Umr saodati – yaxshilik
Inson umri o‘ziga xos pastu balandliklardan, mashaqqatli sinovlardan iborat. Ana shu sinovlarni mardanovor yengib o‘tish kishidan cheksiz matonat, tinimsiz mehnat, sabr va qanoat talab etadi. Filologiya fanlari doktori, professor Rahimjon Vohidov ham ilm yo‘lidagi izlanishlarini igna bilan quduq qazishdek mashaqqatlar evaziga amalga oshirgan.
1942 yilda Buxoro viloyatining Jondor tumanida tavallud topgan ustoz o‘rta maktabni tamomlab, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida tahsil oladi. Universitetni muvaffaqiyatli tugatgach, R.Vohidov dastlab maktabda ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq beradi. Keyinchalik, Buxoro davlat universitetida o‘qituvchi, so‘ngra “O‘zbek adabiyoti kafedrasi” mudiri, “O‘zbek filologiyasi” fakulteti dekani vazifalarida ishlagan. Rahimjon akaning mehnat va ijtimoiy faoliyati bevosita Buxoro davlat universiteti bilan bog‘liq.
Rahimjon Vohidovning 150 dan ziyod ilmiy maqolalari, bir qator kitoblari chop etilgan. Ustozning keng qamrovli ilmiy mushohadalari o‘quvchini aslo befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, adabiy manbaalarni tahlil qilar ekan, mumtoz adiblarimiz yashagan davrlar xususiyati, adabiy muhit, an’ana, uslubiy o‘ziga xoslik kabi masalalar ustida mulohaza yuritib, muhim fikrlarni aytgan. Rahimjon Vohidov asarlari turli mavzularda yozilgan. Ular orasida mumtoz adabiyotimizning buyuk siymolari ijodiga bag‘ishlanganlari ham adabiy aloqalar va qiyosiy adabiyotshunoslik masalalariga doir o‘rganganlari ham, ilohiyot va she’riyat aloqadorligini ilmiy tadqiqoti ham bor. Ustoz Navoiy ijodi borasida izlanishlar olib borib, e’tiborga loyiq tadqiqotlar yaratdi va navoiyshunoslar qatoridan munosib joy egalladi. “Alisher Navoiyning ikki durdonasi”, “Alisher Navoiyning ijod maktabi”, “Alisher Navoiy va ilohiyot”, “Ma’naviyat – komillik saodati” kabi bir qator ilmiy asarlari shular jumlasidandir.
Tinimsiz izlanishni xush ko‘rgan Rahimjon aka Zahiriddin Muhammad Bobur, Nizomiy Ganjaviy, Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Fitrat kabi allomalar haqida ham ko‘plab maqolalar va risolalar chop ettirgan.
Ustoz ham forsiy, ham turkiy mumtoz adabiyotni o‘zaro qiyoslab, tahlilu talqin eta oladigan zabardast olim edi. Rahimjon akaning yoshlarga bo‘lgan doimiy e’tibori bois uning ilmiy rahbarligida o‘ndan ortiq mutaxassis nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Rahimjon Vohidov shogirdlari davrasida ilmiy munozaralar, yangi mavzular bilan hoziru nozir edi. Talabchan pedagog o‘z navbatida talabalarga g‘amxo‘r, shu bilan birga eng yaqin maslahatchi ham edi. Talabalar bilan ishlash hamisha unga zavq bag‘ishlar, ular bilan badiiy kechalar, ilmiy to‘garaklar, suhbatlar o‘tkazardi.Tabiatan xushmuomala, odamoxun bo‘lgani bois atrofi hamisha yoshlar bilan gavjum bo‘lardi. Ularning quvonchidan ko‘ngli tog‘ qadar yuksalsa, g‘am-tashvishiga yelkadosh edi.
Ha, kamtarin, to‘g‘ri so‘z va mehnatkash ilm fidoyisi Rahimjon Vohidovning ko‘plab shogirdlari bugun sevimli ustozlarining ezgu ishlarini davom ettirishmoqda. Hayotda kishining necha yil umr ko‘rgani emas qanday yashagani muhim.
Ustoz rafiqasi Muborak aya bilan yetti nafar oqil farzandlarni el koriga yaraydigan ziyoli insonlar qilib tarbiyalashdi.
Rahimjon Vohidov bugun oramizda yo‘q. Ammo olimning qalamiga mansub asarlar adabiyotimiz xazinasiga qo‘shilgan munosib tuhfadir. Bir so‘z bilan aytganda ustozning bosib o‘tgan hayot yo‘li nurlarga yo‘g‘rilgan. Zero, yaxshilar yodi hamisha yaxshi so‘zlar bilan xotirlanadi. Har bir inson o‘zidan so‘ng yaxshi nom qoldirishi uning umri saodati mezonidir. Bu esa ezgulikning abadiyatga daxldorligidan, darak beradi.
Nazzora BEKOVA,
filologiya fanlari nomzodi