Yoshlar bandligi ta’minlanadi
Jizzax viloyati G‘allaorol tibbiyot kollejida hamshiralik ishi, davolash ishi, farmatsevtika, stomatologiya va tibbiy profilaktika yo‘nalishida kichik mutaxassislar tayyorlanadi.
1 ming 740 dan ortiq o‘g‘il-qiz saboq olayotgan muassasada samarali ta’lim uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Yosh tarixchi”, “Yosh iqtisodchi”, “Yosh jarroh”, “Yosh fizik”, “Yosh kimyogar”, “Shifo”, “Oilaviy hayot ummoni” kabi to‘garaklar ishlab turibdi.
Kollejni joriy o‘quv yilida 498 o‘quvchi tamomlaydi. Bitiruvchilar ta’limdan so‘ng G‘allaorol, Baxmal, Forish, Jizzax, Paxtakor tumanlaridagi tibbiyot muassasalarida mehnat faoliyatini boshlaydi.
Sh.NAZAROV,
O‘zA