Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan
Ajdodlarimizning hayotiy tajribalari, bilimlari milliy an’ana va udumlari og‘zaki shaklda bizgacha yetib kelgan. Axborotlarning yaxlit bir marosim sifatida kelishi ko‘rgan ko‘zga, eshitgan quloqqa va ko‘ngil xotirasiga oson singadi. Ikkinchi tomondan har qanday jamoaviy tadbirda odamlar bir ezgu niyat bilan birlashsa, ularda juda katta quvvat jamlanadi. Nimaki, odamning ko‘nglida kechsa, tabiatga ham ko‘chadi. Ya’ni, odamlar o‘z quvvatlari bilan tabiatga ta’sir o‘tkazamiz, deb o‘ylashgan. Chunki, ular tabiatdan o‘zlarini ajratmaganlar.
Inson ham ona tabiatning farzandi hisoblanadi. Bundan tashqari xalq e’tiqodiga ko‘ra, ayni ko‘klam kirib, qish ketadigan payt, ya’ni Navro‘z vaqtida shunday bir soniya bo‘lar ekan-ki, butun tabiat xuddi shu soniyada simobday qalqir ekan, erir ekan. Xalq bu hodisani naql qilib aytgan.
Ko‘klamning darakchisi sifatida boychechak olingan. Qadimda, aynan mana shu tasavvurlarning barchasini birlashtirib turadigan “Boychechak” marosimi bo‘lgan. Ba’zi bir qo‘shiqlar, marosimlarning ildizlari hozirgi kunlarda ham deyarli barcha viloyatlarda, ayrimlarida marosim shaklida, ba’zilarida esa faqat qo‘shiq shaklida saqlanib qolgan.
Boychechak haqidagi dastlabki ma’lumotni ulug‘ shoir Abdulhamid Cho‘lpon ijodida uchratamiz. Uning 1925 yilda Andijonda yozilgan bir she’ri «Boychechak» deb nomlanadi:
Boychechakning bolasi,
Ochdi yuzini,
Suvga chiqqan xolasi
Ko‘rdi qizini!
Boychechakning bolasi
Yetimcha bir qiz.
Uning o‘gay onasi,
Juda yomon, tez!
Boychechakning bolasi
Yulib olindi.
Yurtning ko‘zi olasi,
Juda sevindi!
Boychechakning bolasi,
Har uyda kuldi.
Go‘daklarning xaltasi,
Non bilan to‘ldi!
Mazkur she’r bir qaraganda anchayin sodda tuyuladi. Lekin bu faqatgina yuzaki qaraganda shunday. She’rning oxirgi to‘rtligida shoir Cho‘lpon o‘zi guvoh bo‘lgan “Boychechak” marosimi haqida xabar bermoqda.
Qish va bahor kurashar
Qish uzoq cho‘zilib, ko‘klam kelishi intiqlik bilan kutilganda “Boychechak” marosimi o‘tkazilgan. Bu marosim ulus hayotida muhim sanalgan va unga maxsus tayyorgarlik ko‘rilgan. Marosimda so‘z komponentining nisbatan tugal holatda saqlanib qolgani shundan darak beradi. Dastavval, kattalar ijrosida o‘tkazilgan bu marosim keyinchalik bolalar folklori ko‘rinishini olgan. Zero, unutilgan ko‘pgina marosimlarning izlari aynan bolalar folklori tarkibida saqlanib qolgan.
Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondi,
Ayroningdan bermasang,
Qozon-tovog‘ing vayrondi.
Qattiq yerdan qatalab
chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab
chiqqan boychechak.
G‘arbning “oltin butoq”i
J.Frezer o‘zining “Oltin butoq” kitobida aynan O‘zbekistondagi “Boychechak” marosimiga o‘xshash marosimni eslatuvchi yevropaliklarning “Birinchi may” odatini keltirgan. Frezerning ta’kidlashicha, shu kuni yosh qizlar mayni ulug‘lovchi qo‘shiqlar aytib, uyma-uy yurishgan. Har bir xonadon sohibi ularga pul yoki biror yegulik ulashgan.
Respublikamizning janubiy viloyatlaridan yozib olingan boshqa ma’lumotlar esa Cho‘lponning “Boychechak” she’riga yanada oydinlik kiritadi. Ya’ni, boychechak tergani chiqqan bolalar dastlabki, birinchi boychechakni ko‘rganda uni oyog‘i bilan bosib, toptab tashlaganlaridan so‘nggina, boshqa boychechaklarni avaylab terishga tushganlar. Boshqa bir ma’lumotda esa dastlabki boychechak yulib olinib, daryoga otilgan. Bu o‘rinda har ikki holatda ham boychechak muqaddas sanalib, ham “qurbonlik” qilinmoqda.
“Boychechak” marosimining qanday o‘tganini tasavvur etish uchun uni o‘zimizda mavjud boshqa mavsumiy marosimlar bilan qiyoslash zarur bo‘ladi. Negaki, ko‘pchilik mavsumiy marosimlarning mazmun-mohiyati, o‘tkazilish tartibi, bir-biriga deyarli uyg‘un keladi. Bunga asosiy sabab tabiatda sehrli kuch mavjud deb ishonish, uning hodisalarini jonli deb tasavvur qilish hamda mavsumiy marosimlar asosan ikki fasl – qish va ko‘klam haqidagi qarashlardan kelib chiqadi.
Xonadon sohiblari boychechak jarchilariga ataganlarini berishadi. Lekin hech kimga “ko‘p berding” yoki “kam berding”, deyilmaydi. Har kim bolalarga qurbi yetganicha ehson qilishgan.
Boychechak aytgan bilan to‘yamizmi,
Qadimgilar odatini qo‘yamizmi?
Bo-oychechak,
bo-oychechak,
bo-oychechak …
Jarchi bolalar shu kechasi qishloqning barcha xonadonlarini kezib chiqishadi. Barcha xonadonda bahor darakchisini yuz — ko‘zga surtib, unga ehtirom bajo keltirishadi, yana bir bahorga yetkazgani uchun Olloh taologa shukronalar aytishadi.
Boychechak to‘yi…
Bu to‘yning daragi barchani quvontiradi. Ayniqsa, to‘y kuni ertalabdanoq bayramona kiyingan bolalar qishloq qir-adirlari tomon yugurishadi: Bugun “Boychechak to‘yi”!..
To‘y dasturxoni bahoriy taomlar bilan bezatilgan. Lekin, asosiysi, bu yerda bahorni sog‘ingan odamlarning quvonchu shodliklari hukmron bo‘ladi. Odamlar bu to‘yga bahorning ilk qadamini qutlagani kelishadi: “Omin, yanagi yil, yanagi shu kunlarga, yanagi yil “boychechak to‘y”lariga yetkazsin…”
“Boychechak to‘yi” barchani quvontiradi. Jumladan, kattalarni ham. Chunki, bahorning ilk elchisi o‘zi bilan birga umid va ishonch yellarini ham olib keladi.
O‘tgan asrning o‘rtalarida bu bahorgi marosim qishloq tashqarisidagi adirliklarda o‘tkazilgan. Odamlar bu to‘ylarni qish iskanjasidan qutulib, bahorga keng quchoq ochayotgan tabiat bag‘rida nishonlashgan. O‘sha mahallarda ham odamlar boychechak jarchilariga uylarida borini berishgan: birov turshak, birov mayiz, yana boshqasi arpa, bug‘doy va hokazo. “Boychechak to‘yi”ning asosiy taomi esa halim va go‘ja bo‘lgan.
Har yili yangi hisob bilan fevral oyining o‘rtalarida, bahor hali kirib kelmagan, lekin uning vujudlarni yayratuvchi iliq nafasi sezila boshlagan va sariq libos kiygan jajji elchilari – boychechaklar bahorni intiqib sog‘ingan qir-adirlarga qadam qo‘ygan ko‘klam oldi kunlarining birida chekka-chekka qishloqlarida “Boychechak to‘yi” bo‘lib o‘tadi. Qishloq ahli ota-bobolardan meros qolgan ushbu udumni har yili nishonlashadi. Boychechak qo‘shig‘i esa unutilmasdan avloddan avlodga o‘tib kelaveradi. Zero, qalbida hamisha UMID va ISHONCH yashab kelayotgan xalq ezgulik timsoli bo‘lgan boychechak bilan bog‘liq udumni unutmas.
Navro‘z NORBOBOYEV