Korrupsiya – taraqqiyotga to‘siq
Xalq ta’limi vazirligida xalq ta’limi tizimida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda byudjet intizomiga rioya etish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati videoselektor shaklida o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ichki ishlar, Moliya vazirliklari, Bosh prokuratura mas’ul xodimlari, hududiy muassasa va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, Bosh prokuratura prokurori K.Musoshayxov, Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i J.Abruyev va boshqalar ta’lim muassasalari faoliyatida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish choralari, poraxo‘rlik va uning oqibatlari, byudjet intizomiga rioya qilish va moliyaviy tartibbuzarliklarni bartaraf etish masalalarida so‘z yuritdi.
Toshkent moliya instituti professori S.Mehmonovning ta’lim muassasalarida hisob siyosatini yuritishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzasi hisobchi va iqtisodchilar uchun foydali bo‘ldi. Shuningdek, tadbirni hududiy studiyalardan kuzatib borgan ishtirokchilar ta’lim tizimida uchrayotgan korrupsiya va iqtisodiy huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish etish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati