Farishta momomning sarishtalik saboqlari

Rahmatli momom har gal biznikiga mehmonga kelganlarida, avvalo, akalarim va menga zimdan razm solardi. Garchi, kasbi shifokor bo‘lmasa-da, tabiblik xislati bor momo bo‘ylarimiz qanchaga cho‘zilgani, rang-ro‘yimizdan sog‘ yoki behol ekanimizni bilishga urinardi.

Ko‘ngli taskin topsa, oyimni alqar, xafa bo‘lganda esa bizlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirardi. Kezi kelganda uning oyimga tanbeh berganlarini eshitib, hayron bo‘lardim. Endilikda o‘zim ham ona bo‘lib, turmush tashvishlari, farzand tarbiyasida momolarimiz ko‘magiga muhtoj bo‘lishimizni tushunib yetdim.

Onalardan qizlarga meros bo‘lib kelayotgan haqiqiy Sharq ayollariga xos ezgu fazilatlar hamisha bardavom bo‘ladi. Jumladan, ro‘zg‘orni qanday tutishni momolarimiz bizdan ko‘ra yaxshi bilishadi. Ulardan oddiygina ko‘rpachalarni tartib bilan, gulini guliga, rangini rangiga moslab yig‘ishni o‘rganasiz.

Momom sandiq qayerda turishi kerak, qaysi gilam qayerga to‘shalishi lozim, ko‘rpalar uyning qay tomoniga yig‘ilishi zarur – barchasini har gal erinmasdan tushuntirardi. O‘sha kezlarda beixtiyor, ularning did-farosatlariga qoyil qolardim. Farishta momojonim maslahatlari bilan uyimiz yanada fayzli bo‘lar edi. Ular bu ishlarni ayol kishining ziynati deb bilardi. Oila qurgan nevara qizlarining turmush o‘rtoqlarini ismi bilan chaqirishini uyat sanardi. Shuning uchun qayinaka, qayinuka, qayinopa hamda singillarni ismi bilan emas, ularni o‘zlariga xos xislat va fazilatlari bilan yoki boshqa bir ism bilan chaqiringlar, deya qayta-qayta tayinlardi. “Qaynotangdan hamisha uyal, qaynonangning izzatini qil, ularga yaxshi munosabatda bo‘l”, derdi. “Uyingni, farzandlaringni shunday ozoda tutginki, sendan birov jahllanib tursa-da, bularni ko‘rib, ko‘ngli yumshasin. Ayniqsa, erkaklar ozodalikni, chiroyni xush ko‘rishadi”, deb nasihat qilganlari hamon yodimda.

Momom rahmatli mana shu pandlarini to umrining so‘nggigacha nevara-yu chevaralardan darig‘ tutmadi. Aslida barcha o‘zbek onalarining ezgu tilagi, amali ham shudir. Axir, bejizga Sharq ayollarining hayo-ibosi, latofati, milliylik ufurgan odobi alohida e’tirof etilmaydi.

 

Mayna HASANOVA

Yana o‘qing:  Oqibat

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: