“Navro‘z sadolari” III xalqaro musiqa festivali

yangi iste’dodlarni kashf etdi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Navro‘z sadolari” III xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, “Kamolot” YOIH va yana bir qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda yurtimizdan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlaridan kelgan yosh musiqachilar o‘z iste’dodini namoyish etdi.

Mamlakatimizda yangidan-yangi bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat maskanlarining barpo etilishi, san’atning turli yo‘nalishi bo‘yicha muntazam o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, ijodiy loyihalar, festivallar milliy musiqa san’atining ko‘p asrlik an’analarini boyitish va uni jahon tajribasi asosida yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga ta’lim jarayonining isloh qilinishi, o‘qitish metodikasi takomillashtirilishi o‘z samarasini berayotir. Innovatsion ishlanmalar, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni sohaga joriy etish eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlar qatoridan o‘rin olmoqda. Bu o‘z navbatida farzandlarimiz orasidan yangi-yangi nomlarning kashf etilishiga xizmat qilmoqda.

 Aytish kerakki, bu galgi festival ko‘p ovozli ijro shaklini rivojlantirish va yanada ommalashtirishga qaratildi.

Tadbirda katta orkestr jamoalari bilan bir qatorda kichik ansambl guruhlarining ishtirok etishiga alohida e’tibor berildi. Bu orqali respublikamizning chekka-chekka hududlarida ijod qilib kelayotgan turli yoshdagi ijodkorlar qamrab olindi.

– Biz Tojikiston Respublikasi Xo‘jand viloyatidan keldik. Tadbirga musiqa o‘qituvchisi Dilshod Hamroqulov rahbarligida o‘zbek va tojik kompozitorlari asarlarini tayyorlagan edik. Quvonarlisi, shogirdlarim “Ko‘p ovozli ansambl” yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritishdi, – deydi Zamira Jo‘rayeva.

– Bu yilgi festival avvalgilariga qaraganda o‘zgacha ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar sonining ko‘pligi bois, chinakam iste’dod egalarini saralab olish oson bo‘lmadi. Yakunda o‘quvchilarim birinchi o‘rin va I darajali diplom bilan taqdirlandi, – deydi Andijon viloyatidagi 7-sonli musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining “Shodlik” ansambli rahbari Gulnoza To‘xtasinova. – Bu yutuqlarimizning bari yoshlarimizga yaratilib berilayotgan imkoniyatlar natijasi deb bilaman. Tilagim yurtimizga hech qachon ko‘z tegmasin.

Festival yakunida g‘olib ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  DEFEKTOLOGLAR SEMINARIDA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: