Xalq salomatligiga kamarbastalik
Bekobod shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi faoliyatiga bir nazar
Mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, aholi salomatligini saqlash, yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalash hamda ularni turli yuqumli kasalliklardan muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.
Bekobod shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi o‘tgan 2016 yilda “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hamda Vazirlar Mahkamasining “Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringini ta’minlash bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi yig‘ilishi” bayoni yuzasidan e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish, botulizm kasalligini oldini olish maqsadida shahar hokimligining alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, shahar dehqon bozoriga DSENM xodimlari doimiy biriktirilib, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi ta’qiqlandi. Qolaversa, aholi o‘rtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish to‘g‘risida targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
– Jamoamiz doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni ma’suliyat bilan bajarib kelmoqda. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning o‘tgan birinchi chorak davrida mutaxassislar o‘rtasida amaldagi sanitariya me’yor qoidalariga rioya etish va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda sanitariya targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida aholi orasida ovqatdan o‘tkir zaharlanish va botulizm kasalliklari nisbatan qayd etilmadi. Shuningdek, shahar hududidagi mavjud 33 ta mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining olib borilishini nazorat qilish, fuqarolar o‘rtasida sanitariya-epidemiologik tushuntirish ishlari bo‘yicha choralar yanada kuchaytirildi, – deydi shahar DSENM rahbari Sharif Tojiboyev.
Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Ushbu qoidaga amal qilgan holda bozor hududi va bozordan tashqarida, yo‘l va yo‘laklarda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan qo‘lbola oziq-ovqat mahsulotlarining sotilishini ta’qiqlash bo‘yicha sanitariya tavsiyanomalari berilib, ushbu holatni nazorat qilishga malakali mutaxassislar biriktirildi. Bojxona postlaridan davlat hisobiga o‘tkazilgan tovar moddiy boyliklarining iste’molga yaroqli-yaroqsizligi to‘g‘risida sanitariya xulosalari berib borilmoqda. Bu o‘z navbatida aholi o‘rtasida turli xastaliklar tarqalishini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat DSENM xodimlari hamkorligida “O‘zmetkombinat” AJ, “Bekobodsement”AJ, “OTMK” AJ rahbarlari va nooziq-ovqat ishlab chiqarish korxona ishchi-xizmatchilari uchun “Ishchi xodimlarni zaharli omillardan saqlanishi”, “Dastlabki va davriy tibbiy ko‘rik”, “Botulizm”, “Yod tanqisligi”, “Virusli gepatit”, “OITS kasalligi” bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Aytish joizki, markazda yoshlarga kasb mahoratini o‘rgatish – “Ustoz-shogird” an’analari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ishga qabul qilingan yoshlarga haftada malakali mutaxassislar tomonidan o‘quv seminarlari olib borilishi natijasida 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimi oliy toifaga ega bo‘lib, 2 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ixtisoslashtirildi.
Shuningdek, laboratoriya xodimlaridan 6 nafari “O‘zstandart” agentligi, Standartlashtirish, meterologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot instituti malaka oshirish markazi tomonidan o‘tkazilgan “Mahsulotni sinashning qonuniy va me’yoriy-huquqiy asoslari” malaka oshirish kursida o‘qib, tegishli guvohnomaga ega bo‘ldilar. Markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tadbirkorlarni o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa olishlari uchun doimiy xizmatni keng yo‘lga qo‘ygan.
Shuningdek, yaqinda o‘tkazilgan Navro‘z xalq sayli munosabati bilan shahar hududining ozodaligi ta’minlanib, tadbirlarning sermazmun o‘tkazilishiga erishildi.
Maryam AHMEDOVA