Vatanni ulug‘lash – yuksak sharaf

Ayol va bahor egizaklarga o‘xshaydi. Ularning uyg‘un sifatu jihatlari ko‘p: go‘zallik, nafosat, mayinlik… Bahorning aynan ayollar bayrami bilan boshlanishida ham chuqur ma’no mujassam.

Shu kunlarda xalqimiz mehr-muhabbat ayyomi bo‘lmish Navro‘zni katta tantana bilan nishonlamoqda. Tog‘larni gullar atriga burkagan navbahor nasimi hamal kirganini, qut-baraka va to‘kin-sochinlik pallasi boshlanganini anglatadi. Ariq bo‘ylarida yalpiz-u chuchmoma terayotgan qizaloqlar yuz-ko‘zidagi xush kayfiyat momolar duosi bilan dillarga ko‘chadi. Yaqindagina ana shu qizaloqlar kabi bahor shamoli bilan quvlashib yurgan parkentlik Dilnoza Rahmatova ham orzular pillapoyasidan ko‘tarilib, bugun erishgan muvaffaqiyatlari bilan ota-onasi, ustozlari faxriga aylandi.

Dilnoza bolaligidan suv sportiga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Qizidagi ishtiyoqni ko‘rgan Bakir Ahmedov uni Chirchiq olimpiya zaxiralari maktabiga olib bordi. Bu yerdagi saboqlar qizaloqning sportga bo‘lgan mehrini yanada oshirdi. Ayniqsa, baydarka va kanoeda eshkak eshish bilan shug‘ullanish orqali uning bolalikdagi orzulari ushaldi. Ustozi Rustam Mirzadiyorov rahbarligida tinimsiz mashq qilgan Dilnoza tez orada mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

U 2012 yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Samarqand yulduzlari” xalqaro musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2013 yil Kanadada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtiroki esa yosh sportchi qiz uchun xalqaro miqyosdagi g‘alabalarga poydevor bo‘ldi. Ayniqsa, 2015 yil uning uchun omadli keldi. Shu yili Ukraina, Fransiya, Portugaliya davlatlarida o‘tkazilgan Jahon kubogi musobaqalari hamda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

– Dilnoza tirishqoqligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadi, – deydi baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiyi Rustam Mirzadiyorov. – Uning shijoatini, maqsad sari intilishini ko‘rib, qoyil qolaman. Men ana shunday shogirdim borligi bilan faxrlanaman.

Dilnoza bugungacha bir necha karra O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida zafar quchgan. Xususan, 2016 yil Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo kubogi bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa joriy yil may oyida Vengriya va Serbiya davlatlarida bo‘ladigan jahon kubogi musobaqalari hamda Ruminiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati oldidan o‘ziga bo‘lgan ishonchning ortishiga yordam beradi.

Sport bilan bir qatorda adabiyotga ham mehri baland qahramonimiz she’r va maqolalari bilan matbuot nashrlarida muntazam qatnashib turadi. Joriy yil Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritgan Dilnoza uchun imkoniyatlar eshigi yanada kengroq ochildi.

Yana o‘qing:  Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatida bo‘ldi

– Baxt bu Vatanda qadrlanish, xalqning ishonchi va mehrini har qadamda his etish hamda ana shu e’tiborga loyiq bo‘lib, yurt nomini sharaflashdir, – deydi Dilnoza Rahmatova. – Mamlakatimizda biz yoshlarning jismoniy va ma’naviy sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli bugun ko‘plab yutuqlarga erishdim. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishim, davlatimizning yuksak g‘amxo‘rligi, tinimsiz izlanishlar samarasi, deb bilaman. Biz yoshlar ana shu ishonchni oqlash maqsadida o‘z bilim va iqtidorimizni ona Vatanimizning gullab-yashnashi uchun safarbar etamiz. Chunki, hech bir davlat o‘z qizlarini O‘zbekistonchalik sevmaydi, e’zozlamaydi.

Inson umrini bejiz oqar suvga qiyoslashmaydi. Hayotning qaytmas daqiqalarini mazmunli o‘tkazish yoki uni behuda sarflash har kimning o‘ziga havola. Bilganimiz shuki, ezgu maqsad sari intilgan odamning har oni fayzli, kelajagi porloq bo‘ladi.

 

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: