HUNAR – EL ZIYNATI
Kishi tabiati qiziq. Hamisha shirin xotiralarni sog‘inib yashaydi. Qaysi yurtni ziyorat qilmasin, qayerga bormasin, albatta, shu yerdan mo‘jazgina esdalik sovg‘a va buyumlarni xarid qilishga shoshiladi.
Xonadonimizning bir burchagida ham dadam bir nechta davlatlarga uyushtirgan sayohatlardan esdalik sifatida olib kelgan ajib va ko‘rkam sovg‘alar talaygina. Turmush o‘rtog‘i bilan pishib yetilgan sholini aravaga ortib, mamnuniyat bilan boqib turgan xitoy millatiga mansub yigitchadan tortib, Misr ehromlarini yodga soluvchi kichik osori-atiqalar. Eng qizig‘i, har bir mahsulot yuksak did va mahorat bilan ishlangan-ki, unda millatning o‘zligi, dunyoqarashi, o‘sha yurt insonlarining tabiati, fe’l-atvori, sarhad bilmas qalbining kengliklari mujassam.
Vodiyning Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, kulol Iminjon akaning yaratgan bejrim ijodiy ishlari ham xorijlik mehmonlar uchun shirin xotira bo‘lsa ajab emas. Bu inson vodiylik Qosimovlar sulolasining beshinchi avlodi hisoblanadi. Katta arava qayerdan borsa, kichigi ham o‘sha yo‘ldan yuradi, deganlaridek, Iminjon aka bobomeros hunarning kishini hayratga solguvchi mo‘jizaviy sirlarini qunt bilan o‘rganib, uni umrboqiy qadriyat bilib, e’zozlab kelayotgan usta sifatida ma’lum va mashhurdir.
Buyuklardan biri aytgan ekan: “Kasb xazinadir uni topa bilmoq lozim”. O‘z xazinasining posboni bo‘lgan Iminjon aka ona zaminnning tuprog‘idan saralab, unga ishlov berishni boshlaydi. Ustaning aytishicha yaratilgan har bir mahsulotning nihoyatda nafis bo‘lishining birinchi siri bu sof tuproqni tanlay bilishda ekan. Usta kulol Rishtondan keltirilgan asl tuproqdan turfa xildagi, bir-birini takrorlamaydigan naqshlardan iborat sopol idishlar va turli ko‘rinishdagi haykalchalar yaratadi. Usta yaratayotgan aksariyat haykalchalarda nuroniy va mo‘ysafid keksalarning qiyofasiga urg‘u beradi. Buning sababini so‘raganimda usta: – Keksalik bu donishmandlik ramzidir. Unda teran dunyoqarash, salmoqli o‘y-fikrlar mujassam. O‘zbek xalqi ham o‘tmishi uzoqlarga borib taqaladigan, dunyoda yuksak ilmiy salohiyati va madaniyati bilan o‘ziga xos o‘rinni egallagan qadimiy millat sirasiga kiradi, – deya javob berdi.
Iminjon yaratgan choyxonalardagi mo‘ysafid, qalbi qaynoq keksalarning ajib gurungida bobolarimizning eldagi e’zozi, supra sahnidagi cholu kampirning shirin suhbatida oiladagi farovonlik va ko‘ngil obodligi, yurt polizlarida quyosh nuriga to‘yinib yetilgan tarvuz-qovunlarini arvasiga ortgan kishining qiyofasida esa elning to‘kin-sochinligi, dasturxoning qut-barakasi tasvirlangan. Chindan ham, har bir yaratilgan haykalcha shunchaki sopoldan ishlangan ishlov emas, balki o‘zbek halqining sodda, samimiy qiyofasi aks ettirilgan bir dunyodir.
Iminjon aka bobomeros rang tayyorlash usuli orqali bo‘yoqlarni taxt qilib, echki yungidan tayyorlangan mo‘yqalam bilan tasavvuridagilarni sopolda aks ettiradi. Bu esa yaratilgan mo‘jizaga teng san’at asarining qadr-qimmatini yanada oshiradi.
Ustaning kulolchilikda uch yuzga yaqin ijodiy ishlari bo‘lsa, pichoqchilik sohasida ikki yuzga yaqin turdagi mehnat mahsuli bordir.
Iminjon Qosimov shu mehnati orqali rafiqasi Muhabbat opa bilan uch qizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Qizlarini uzatib, bobo-buvi nomiga musharraf bo‘lishdi.
Ustaning enga katta yutug‘i uning bu sohada tarbiyalagan o‘ttizdan ortiq bir-biridan tajribali, mohir shogirdlaridir. Ularning turli ko‘rgazma va tanlovlardagi ishtiroki va yutug‘i bevosita ustaga berilgan katta unvondir.
Ma’rifat TOLIPOVA