Xonadonlarimiz fayzi farishtalari
Keksalarni e’zozlash ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi. Turmushning achchiq-chuchugini totgan donishmand insonlarning hayot tajribasini o‘rganish, ularning pand-u nasihatlariga doimo amal qilish esa oqilona ishdir.
Quvonarlisi, mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarning turmush sharoitini yaxshilash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, katta avlod vakillarining yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashdagi ishtirokini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda ularning hayotiy tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bosh Qomusimizning 66-moddasida ham ota-onani hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish farzandlar uchun majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda keksalarga g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Chunki, turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar, olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida ularning betimsol fidoyiliklari yotibdi. Quvonarlisi, keyingi 25 yil mobaynida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 67 yoshdan 73,5 yoshgacha, shu jumladan, erkaklar 66 yoshdan 71 yoshgacha, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi esa 70 yoshdan 75,8 yoshgacha ortdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 28 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. – Xususan, nuroniylarga yaratilgan imkoniyatlar qatorida I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish belgilangani, ularning xalq oldidagi xizmatlariga berilgan munosib bahodir.
Asrlar davomida shakllangan oila qadriyati millatimiz uchun tom ma’nodagi ma’naviy meroski, uni hech qanday moddiyat bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Xonadonimiz ko‘rki bo‘lgan bobo va buvijonlarimiz qanoti ostida farzandlarimizning ulg‘ayib, kamol topishida esa ko‘p hikmat mujassam. Bu hikmatlar ulug‘ yoshdagi keksalarimizning o‘zbekona tutimlari, oila a’zolarining xulq-atvoridagi go‘zal sifat va fazilatlarda namoyon bo‘ladi. Shu bois, keksalarimiz hayoti farovonligi yo‘lida qabul qilinayotgan qonun va farmonlar bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.
Prezidentimizning “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yilning fevral oyidan boshlab O‘zbekistonda barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda berilishi pensionerlar uchun yanada qulaylik yaratdi.
– Qabul qilinayotgan hujjatlarda keksalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, ularning salomatligini mustahkamlash yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Fan, ta’lim, ma’daniyat va sport masalalari” qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gavhar Alimova. – Xususan, endi keksa yoshdagi shaxslarni to‘lovsiz davolash va sog‘lomlashtirish, yangi sanatoriya-davolash muassasalari qurish va mavjudlarida keksalarning bepul dam olishini ta’minlash, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlarga asosiy oziq-ovqatlar, gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar berish tizimli asosda yo‘lga qo‘yiladi. Yurtimizdagi “Saxovat” va “Muruvvat” uylarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash orqali bu maskanlarda istiqomat qilayotgan yoshi ulug‘ insonlarning turmush darajasi yanada yaxshilanadi. Bundan tashqari pensiya yoshidagi fuqarolarga nafaqaga chiqishidan oldin moddiy yordam berish, ularni sovg‘a-salomlar bilan taqdirlash kabi tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar o‘z navbatida nuroniy keksalarimizni jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.
Sahifani Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi.