Qo‘hna kandakorlikning yangi hayoti
Afsonaviy Buxoro shahrining bir-biriga tutashgan ko‘chalarini sayr etarkansiz, bu yo‘llarning har bir qarich yeri mo‘jizaviy go‘shaning qadimiy, turfa urf-odatlaridan so‘z ochadi. Ana shunda beixtiyor, o‘zingizni ertaklar olamiga tushib qolgandak his etasiz.
Nodir Devon madrasasining burchakdagi xujrasidan “tuk-tuk-tuk”, degan ovoz eshitilmoqda. Xonaga kirish qismining bir burchida oftoba, choydish, nafis piyola va laganlar did bilan terib qo‘yilgan. San’at darajasidagi bejirim mahsulotlarni kuzatib, ustaxonada kandakorlar ishlayotganini anglash qiyin emas. Ichkariga kirsangiz, mohir usta Tohir Qosimov Jamshid, Jamol, Jalol, G‘ulommirzo va Jasur ismli 5 nafar o‘g‘li bilan misdan yasalgan katta lagan-u, oftobalarga zeb berayotganligini ko‘rasiz.
Kandakorlik qadimiy hunarlardan biri bo‘lib, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Xiva, Qarshi, Shahrisabz va Toshkent shaharlari hunarmandlari tomonidan yaratilgan mahsulotlarning sifati alohida ajralib turadi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, qadimiy buyumlarda afsonaviy qahramonlar tasviri, handasiy naqshlar (bezak darajasidagi arab yozuvlari), keyinchalik esa bezakli naqsh (kandakori – chuqur o‘ymalash, chizma – sayoz o‘yilgan)lar muhim shakllar bo‘lib kelgan. Kandakorlikda o‘simliksimon, ya’ni islimiy uslub asosiy naqsh bo‘lib, uning sanoqsiz turlari keng tarqalgan. Shuningdek, xandasaviy naqsh (g‘isht, mehrob, zanjir kabi)lar, ya’ni girix uslubi ham ko‘p ishlatiladi.
Tohir aka o‘zi yaratgan kandakorlik buyumlarida ko‘pincha an’anaviy o‘simliksimon (islimiy) uslubga murojaat qiladi. U naqsh yoki tasvirni po‘lat qalam yordamida o‘yib, so‘ng ularni maxsus buyoq bilan bo‘yaydi, pardozlaydi. Keyin esa yasalayotgan buyumga chekma, uyma, katak, parallel kesma chiziqlar bilan jilo beradi.
Usta bu hunarga 10 yoshligidayoq qattiq mehr qo‘ygan. U halol mehnati ortidan ro‘zg‘or tebratib, farzandlarini uyli-joyli qildi. O‘g‘illariga ham o‘z hunarini o‘rgatdi. Hozirda ustaning nomi va u kishi yaratgan mahsulotlar el-yurt orasida ma’lum va mashhurdir. Shu bois, ko‘plab yoshlar uning ortidan ergashib, kandakorlik hunarini puxta o‘rganishmoqda.
– Tarbiyaning muhim mezoni farzandlarni doimo nazorat qilish va ularni biror bir kasbga yo‘naltira olishdadir, – deydi Tohir aka. – O‘g‘illarimning bari yoshligidan kandakorlikka mehr qo‘yishdi. Bugun farzandlarim yasayotgan bejirim buyumlarni ko‘rib, tarbiyam bejiz ketmaganidan sevinaman.
Qilingan mehnatlar o‘z samarasini berib, ustaning o‘g‘illari ko‘plab tanlovlar-u, ko‘riklarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Hatto o‘g‘illari tomonidan yaratilgan mahsulotlarga “YUNYeSKO” tashkilotining oliy mukofoti – “Sifat belgisi” berilgan. Oilaning eng kenja vakili Jasur Qosimov ham 2013 yildan mustaqil tabdirkor sifatida ish boshladi. U 2015 yilda bo‘lib o‘tgan “Yurt kelajagi”, “Yuksak ma’naviyatli avlod” ko‘rik tanlovlarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yosh hunarmand o‘zi yaratgan mahsulotlari bilan joriy yil Koreya Respublikasi va Fransiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro festivalda ishtirok etishni rejalashtirgan. Yosh hunarmandning kelajakdagi maqsadi akalari bilan kandakorlik yo‘nalishida o‘ziga xos maktab yaratishdir. Bunda esa dadasi Tohir aka Qosimovning ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlari muhim dasturilamal bo‘ladi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri