BOLA KULGUSI – OLAM BEZAGI
“Emishki, chaqaloq yuzidagi ilk tabassumni farishtalar uyg‘otar ekan. Ona bag‘rida ko‘z ochib dunyo yuzini ko‘rgan shu mittigina vujud ulg‘ayib, ne-ne ezgu ishlarni amalga oshirmaydi, deysiz. Ular buyuklar avlodi, ertamizning munosib vorislari, unib-o‘sib kamolga yetsin, deydi bolajon xalqimiz. Bir qo‘lida go‘dagini bir qo‘lida dunyoni tebratayotgan ona siymosi qanchalar muqaddas. Chaqaloq yotgan beshikning baxmal yoping‘ichidan tortib, unga osib qo‘yilgan bejirim tumoru bir shoda ko‘zmunchoqda dil tafti, tengsiz sof niyatlar mujassam.
Egizak qizlari Fotima va Zuhra tug‘ilganida Nosir aka va Shohida opaning qalbi bir olam shodlikka to‘lgan edi. Oradan yillar o‘tib, maktabni muvaffaqiyatli tugatgan qizlar shifokorlik kasbiga mehr qo‘yishdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi (avvalgi Toshkent davlat tibbiyot instituti) da tahsil olgan Fotima-Zuhralar endilikda qo‘li yengil shifokor sifatida el orasida e’zoz topmoqda. Oilada olti nafar tibbiyot xodimi kamolga yetganidan ota-onaning quvonchi cheksiz.
“O‘tkir yuqumli virusli infeksiyalarda homiladorlikni kechishini o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan Zuhra Najimova internaturani poytaxtdagi 6-tug‘ruqxonada o‘tadi. So‘ngra Toshkent shahridagi 8- tug‘ruqxonada ayollar maslahatxonasi shifokori hamda tug‘ruq bo‘limi shifokori, keyin esa 2-tug‘ruq majmuasida davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari, 9-tug‘ruq kompleksida bosh shifokor va 1998 yildan boshlab esa Toshkent shahar 2-tug‘ruq majmuasida bosh shifokor vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu shifo maskaniga kiraverishdagi saranjom-sarishtalik, dov-daraxtlarning bir tekis oqlangani ko‘zni quvontiradi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan 186 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur tug‘ruq kompleksida ayni vaqtda 12 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatadi. Klinik tashxis poliklinikasi, klinik biokimyo laboratoriyasi, tug‘ruq, qon quyish, reanimatsiya kabi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘limlarning shifokorlari aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash yo‘lida beminnat xizmat qilmoqda.
Bizni ochiq chehra bilan qarshilagan tug‘ruq kompleksi rahbari Zuhra Najimova olib borilayotgan ishlar xususida qo‘yidagilarni so‘zlab berdi:
– Yurtimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Tibbiyot sohasida qabul qilingan “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi hamda “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Davlat Dasturi to‘g‘risida“gi qarorlarga mufoviq tug‘ruq kompleksimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Tug‘ruq jarayonida bexatar onalik tamoyillariga amal qilgan holda to‘g‘ri tashxis qo‘yish birinchi galdagi vazifamiz. Bu borada Olmazor tumanidagi bir qator oilaviy poliklinikalar bilan hamkorlikda ish olib borayapmiz. Shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining “Akusherlik va ginekologiya” kafedrasining ham nazariy ham amaliy jihatdan berayotgan ko‘magi qo‘l kelmoqda.
Ma’lumki, har bir ayol yiliga ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Har oy malakali shifokorlar jalb etilgan holda muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Salomatlik haftasi”da fertil yoshdagi ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ular aniqlangan kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirilmoqda.
Tug‘ruqxona kompleksida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qarorlariga asosan ichki qarorlar ishlab chiqilgan. Joylarda “Ona suti bilan boqishning ahamiyati”, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning zarari xususida” kabi mavzularda bir qator davra suhbatlari o‘tkazildi. Feruza Normatova, Tatyana Puzanova, Ma’mura Xalilova, Isomiddin Mamadaliyev, Dilfuza Mahmudova, Alixon Jalolov singari malakali shifokorlar yosh kadrlarga haqli ravishda ustozlik qilishmoqda. O‘tgan ikki yil davomida onalar o‘limi qayd etilmagani, bolalar o‘limining keskin kamaygani olib borayotgan izlanishlarimiz samarasidir. Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi. Homilador ayolning yaqinlari unga qancha g‘amxo‘rlik ko‘rsatishsa, kelgusida o‘z nasllarining salomatligini saqlagan bo‘lishadi.
Bugungi muborak Navro‘zi ayyom kunlarida xalqimizning boshi omon bo‘lsin. Onalar sog‘lom, farzandlar barkamol bo‘lib voyaga yetsin. Yurtimiz tinchligiga, hayotimiz faravonligiga aslo ko‘z tegmasin!
Darhaqiqat, turmush o‘rtog‘i bilan ikki nafar farzandini el koriga yaraydigan yetuk mutaxassislar qilib tarbiyalab, nabiralarining mehribon buvisiga aylangan yuzlab xonadonlarga chaqaloq kulgusini ulashayotgan Zuhra opa oilasini, ham sevgan kasbini birdek ardoqlab kelmoqda. Biz esa ertasini bugundan ko‘ra olayotgan Zuhra Najimova rahbarligidagi Olmazor tuman 2-tug‘ruq majmuasi jamoasining el-yurt sog‘lig‘i borasidagi xayrli ishlarida rivoj tilaymiz.
Jamila HAYDAROVA