O‘qituvchilikdan – trenerlikka
Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida fransuz tili o‘qituvchilari uchun “O‘qituvchilikdan – trenerlikka” deb nomlangan seminar tashkil etildi.
Xalq ta’limi vazirligi va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur seminarda fransuz tilini o‘qitishda interfaol usullardan unumli foydalanish, qo‘shimcha manbalar bilan ishlash, tajribalarni amalda qo‘llash, grammatikani o‘rganish va o‘rgatish yo‘llari xususida mashg‘ulotlar olib borildi. 20 soatlik malaka oshirish mashg‘ulotlarini fransiyalik mutaxassis Elodi Ressush olib bordi.
Aytish joiz, Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida chet tillarni o‘qitish mexanizmi tubdan o‘zgardi. Rangli-bezakli chet tili darsliklari yaratilgani, darslar qiziqarli o‘yin va eng ilg‘or metodlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda kasbiy ko‘nikmasi yuqori, malakali o‘qituvchilarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Shu yilning 4 – 7 aprel kunlari tashkil etilgan mazkur seminar ushbu qaror ijrosini ta’minlash, pirovardida mahoratli o‘qituvchi-trenerlarni tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Respublikamiz ta’lim muassasalaridagi fransuz tili o‘qituvchilarini ta’lim yangiliklaridan xabardor etib borish, o‘qitishning eng ilg‘or metod va usullarini ular faoliyatiga tatbiq etish bugungi kun talabidir. Buning uchun joylardagi ilg‘or amaliyotchi-o‘qituvchilarni tanlab olib, ularning kasbiy mahoratini oshirib borish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim standartlarini takomillashtirish va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Abdurahim Nosirov. – “O‘qituvchilikdan – trenerlikka” seminari shunday loyiµalardan bo‘lib, fransuz tili o‘qituvchilarini trenerlikka tayyorlashga qaratilgan. Hududlardagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 50 nafar ilg‘or o‘qituvchini saralab, ikki yil davomida har olti oyda seminar tashkil qilgan holda ularning kasbiy mahorati va malakasini oshirib kelmoqdamiz. Kelgusida ular o‘zlashtirgan malaka, ko‘nikma va mahoratlarini o‘z hududlaridagi tayanch maktablarda tashkil etiladigan o‘quvlarda hamkasblari bilan o‘rtoqlashadilar.
Seminar so‘ngida trener-o‘qituvchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati