETILDI.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida bu yo‘nalishda keng qamrovli vazifalar belgilangan.
Ushbu chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator dastur va loyihalar qabul qilindi. Xususan, shoshilinch tibbiy yordam va birlamchi tibbiy-profilaktika tizimini takomillashtirish, onkologiya xizmati va xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini kengaytirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashga oid ishlar amalga oshirilmoqda. Ilm-fan erishayotgan yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiyotning turli yo‘nalishlarida yangi-yangi, samarador texnologiyalarni yaratish, ulardan diagnostika va davolash jarayonida oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan ishlar yanada kengaymoqda.
Mazkur ko‘rgazmada Belarus, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Polsha, Rossiya, AQSH, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi dunyoning 18 mamlakatidan 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etayotgani tadbir nufuzidan dalolat beradi.
Germaniyaning “Heinemann” kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilayotgan ginekologiyada qo‘llaniladigan zamonaviy kolposkop, otorinolaringologiya sohasida ishlatiladigan lor-kombayn, shoshilinch tibbiyot tizimida reanimatsiya yordamini tashkil etishda, jarrohlik sohasida qo‘llaniladigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar mutaxassislarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
– Ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi “Perlong medikal” kompaniyasi menejeri Xingxing Zhang. – Tadbirda dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining eng so‘nggi texnologiyalari bilan ishtirok etayotgani O‘zbekiston tibbiyotining o‘ziga xos salohiyatidan dalolat beradi. Ushbu ko‘rgazmaga jahon ilm-fanining eng yangi ishlanmalari bilan keldik. Bir necha turdagi zamonaviy raqamli rentgen texnologiyalari, mammograf, stomatologiya va narkoz apparatlarimiz diagnostika va davolash ishlarida yuqori samaradorlikka ega. Ushbu tibbiy vositalarimizdan O‘zbekistondagi qator shifo muassasalarida keng foydalanilmoqda. Ushbu tadbir yangi hamkorlar izlab topish, tajriba almashishda katta imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimiga jahon ilm-fani yutuqlarini keng tatbiq etish barobarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ilm-fan yutuqlarini takomillashtirish va ulardan amaliyotda foydalanish ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida mahalliy farmatsevtika sanoati rivojlanmoqda.
“Zamona Ra’no” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan giyohchoylar ham salomatlikni asrashda muhim shifo vositasi sifatida tilga olinadi. Menejer Gulnora Odilxonovaning aytishicha, korxonaning ishlab chiqarish faoliyati yildan-yilga kengaymoqda. Bugungi kunda yuzdan ziyod mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirilgan. Eksport hajmi va jo‘g‘rofiyasi tobora oshib borayotir. Ayniqsa, AQSH, Rossiya, Ukraina kabi davlatlarda korxona mahsulotlariga talab ortib borayotgani, mamlakatimiz tibbiyot ilm-fani va farmatsevtika sanoatining o‘ziga xos salohiyatini namoyon etadi.
“FOM GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati axborot-texnologiyalari va farmatsevtika sohasida 2007 yildan boshlab faoliyat yuritib kelayotgan istiqbolli mahalliy kompaniyalardan biridir. Ular tomonidan taqdim etilayotgan biznes jarayonlarini optimallashtirish uchun samarali vositalarni ishlab chiqaruvchi hamda xalqimizga farmatsevtika mahsulotlari haqida tezkor va aniq ma’lumot bilan ta’minlashga ko‘mak beruvchi dasturlash loyihalari mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Kompaniyamiz tomonidan taqdim etilayotgan N-APTEKA dasturli kompleksi dorixona va dorixona tarmoqlarini avtomatlashtirish uchun ishlab chiqarilgan bo‘lib, u tovarlarni aniq ro‘yxatga olish, dori vositalarining saqlash ma’lumotini nazorat qilish, chegirmalar tizimini shakllantirish, ishchilar nazorati kabi bir necha vazifalarni o‘zida jamlagan. Bundan tashqari 120 dan ortiq ulgurji korxonalarning jamlanma praysi bo‘lib, tovarlarni eng arzon narxlarda xarid qilish, arzon narxlarda buyurtmalarni rasmiylashtirish, tovarlarni internet orqali bron qilish kabi dasturlar ham taqdim etilmoqda, – deydi kompaniya menejeri Nargiz Qosimova.
Tibbiyot texnikasi va uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari, xomashyo va texnologiyalar, stomatologiya uskunalari hamda estetik tibbiyotga oid stendlarni qamrab olgan ko‘rgazmada kasalliklarga aniq va chuqur tashxis qo‘yish, jarrohlik muolajalarini zamonaviy usullarda bajarishga ixtisoslashgan yuqori texnologiyalardan tortib laboratoriya-tahlil sohasida yaratilgan yangi ishlanmalar, neonatologiya, skrining xizmati, pediatriyaga oid ixtirolar, farmsanoat yutuqlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Ko‘rgazma doirasida namoyish etilayotgan tibbiy uskunalar nafaqat mamlakatingiz aholisi, balki biz hindistonliklar uchun ham juda qiziqarli deydi, – “Parle Elizabeth” kompaniyasi bosh menejeri Girish Kulkami. – Bizning tibbiy dori vositalarini presslovchi uskunamiz ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar bizni yanada quvontirmoqda.
Ko‘rgazma doirasida laboratoriya va diagnostika sohasida qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalardan foydalanishning samarali usullariga oid ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri