Iqtidorli yoshlar ixtirolari
xalq hayoti farovonligi va yurt taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib ulushdir
Poytaxtimizdagi Turin politexnika universiteti yurtimizdagi eng nufuzli bilim yurtlaridan biri bo‘lib, oliygoh 2009 yil O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qarori bilan tashkil etilgan.
Universitetning bosh maqsadi yurtimizning avtomobilsozlik, mashinasozlik, elektronika, energetika sohalari uchun xalqaro talablarga hamda O‘zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi maqsad va vazifalariga mos keluvchi yuqori malakali muttaxassislar tayyorlashdan iborat.
Quvonarlisi, o‘tgan qisqa vaqt davomida oliygoh talabalari qator ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalarda o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etib, muntazam ravishda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri “Arxitektura va sanoatda qurilish” yo‘nalishining I bosqich talabasi Durbek G‘afurovdir. U O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish fondi ko‘magi va “O‘zinfokom” markazi va boshqa tashkilotlarning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi internet tashabbusi” tanlovida g‘olib bo‘ldi.
– Tanlovda o‘zimning yangi – “uqish.uz” deb nomlangan loyiham bilan ishtirok etdim. Ushbu veb-saytda darsni o‘zlashtirishga qiynalayotgan maktab o‘quvchilari va universitet talabalari turli interaktiv o‘yinlar va qiziqarli savol-javoblar orqali o‘z bilimlarini mustahkamlaydi, – deydi D. G‘afurov. – Hozirga qadar saytga matematika darsligi joylashtirilib, har bir mavzu uchun alohida videolavhalar va ular asosida o‘yinlar ishlab chiqildi. Dasturning afzalligi shundaki, undan har kim istalgan vaqtda foydalanishi mumkin.
Joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan “Yosh ixtirochilar” ko‘rik – tanlovida mazkur oliygohning “Mashinasozlik texnologiyasi” yo‘nalishi III bosqich talabasi Toirxo‘ja Mahammatxo‘jayev o‘zining “Xavfsiz uy” loyihasi bilan ishtirok etdi. Yakunda uning ijodiy ishi hakamlar hay’ati tomonidan “Eng yaxshi loyiha” deb topildi.
– Dunyoning ko‘pgina davlatlarida “aqlli uylar” qurilgan. Loyihamning ulardan ajralib turadigan farqli jihati, mening “uy”larimga gaz sensori o‘rnatiladi. Agar xonadonda gaz va u bilan bog‘liq xavf yuzaga kelganda, ushbu qurilma darhol muammoni bartaraf etadi. Sensor plita va trubalarga o‘rnatilib, gaz hidi chiqishi bilan oynalarga ochilish buyrug‘ini beradi va xona havosi almashtiriladi. Bu bilan yong‘inning oldi olinadi. Sensordan foydalanishda barcha fizik hodisalar hisobga olingan, – deydi Toirxo‘ja Mahammatxo‘jayev.
“Cempo.uz”. Ushbu noodatiy so‘zning ma’nosi sizni ham qiziqtirib qo‘ygan bo‘lsa, ajab emas. Bu atama italyan tilidan tarjima qilinganda “oromgoh” degan ma’noni anglatar ekan. Shu nomli loyiha bilan universitetning bir guruh izlanuvchan talabalari – Rahmatullo Mirzotillayev, Azizbek Hamdamov, Avzalxo‘ja Abrorxo‘jayev, Behzod Nuriddinov, Bobur Asrorov va Faxriddin Musayevlar o‘tgan yil oxirida “Yoshlar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan milliy internet tanlovida faol ishtirok etdi.
– Universitetimizga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yurtimizdagi barcha oromgohlar haqida to‘liq ma’lumot beruvchi maxsus sayt yaratib berishni so‘rab, xat yuborilgan edi. Shundan so‘ng uch kun ichida ushbu loyihani ishlab chiqdik, – deydi sayt yaratuvchilaridan biri Azizbek Hamdamov. – Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida sayt orqali chiptalar sotilishi hamda narxlarni arzonlashtirishtiruvchi chegirmalar joriy qilingan. Ya’ni, saytda o‘tkaziladigan turli tanlovlar orqali foydalanuvchiga sovg‘a tariqasida maxsus bonuslar beriladi. Ular yil davomida yig‘ib boriladi va mavsum kelganda chiptalarni chegirma bilan xarid qilishga yordam beradi.
2017 yil yanvar oyidan universitet qoshida yangi guruh tashkil etildi. Jamoaga magistratura bosqichini Italiyada tamomlagan Ikrom Qambarov rahbarlik qilmoqda. Hozirda guruh a’zolari – Abdurahim Nabijonov, Nodirjon Yusupov, Muhammadsodiq Abdurahmonov, Shorasul Shoazimov hamda Jasurbek G‘ayratovlar ikkita loyiha ustida ish olib borishmoqda.
– Texnik ishlarimizni shu yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan “Innovatsion g‘oyalar” ko‘rgazmasida taqdim etishni maqsad qilganmiz. Birinchi loyihamiz yangi avtomobil dizayni bo‘lib, yaqin kunlar ichida uni universitetimizdagi “Texnopark”da sinovdan o‘tkazamiz. Texnik ishlanmamiz O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqqan holda hamyonbop va qulay tarzda ishlab chiqilgan. O‘zbek oilalari ko‘p farzandli bo‘lgani uchun avtomobilda o‘rindiqlarga keng joy ajratilgan. Keyinchalik esa uni elektromobilga aylantirmoqchimiz. Chunki, bu ekologik jihatdan foydalidir. Nasib bo‘lsa, O‘zbekistonda birinchi yangi ekoavtomobilni ishlab chiqish niyatidamiz, – deydi Jasurbek G‘ayratov.
– Bilamizki, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xorijda talab juda katta. Shu bois, sohada ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida xo‘jalik robotini yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Uning vazifasi inson uchun zararli bo‘lgan kimyoviy dori vositalari va o‘g‘itlarni ekin maydonlariga sepishdan iborat. Bundan tashqari robot urug‘ ekishga ham moslashtirilgan. Loyiha mobil telefonlar orqali WI-FI modulida boshqariladi. Hozirda uni yig‘ish jarayoni olib borilmoqda, – deydi Abdurahim Nabijonov.
Ushbu oliygohning har bir ilmu tolibi iqtidorli va bilimga chanqoq yoshlardir. Ishonamizki, ular o‘zi yaratayotgan ixtirolar, loyihalar bilan kelajakda ona Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadilar.
Dilfuza JAMOLOVA,
O‘zMU talabasi