Shaxmat – tafakkur gultoji
Shu kunlarda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nafisa Mo‘minovaga Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan yurtimiz ayollari orasida birinchi bo‘lib, xalqaro grossmeyster unvonining berilishi barchamizni xushnud etib, qalblarimizda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
1990 yil 1 fevralda Farg‘onada tug‘ilib, voyaga yetgan Nafisa 4 yoshidan boshlab shaxmat o‘ynashni mashq qila boshladi. 2002 yilda o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, 2007 yilda Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona jahon chempionati ishtirokchisi, 2008 yilda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kumush medal sohibasi bo‘ldi. U bu yutuqlar bilan cheklanib qolmadi. 2010 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Guanchjoudagi Yozgi Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida ikkinchi o‘rinni egalladi. 2011 yilda I Markaziy Osiyo Kubogi va 2012 yil Toshkentda o‘tkazilgan “Toshkent open” xalqaro shaxmat turnirida g‘alaba qozondi. Hamisha o‘z ustida izlanib yangiliklarga intilib yashaydigan Nafisa 2009 yil xalqaro shaxmat ustasi unvoniga ega bo‘lgan edi. Ayni paytda u shaxmat bo‘yicha o‘zbekistonlik xotin-qizlar reytingini boshqarib bormoqda.
– Avvalambor, Sizni shaxmat sohasidagi bu oliy unvon bilan tabriklaymiz.
– Rahmat. Aslida grossmeysterlik talabini sohamizning eng nufuzli musobaqasi 2012 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida bajargan edim. O‘shanda mening sardorligimda Sarvinoz Qurbonboyeva, Nodira Nodirjonova, Hulkar Tohirjonova va Irina Gevorkyanlar O‘zbekiston sharafini himoya qilgan edik. Yaqinda esa Xalqaro Shaxmat federatsiyasi buni rasman tasdiqladi. Bu o‘zimnigina emas, balki barcha vatandoshlarimiz va muxlislarimizning yutug‘i, deb bilaman.
Aslida “xalqaro grossmeyster” unvonini FIDE rasmiy ravishda 1949 yilda ta’sis etgan. Bu unvon bilan erkaklar 1950 yildan, xotin-qizlar esa 1976 yildan mukofotlanib kelmoqda. O‘tgan yillar ichida ko‘plab shaxmatchilar bu unvonga sazovor bo‘ldi. Ular qatorida men kabi oddiy bir o‘zbek qizining ham borligidan va bizga mustaqillik sharofati tufayli o‘z salohiyatimizni ko‘rsatish imkoniyati yaratilganidan mamnunman.
– Mana shuncha yillardan buyon shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib kelasiz. 64 katakli taxta shaxmatchi uchun raqib bilan kurash olib boradigan sport maydonigina emas, balki uzoq yuriladigan hayot yo‘li hamdir. Shaxmatda eng qiyini nima?
– To‘g‘risi “qiyin” degan so‘zni ishlatishni yoqtirmayman. Hamma ishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Yiqilish hech narsa emas, qaytib turolmaslik – fojea. Fikrimcha, bu hayotga ham shaxmatga ham tegishli. Mag‘lubiyatdan so‘ng qaytib turib, yana maqsad sari odimlash har doim ham oson bo‘lavermaydi. Biroq, kurashib yashash, irodani bukmaslik, maqsad sari intilish insonni toblaydi.
Shaxmat aslida 64 katak atrofida va jonsiz predmetlar ishtirokida kechadigan o‘ta jonli jarayon. Bu o‘yinda millionlab kombinatsiyalar bo‘lishi mumkin. Ammo qabul qilinishi kerak bo‘lgan to‘g‘ri qaror faqat bittadir. Shu jihatdan uni insonning hayot va taqdir chiziqlariga mengzash mumkin. O‘ylamasdan, mantiqsiz qilingan birgina xato harakat raqib uchun mingta imkoniyat eshigini ochadi…
– Ba’zan davralarda shaxmat sport turiga kiradimi-kirmaydimi mavzuida ko‘pincha bahs ketib qoladi. Shaxmatni kishi ruhini chiniqtirishi, aqlini mustahkamlashi nuqtai nazaridan ham hech ikkilanmay sport turiga qo‘shish mumkin. Shunday emasmi?
– Qo‘shimchasiga jozibadorligi jihatidan esa haqiqiy san’at, desa ham bo‘laveradi. Murakkabligini esa fanga qiyoslash mumkin. Sport-san’at-fan uchburchagi shaxmatning tub mohiyatidir.
Shaxmat – tafakkur gultoji, qadri shu bois ham mudom balanddir. Uni sevmasang, boshqa barcha sport turlari kabi biror natijaga erishish dushvor. Afsuski, har qanday jamiyatda ham shaxmat bekorchi vaqtni o‘tkazishning samarali usuli, deb qaraydigan kimsalar ham istagancha topiladi va ularning fikri bilan shaxmatning obro‘yiga hech qachon putur yetmaydi, deb hisoblayman. Ammo yurtimizda shaxmatni tobora ommalashib borayotganini barchamiz his qilib turibmiz.
– Xalqaro grossmeysterlik unvoni Sizni bundan keyingi musobaqalardagi mas’uliyatingizni yanada oshiradi…
– Albatta. Xalqaro maydonlardagi musobaqalarda ishtirok etarkansan, mas’uliyat hissi hamisha bir necha marotaba yuqori bo‘ladi. Har bir yurishing, har bir dona surishing ortida nafaqat o‘zing va oilang, balki millat sha’ni va g‘ururi yotganini his qilib turasan. Yutqazsang faqat o‘zing uchun yutqazmaysan, yutsang ham yutuq birgina seniki bo‘lmaydi.
Hammani va har doim yutib bo‘lmaydi. Yutqazishlar hamisha bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo men eng muhim o‘yinlarda faqat yutishni istayman. Albatta, hozirga qadar mashhur shaxmatchi bo‘lishga emas, yaxshi shaxmatchi bo‘lishga harakat qilib keldim.
Barcha yosh shaxmatchilar uchun 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov ibrat maktabi bo‘la oladi. Uning go‘zal insoniy fazilatlari, erishgan eng yuqori natijalariga havas qilib yashaymiz.
– Aytingchi, musobaqalarga tayyorgarlikni qay tarzda olib borayapsiz? Muhim maqsadlaringizga erishish uchun sizga kim yordam beradi?
– Tez orada ilk yirik musobaqa – nufuzi tobora oshib borayotgan Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy “Toshkent open” turnirida ishtirok etaman. May oyida Osiyo chempionati boshlanadi. Shuningdek, bu yil Toshkentda xotin-qizlar o‘rtasida ilk bora Gran-pri turniri o‘tkaziladi.
Anand, Aronyan, Morozeivich, Topalov, Karlsen va Yudit Polgar (garchi bu dunyodagi eng kuchli ayol shaxmatchi bo‘lsada, raqobat erkaklarnikiga nisbatan kuchsizligi bois xotin-qizlar o‘rtasidagi chempionlik bahslarida hech qachon ishtirok etmagan edi) kabi jahon shaxmat yulduzlari o‘yinlarini qayta-qayta ko‘rayapman-o‘rganayapman. Eng kuchli raqiblar bilan o‘ynashning fayzi va gashti bo‘lakcha. Bunday bahslarga ularni individual o‘rgangan holda tayyorgarlik ko‘rish kerak. O‘z navbatida, ular ham seni o‘rganadi, variantlaringni bilib oladi. Shu bois qanchalik qiyin va qaltis bo‘lmasin hamisha yangi yo‘nalishda o‘yin ko‘rsatib borish kerak bo‘ladi. Bu o‘rinda shaxmatchining faqat o‘ziga xos debyut nazariyasi, ya’ni o‘yinni boshlash nazariyasini yaratish zaruriyati tobora dolzarblik kasb etayapti. Men bu borada izchil ishlayapman.
Menga o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Anton Fillipov yaqindan yordam berib kelmoqda. Aslida tayyorgarlik jarayoni shaxmat o‘yini bilan cheklanmaydi. Atrofingda kechadigan har bir kichik hodisa – uyquning ozgina buzilishi, taomni salgina noto‘g‘ri iste’mol qilish ham ruhiyatga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois tayyorgarlikni kompleks tarzda olib borayapman. Umuman olganda shaxmatchi o‘z “sport formasi”ni saqlab qolishi uchun asosiy musobaqalarga tayyorgarlik vaqtida kuniga 6-8 soatdan kam shug‘ullanmasligi kerak. Bosh maqsadim shubhasiz, ayollar o‘rtasida jahon chempioni va jamoaviy tarzda olimpiada chempioni bo‘lish.
Tarixga nazar solsak, 1927 yildan buyon ayollar o‘rtasida jahon chempionatlari o‘tkazib kelinadi. Buyuk Britaniyalik Vera Menchik (1927-1944) ayollar o‘rtasida ilk jahon chempioni bo‘lgan edi. Sobiq Ittifoqdan Lyudmila Rudenko (1949-53), Yelizaveta Bikova (1953-1962), Nona Gaprindashvili (1962-1978), Maya Chiburdanidze (1978-1991) uzoq yillar shaxmat tojini hech kimga bermay kelgan bo‘lsa, 1991-2004 yillarda asosan, xitoylik ayollar (Se Szyun, Chju Chen, Syuy Yuyxua)ning qo‘li baland keldi.
Hozir esa bir shaxsning uzoq va barqaror chempionlik qilish davri tugaganga o‘xshaydi. Bu ayollar shaxmat birinchiligida raqobat muhitining yanada kuchaygani bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Bolgariyalik Antoaneta Stefanova (2004-2006), rossiyalik Aleksandra Kostenyuk (2008-2010), xitoylik Xou Ifan (2010-2011), ukrainalik Anna Ushenina (2012)ning chempion sifatida katta sahnaga chiqishi ham, final bahslarining qiziqarli va keskin kechayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Men bu to‘rttala shaxmatchining deyarli barcha o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatib kelayapman. Ayrimlari bilan xalqaro musobaqalarda uchrashganman va hatto g‘alaba qozonganman. O‘tgan yili finalda Ushenina va Stefanovani bahslarini diqqat bilan tomosha qilar ekanman, jahon birinchiligida g‘olib bo‘lish uchun menda ham barcha imkoniyatlar bor, degan to‘la ishonch paydo bo‘la boshladi.
FIDE Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zosi bo‘lsada, biroq, shu paytgacha shaxmat olimpiada sport turlariga qo‘shilmagan. Ammo sayyoramizda har ikki yilda bir marotaba alohida jamoaviy shaxmat olimpiadasi o‘tkazib kelinadi.
Jamoaviy o‘yinlarda barcha ishtirokchining saviya va imkoniyati, salohiyat va kuchi bir-biriga mos bo‘lmasa uzil-kesil yakuniy muvaffaqiyat qozonish qiyin. Shu bois murabbiylarimiz xotin-qizlar o‘rtasida yaxlit va mukammal, mutanosib jamoani shakllantirishga intilayapti. Natijada terma jamoamiz yildan yilga yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etib borayapti. Masalan, 2010 yil Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahri mezbonlik qilgan 39-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 115 davlat vakillari orasidan 30-o‘rinni egallagan edik. O‘tgan yili Istambulda 120 terma jamoa orasidan 21-o‘rinni egalladik. Keyingi yili bundan ham ijobiy natijaga erishishimiz uchun hech narsa bizga to‘sqinlik qila olmaydi deb o‘ylayman.
– Siz yaqinda bir nashrda yurtimizda shaxmatni yanada rivojlantirish uchun professional shaxmat klublari, O‘zbekiston professional shaxmat ligasini tashkil qilish kerak, degan fikrni bildirdingiz. Bu qanday mexanizmda ishlaydi? Umuman shaxmatni yanada ommalashtirish uchun yana qanday takliflar bildirasiz?
– Yurtboshimiz Islom Karimovning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan 2004 yilda Rustam Qosimjonovning shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishi mamlakatimizda bu sport turini yangi bosqichga ko‘tarishga, uni keng ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shdi. Hozirgacha Toshkentda ancha katta shaxmat musobaqalari o‘tkazildi. Oramizda turli yoshda shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari paydo bo‘ldi. Shaxmat rivojlangan davlatlarda jamoaviy, klublar o‘rtasida shaxmat ligalari mavjud va buni bizda ham joriy etish vaqti yetganga o‘xshaydi.
– So‘nggi paytlarda oilangiz a’zolari shaxmatda Tohirjonovalar sulolasi sifatida tanilib borayapti…
– Yaratganga shukr, dadam va onam bizga har doim madadkor, suyanchiq. Dadam shaxmat sir-asrorlarini yaxshi tushunadi. Singillarim Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar ham asta-sekin kamolotga yetishib borayapti. So‘nggi yillarda Hulkar ancha ko‘zga tashlanib qoldi, hozir FIDE ustasi hisoblanadi. Balki u ham tez orada xalqaro grossmeyster bo‘lib qolsa ajablanmayman. Gulruhbegimga ham tajriba orttirishi uchun oilada hamma imkoniyatlar mavjud. 2011 yil Braziliyada 18 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Hozir o‘z tengqurlari orasida yetakchilardan. Biz mashqlarda bir-birimizga yordam beramiz.
Shu fursatdan foydalanib, Qo‘qon shaxmat klubida 9 yoshimdan tayyorlagan murabbiy, marhum Anvarjon Aliyevni yod etishni istardim. Menga bu oqqo‘ngil va tajribali ustozim ko‘p yaxshiliklar qilgan. Farg‘ona viloyati Bolalar va o‘smirlar sport o‘yinlari maktabi va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutidagi ustozlarimga ham katta rahmat aytaman.
– Muxlislarga tilaklaringiz?
– Niyatim har bir yurtdoshim uyiga shaxmat kirib borsin, yoshlarimiz sog‘lom va barkamol, eng asosiysi yurtimiz doimo tinch va oilalarimiz mustahkam bo‘lsin!
A.Hasan suhbatlashdi